$
 12149.84
7.74
 14003.91
-76.07
 151.10
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

O'zbekistonning "ochiq" va "yopiq" tashkilotlari

Ochiqlik

2023-yilning eng ochiq davlat tashkiloti Statistika agentligi, eng yopiq davlat tashkiloti esa Andijon viloyati hokimligi bo‘ldi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining Ochiqlikni taʼminlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholash komissiyasining yig‘ilishida aytib o'tildi.

84 ta baholash mezoni, 8 ta indikator 

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan ikkinchi bor eʼlon qilinayotgan Ochiqlik indeksi 84 ta baholash mezonidan tarkib topgan 8 ta indikator asosida shakllantirilib kelinmoqda. Indeksda samaradorlik ko‘rsatkichlari 71 balldan 100 ballgacha to‘plaganlar - “yashil”, 55 balldan 71 ballgacha bo‘lganlar - “sariq” va 55 balldan past ko‘rsatkich qayd etganlar - “qizil” toifalarga kiritiladi.

Jami 103 ta davlat tashkiloti qamrab olindi

Bu yilgi baholashda jami 103 ta (2022 yilda – 86 ta) respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari – vazirlik, qo‘mita, agentlik, inspeksiyalar va mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati qamrab olindi. Yakuniy natijalar keng jamoatchilik uchun index.anticorruption.uz plaftformasiga ochiq joylashtirildi. 

31 ta davlat organi "yashil"da

Komissiya majlisida ochiqlikni taʼminlash faoliyatini baholashda bevosita ishtirok etgan davlat organlarining har bir baholash indikatori bo‘yicha hisoboti eshitilib, 2023-yil uchun Ochiqlik indeksi bo‘yicha komissiyaning yakuniy qarori qabul qilindi.

Baholash natijalariga ko‘ra, 31 ta davlat organi “yashil” (71-100 ball), 43 tasi “sariq” (55-71 ball) va 29 tasi “qizil” (55 balldan past) samaradorlik ko‘rsatkichlarini qayd etgan.


"Qizil"larda ijobiy o'zgarish

Tahlillar ko‘rsatishicha, faoliyat samaradorligi “yashil” toifadagi davlat idoralari soni o‘tgan yilga nisbatan 16 taga (13 %ga) ortgan. Eʼtiborlisi, 2022 yil yakuni bo‘yicha “qizil” toifaga kiritilgan qator davlat idoralarida keskin ijobiy o‘sish kuzatilgan. “O‘zsuvtaʼminot” AJ - 81 ball (2022 yilda – 47 ball), “Turonbank” ATB – 78 ball (2022 yilda 53 ball), “O‘zbekiston metallurgiya kombinati” AJ - 77 ball (2022 yilda 48 ball), “Hududgaztaʼminot” AJ – 75 ball (2022 yilda 52 ball) bilan bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

12 ta davlat idorasi tomonidan 100 foizli natija

Natijalar indikatorlar kesimida avvalgi yilga nisbatan solishtirilganda sezilarli ijobiy o‘zgarishlar Korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va ularning oldini olishda ochiqlik tamoyillaridan foydalanish hamda Ochiq maʼlumotlar portalida maʼlumotlar joylashtirilishi kabi yo‘nalishlarda qayd etilgan. Jumladan, Ochiq maʼlumotlar portalida maʼlumotlar joylashtirilishini baholash mezoni talablari ijrosi 12 ta davlat idorasi tomonidan 100 foizli natija bilan bajarilgan. Yoki, Jamoatchilik kengashining faoliyati samaradorligini baholash mezoni talablari 6 ta davlat idorasi tomonidan to‘liq bajarilib, ushbu yo‘nalishdagi faoliyat ochiqligi taʼminlangan.

Eng yuqori natijalar

Ochiqlik indeksida eng yuqori natija O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi (88 ball), “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ (86 ball), Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi (86 ball), “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ (84 ball) va Xorazm viloyati hokimligi (84 ball) tomonidan qayd etilgan.

Nima qilish kerak?

Baholash komissiyasi tomonidan Ochiqlik indeksi natijalari asosida ochiqlikni taʼminlashda yo‘l qo‘yilayotgan tizimli kamchiliklarni tahlil qilish va bartaraf etish, shuningdek, bu boradagi faoliyatni yana-da yaxshilash bo‘yicha vazifa va maqsadlar belgilab olindi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qaroriga muvofiq, “yashil” toifadagi davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikni taʼminlash sohasidagi ijobiy tajribasi ommalashtiriladi.

“Sariq” toifadagi davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikni taʼminlash sohasidagi faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilib, ularni amalga oshirishga amaliy ko‘maklashiladi.

“Qizil” toifada baholanganlariga qonunchilikda belgilangan tartibda intizomiy jazo chorasini qo‘llash yuzasidan taklif kiritish, ochiqlikni taʼminlashda yo‘l qo‘yilayotgan tizimli kamchiliklarni o‘rganish, bartaraf etish hamda ularning ushbu yo‘nalishdagi faoliyatini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish ko‘zda tutilmoqda.

Теги :
Jamiyat