$
 12169.41
36.93
 14359.90
-0.1
 158.95
-0.14
weather
+26
Кечаси   +14°

Ozarbayjon prezidenti qo‘riqchilari AQShda mojarolar markazida qoldi

-

Vashington markazida xalqaro miqyosdagi mojaro yuzaga keldi. 19-fevral kuni tushdan so‘ng “Waldorf Astoria” mehmonxonasi yaqinida namoyishchilar va faollar tomonidan Ozarbayjon prezidenti xavfsizlik xizmati xodimlari deb ko‘rsatilayotgan shaxslar o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘ldi.

Bu haqda The Washington Post gazetasi xabar bermoqda. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, voqea Oq uydan bor-yo‘g‘i bir necha kvartal uzoqlikda yuz bergan.

Videotasvirlarda nimalar aks etgan?

Ijtimoiy tarmoqlarda voqea joyidan olingan videolar tez tarqaldi. Kadrlarda rasmiy kostyum kiygan erkaklarning namoyishchilar bilan jismoniy to‘qnashuvga kirishgani ko‘rinadi. Biroq, videotasvirlar orqali to‘qnashuv ishtirokchilarining shaxsini aniq belgilashning imkoni yo‘q.

Hodisa mehmonxona hududidan tashqarida yuz bergan. Mehmonxonani boshqaruvchi Hilton kompaniyasi vakili ushbu hodisaga muassasa xodimlarining aloqasi yo‘qligini ma’lum qildi.

Jabrlanuvchilar hujum haqida gapirmoqda

Aksiya ishtirokchilaridan biri, 27 yoshli Rahim Yoqubluning ta’kidlashicha, u jag‘ qismiga zarba yegan va qorniga bir necha bor tepilgan. Namoyishchilarning so‘zlariga ko‘ra, kamida yana to‘rt kishi tan jarohati olgan. Jabrlanganlarga voqea joyida tibbiy yordam ko‘rsatilgan, shifoxonaga yotqizishga ehtiyoj qolmagan. Yoqublu, shuningdek, politsiya xodimlari yaqin atrofda bo‘lgani, biroq mojaroga aralashmaganini iddao qildi.

Amerika rasmiylarining munosabati

Politsiya vakili Tom Linch voqea joyida maxsus politsiya bo‘linmasi va AQSh Maxfiy xizmati xodimlari bo‘lganini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hodisa Ozarbayjon xavfsizlik xizmati vakillariga daxldor bo‘lgani sababli, ish ko‘rib chiqish uchun AQSh Davlat departamentiga oshirilgan.

Boku diplomatlari vaziyatga munosabat bildirib ulgurishdi. Elchixona bayonotida aytilishicha, namoyishchilar go‘yoki agressiv harakat qilgan va hatto qo‘riqlanadigan hudud hamda prezident avtomobiliga yaqinlashishga urinishgan, natijada xavfsizlik xizmati aralashishga majbur bolvgan. Elchixona talqiniga ko‘ra, xavfsizlik xodimlari protokol doirasida ish tutgan va davlat rahbarining xavfsizligini ta’minlagan.

Siyosiy manzara

Rahimning otasi — muxolifatchi siyosatchi Tofiq Yoqublu 2025-yilda firibgarlik va hujjatlarni qalbakilashtirish ayblovlari bilan to‘qqiz yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Amnesty International xalqaro huquqni muhofaza qilish tashkiloti uni “vijdon tutquni” deb tan olgan.

Kechga yaqin mehmonxona oldida to‘qnashuv izlari qolmagan. Shu kunlarda AQSh poytaxtida Tinchlik kengashi yig‘ilishiga kelgan xorijiy delegatsiyalar bo‘lib turibdi, bu esa yuz bergan hodisaga qo‘shimcha diplomatik ahamiyat bag‘ishlamoqda.

Mazkur voqea keng jamoatchilik rezonansiga sabab bo‘ldi va uning davom etishi ehtimoli yuqori — yakuniy xulosalar endilikda Amerika rasmiylarining pozitsiyasiga bog‘liq bo‘ladi.

Теги :
Jamiyat