$
 12950.03
-20.16
 13505.59
-66.42
 142.53
0.33
weather
+26
Кечаси   +14°
woodtech

Osiyo chempionligini qo‘lga kiritgan amputant futbolchilar yana e’tibordan chetda qolmoqda

amputantlar

“Gap sovg‘ada emas. Gap insonning unutilishida. O‘zbekistonda, Xudo ko‘rsatmasin, qo‘l yoki oyoqdan ayrilsangiz yoki shunday tug‘ilgan bo‘lsangiz, siz unutilasiz.” 

Bu gaplarni SUBYEKTIV YouTube kanali sobiq boshlovchisi va bloger Jamshidxon Ziyoxonov o‘zining Instagram sahifasida qoldirdi. Uning e’tirozlari bejiz emas. 12-fevral kuni O‘zbekiston amputantlar terma jamoasi Osiyo chempioni bo‘ldi. Ular 6:0 hisobidagi yirik g‘alaba bilan qit’ani zabt etdi. Qayd etish lozim, amputantlar futboli bo‘yicha Osiyo chempionati ilk bor tashkil etildi va O‘zbekiston terma jamoasi birinchi chempion sifatida tarixga kirdi. Biroq ularning jasorati “paxta” bilan cheklangani ko‘pchilikni hayratga solmoqda.

Sportga milliardlar ajratiladi, asl qahramonlar esa unutiladi

Bangladesh poytaxti Dakka shahrida o‘tgan Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi Indoneziya ustidan yirik g‘alaba qozondi va qit’aning eng kuchli jamoasi sifatida e’tirof etildi. Ular 14-fevral kuni vatanga qaytishdi. Toshkent xalqaro aeroportida ularni gullar va tabassum bilan kutib olishdi, lekin… mukofot yo‘q.

Bloger Ziyoxonov ushbu vaziyatdan hafsalasi pir bo‘lib, amputantlar jamoasining murabbiyi bilan yozishmalarini e’lon qildi.

“O‘zbekistonda korrupsiya bor. Buni hamma biladi. Har yili sportga milliardlab pullar ajratiladi. Lekin bu pullar sportchilar rag‘batiga emas, kimgadir cho‘ntagini qappaytirishga ishlatiladi. Haqiqiy munosib insonlarga kelganda – bir so‘m ham yo‘q.” – deydi Ziyoxonov.

Jamshidxon Ziyoxonov 2023-yilda SUBYEKTIV loyihasi uchun amputantlar terma jamoasi haqida maxsus ko‘rsatuv tayyorlagan edi. O‘shanda ham shunga o‘xshash mavzu ko‘tarilgandi:

“2011-yilda O‘zbekistonning 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar terma jamoasi chorak finalga chiqqani uchun Spark avtomobillari bilan taqdirlangan. Amputantlar esa besh marta jahon chempioni bo‘ldi, Osiyo kubogini yutdi. Ammo ularga hatto moddiy rag‘bat ham yo‘q.”

Rasmiylar holatga izoh bermadi

Osiyo chempionligi, bo‘lganda ham, ilk bor o‘tkazilgan turnirda tarixiy g‘alabaga erishish – har kimga ham nasib qilmaydigan yutuq. Prezident Shavkat Mirziyoyev ham 13-fevral kuni Yoshlar bilan muloqotda amputant futbolchilarimizga minnatdorchilik bildirib, ularning jasoratini e’tirof etgan edi. Ammo davlat rahbarining tabrigi ham, xalqning e’tirofi ham ularga rasmiy mukofot olib bera olmayapti. Gap mukofotda emas, gap e’tiborda. Xo‘sh, sportga milliardlab mablag‘ ajratilayotgan mamlakatda imkoniyati cheklangan chempionlar ham shunga yarasha qadrlanishi kerak emasmi?

Теги :
Jamiyat