$
 12805.09
-10.04
 13889.68
-8.33
 133.10
-0.1
weather
+26
Кечаси   +14°

Aliment undirish bo‘yicha murojaatlar o‘tgan yilgiga qaraganda 23,3 foizga oshgan

aliment

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati xabar berishicha, 2024-yilning 9 oyi davomida Ombudsmanga aliment undirish bo‘yicha 370 ta murojaat kelib tushgan. Ular soni 2023-yilning shu davriga nisbatan 23,3 foizga oshgan. Ushbu murojaatlarning o‘rganilishi natijasida voyaga yetmagan farzandlari ta’minoti uchun 286 mln. 477 ming so‘mdan ortiq aliment to‘lovlari undirilishi ta’minlangan.

Aliment to‘lamagan fuqarolar javobgarlikka tortilgan

Bunda 8 ta holatda aliment to‘lamagan qonunbuzarlar ma’muriy javobgarlikka tortilgan, 5 ta holatda esa aybdor-qarzdorlarga jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, sud hukmi bilan jazo tayinlanishi belgilangan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 77-moddasiga ko‘ra, ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, ta’lim olishi, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar.

Aliment to‘lamaslik qanday oqibatlarga olib keladi?

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 474-moddasiga ko‘ra, voyaga yetmagan farzandining ta’minoti uchun alimentlarni o‘z vaqtida to‘lamagan shaxslarga 15 sutka qamoq yoki BHMning 20 baravari miqdorida jarima, shuningdek, 120 soatgacha haq to‘lanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etish jazosi qo‘llanishi mumkin.

Birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan shaxs, agar u ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rish jarayonida aliment majburiyatlari bo‘yicha qarzdorlikni ixtiyoriy ravishda to‘lagan bo‘lsa, javobgarlikdan ozod etiladi. Qarzdorlarga nisbatan ma’muriy jazo qo‘llanilganidan so‘ng ham aliment to‘lash majburiyati bajarilmasa, bu ularni jinoiy javobgarlikka tortishga asos bo‘ladi.

Aliment to‘lovlari jamg‘armasi orqali qarzdorlikni qoplash tartibi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 3-avgustdagi qarori bilan tasdiqlangan “Aliment to‘lovlari jamg‘armasi to‘g‘risida”gi Nizomga ko‘ra, voyaga yetmagan farzandini moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlaganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan qarzdordan jinoyat ishlari bo‘yicha suddan kelib tushgan aliment to‘lovlaridan yuzaga kelgan qarzdorlikni undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati bo‘yicha davlat ijrochisi tomonidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan undirish choralari ko‘riladi.

Qonunchilik hujjatlarida belgilangan barcha choralar natijasiz bo‘lgan taqdirda, davlat ijrochisi tomonidan aliment to‘lovlarini qoplab berish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi hamda ikki ish kunidan kechiktirilmagan holda to‘lovlar amalga oshiriladi.