$
 11970.68
36.04
 13902.75
6.06
 163.18
-0.96
weather
+26
Кечаси   +14°

1,6 milliard dollarlik kurort mojarosi: Trampning kuyoviga tegishli loyiha Albaniyada noroziliklarga sabab bo’ldi

albaniya

Albaniyada yirik qurilish loyihasi katta mojaroga sabab bo‘ldi. Donald Trampning kuyovi Jared Kushnerga aloqador kompaniya Adriatika dengizi bo‘yida hashamatli kurort qurishni rejalashtirmoqda. Hukumat bu loyihani investitsiya va yangi ish o‘rinlari manbai sifatida ko‘rayotgan bo‘lsa, ekologlar va mahalliy aholi noyob tabiat yo‘q bo‘lib ketishidan xavotirda. Minglab odamlar ko‘chalarga chiqib, hukumatdan qurilishni to‘xtatishni talab qildi.

Xo‘sh, Albaniyani ikkiga bo‘lib yuborgan bu loyiha nimasi bilan shunchalik bahsli?

Qo‘riqlanadigan hududda milliardlik loyiha

Mojaro markazida Jared Kushnerga tegishli “Affinity Partners” investitsiya kompaniyasining loyihasi turibdi. Kompaniya Adriatika dengizi bo‘yidagi Vyose-Narta qo‘riqlanadigan hududi yaqinida yirik kurort majmuasi qurishni rejalashtirgan. Bundan tashqari, Albaniya hukumati 2024-yil dekabrida bir vaqtlar suvosti kemalarining maxfiy harbiy bazasi bo‘lgan kimsasiz Sazan orolida ham qurilish boshlash uchun dastlab ruxsat bergan.

Loyihaga ko‘ra, bu hududda minglab villalar, mehmonxonalar va dam olish maskanlari barpo etiladi. New York Times ma’lumotiga ko‘ra, kurort tarkibida 6 ming xonali mehmonxona va villalar bo‘lishi mumkin. Ekologlarning hisoblashicha, bu deyarli 10 ming xonali yangi shaharga teng bo‘ladi.

“Millat sotilmaydi”

2-iyun kuni Tirana markazida minglab odamlar namoyishga chiqdi. Ular bosh vazir Edi Rama idorasi oldiga yig‘ilib, “Millat sotilmaydi” va “Albaniya Dubayga aylanishini xohlamayman” degan yozuvli plakatlarni ko‘tardi.

Noroziliklar ayniqsa so‘nggi kunlarda kuchaydi. Quruvchilar loyiha hududiga katta tikanli sim to‘siqlar o‘rnatib, texnikalarni olib kirgan. Mahalliy aholi qum tepaliklari buzilayotganini, yangi yo‘llar ochilganini ko‘rib, vaziyatga qarshi chiqishni boshlagan.

30-may kuni yuzlab namoyishchilar va xususiy qo‘riqchilar o‘rtasida to‘qnashuv yuz berdi. Ayrim odamlar jarohat oldi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda odamlarning bir-biriga loy otayotgani, ayrimlarning esa qum ustida sudrab ketilayotgani aks etgan.

Flamingolar, tyulenlar va toshbaqalar xavf ostidami?

Vyose-Narta hududi oddiy plyaj emas. Bu yer 405 gektarlik qo‘riqlanadigan hudud bo‘lib, flamingolar, tyulenlar va dengiz toshbaqalari yashaydigan noyob maskan hisoblanadi.

Ekologlarning aytishicha, loyiha amalga oshsa, nafaqat hayvonlarning yashash joylari, balki yuzlab gektar tabiiy plyajlar ham yo‘qolib ketishi mumkin. Albaniya Ornitologiya jamiyati rahbari Taulant Bino yana bir muhim savolni o‘rtaga tashladi. Uning aytishicha, bunday katta qurilish uchun zarur bo‘lgan atrof-muhitga ta’sirni baholash hujjatlari jamoatchilikka ko‘rsatilmagan.

Aprel oyidan beri namoyishchilar qurilish rejalashtirilgan Zvernes yarim orolida muntazam yig‘ilishlar o‘tkazib kelmoqda. Ular bu loyiha ortidan yana boshqa qurilishlar ham boshlanishidan xavotirda.

Hukumat ortga chekinmayapti

Albaniya bosh vaziri Edi Rama esa loyihani qat’iy qo‘llab-quvvatlamoqda. Uning aytishicha, bu loyiha turizmni rivojlantirish, xorijiy investorlarni jalb qilish va mamlakat iqtisodiyotiga yangi imkoniyatlar yaratadi. Rama hatto bu hududni O‘rta yer dengizining eng jozibali maskanlaridan biriga aylantirish rejalashtirilayotganini ham aytgan.

U muxolifatning “hukumat Trampning kuyoviga alohida imtiyoz bermoqda” degan tanqidlarini ham rad etdi. Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, Albaniya investorlarni qo‘rqitadigan davlat sifatida tanilmasligi kerak va investitsiyalar to‘xtatilmaydi.

Kushnerning hamkorlaridan biri Asher Abexsera esa loyiha atrof-muhitga mas’uliyat bilan yondashilgan holda amalga oshirilishini, yangi ish o‘rinlari yaratishini va mahalliy aholi uchun uzoq muddatli foyda keltirishini ta’kidladi. Shu bilan birga, “Affinity Partners” ham, Jared Kushnerning o‘zi ham mojaro bo‘yicha rasmiy izoh bermadi.

Kushner bu kurort rejasini ilk bor 2024-yilda e’lon qilgan edi. Bu uning Serbiya va boshqa davlatlardagi yirik investitsiya loyihalarining bir qismi hisoblanadi. Qizig‘i, o‘tgan yili Serbiyadagi loyihasi ham ommaviy noroziliklardan keyin bekor qilingan edi.

Bugun Albaniyada bahs faqat kurort qurilishi haqida emas. Bir tomonda milliardlab dollar investitsiya va yangi ish o‘rinlari, ikkinchi tomonda esa noyob tabiat va muhofaza qilinadigan hududlarni saqlab qolish masalasi turibdi. Shu sabab bu loyiha mamlakatdagi eng katta siyosiy va ekologik mojarolardan biriga aylanib ulgurdi.

Теги :
Jamiyat