O‘tgan yili Amudaryo eng ko‘p qaysi davlatning chanqog‘ini qondirgan?
2023-yilda Amudaryo, Afg‘onistonni hisobga olmaganda, uchta davlatga jami 47,58 kub kilometr suv bergan.
2 daqiqa o‘qiladi

“Meteojurnal” 2023-yil bo‘yicha Amudaryoning hisob-kitoblarini taqdim etdi. Unga ko‘ra, daryo o‘tgan yili Afg‘onistonni hisobga olmaganda, uchta davlatga jami 47,58 kub kilometr suv bergan.
Rekordchi Turkmaniston
Statistika shuni ko‘rsatadiki, ushbu daryodan suv olish bo‘yicha eng ko‘p ulush Turkmanistonga tegishli. Qo‘shni davlat Amudaryodan jami suvning 42 foizi, ya‘ni 19,9 kub kilometrdan ko‘proq suv olgan.
O‘zbekiston ulushi qancha?
Shuningdek, O‘zbekiston daryo suvining 38,4 foizi, taxminan, 18,3 km kubini, Tojikiston tomoni esa 9,4 km kubdan ortiqroq hajm bilan 19,8 foizini iste’mol qilgan.
Afg‘oniston-chi?
“Meteojurnal” bu borada yana bir “sohil davlat” – Afg‘oniston bo‘yicha aniq ma‘lumotlarni qo‘lga kiritolmagan. Ammo daryodan suv olish bo‘yicha Afg‘oniston, hech bo‘lmaganda, 4-o‘rinda bo‘lishini taxmin qiladi.
Turkmaniston rekordchiligi mantiqsiz
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, mintaqada aholi soni eng kam bo‘lishiga qaramay Amudaryo suvidan eng ko‘p foydalanayotgan Turkmaniston bo’lgan. Nashr esa, bunda suvdan foydalanish nihoyatda samarasiz kechayotganini ta’kidlamoqda. Unga ko‘ra, rasmiy ma‘lumotlarda Turkmanistonning aholisi 7 mln, mustaqil hisob-kitoblarga ko‘ra esa 5 mln dan kopligi aytiladigan mamlakatning 2023-yilda Amudaryodan suv olishi aholi jon boshiga 6 ming 741,7 metr kubga to‘g‘ri keladi.
“Bu ko‘rsatkich bo‘yicha Turkmaniston mintaqadagi barcha qo‘shni davlatlardan oldinda, butun dunyoda rekordchilardan biri hisoblanadi” – deyiladi xabarda.
Ilova: Saytning ichki qismidagi kirill yozuviga asoslangan rukn va ma’lumotlar tez kunda yangilanadi.



