Sud endi yarashish uchun muhlat bermasligi mumkin
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, agar oilada zo‘ravonlik yoki tazyiq yuz bergan bo‘lsa ham, sud ajrashish jarayonida er-xotinga yarashish uchun ma’lum muddat beradi. Biroq tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, bu muhlat davomida oilaviy nizolar qayta sodir bo‘lishi natijasida jabrlangan ayollar jiddiy jismoniy va ruhiy zarar ko‘rmoqda.
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Senati tomonidan oilaviy zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarni himoya qilishni kuchaytirish maqsadida qonunchilikka muhim o‘zgartirishlar kiritish ma’qullandi. Endilikda sud ajrashish jarayonida er-xotin yarashishi uchun majburiy muhlat bermasligi mumkin.
Nega bunday o‘zgarish kiritilmoqda?
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, agar oilada zo‘ravonlik yoki tazyiq yuz bergan bo‘lsa ham, sud ajrashish jarayonida er-xotinga yarashish uchun ma’lum muddat beradi. Biroq, tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, ushbu muhlat davomida oilaviy nizolar qayta sodir bo‘lishi natijasida jabrlangan ayollar jiddiy jismoniy va ruhiy zarar ko‘rmoqda, ayrim hollarda esa fojiali oqibatlar yuzaga kelmoqda.
Masalan, 2023-yil 15-oktyabr kuni Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida yashovchi fuqaro F.Jonqobilov rashk tufayli turmush o‘rtog‘i D.Turdiyevaga og‘ir tan jarohati yetkazgan, natijada ayol vafot etgan. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, bu oilada 2021-yildan beri nizolar bo‘lib kelgan va 2023-yil iyul oyida er-xotin ajrashish uchun sudga murojaat qilgan. Biroq, sud bu masalani faqat 2023-yil noyabr oyida ko‘rib chiqishi belgilangan edi. Ushbu kechikish ayol hayotiga zomin bo‘lgan muhim omillardan biri bo‘ldi.
Qonundagi yangi o‘zgarishlar nimalarni ko‘zda tutadi?
Zo‘ravonlik qurbonlari himoyasi kuchaytiriladi, ya’ni, jabrlanuvchi ayol yoki boshqa shaxs sudga ajrashish bo‘yicha murojaat qilganida, sud ularni yarashtirish uchun majburiy muhlat belgilamasligi mumkin. Agar ajralish jarayonida yashash joyiga doir nizolar yuzaga kelsa, mulkdorning tashabbusi bilan boshqa muqobil turar joy ajratilishi yoki ijaraga haq to‘lanishi majburiy bo‘lishi mumkin. Oilaviy zo‘ravonlikning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar kuchaytiriladi. Bu orqali ayollarning o‘z joniga qasd qilish yoki o‘lim bilan yakunlanadigan holatlarning oldini olish ko‘zda tutilgan.



