$
 11934.64
-14.39
 13896.69
-25.12
 164.14
-2.14
weather
+26
Кечаси   +14°

Jizzaxdagi yuz yillik loyiha: O‘zbekiston o‘zining ilk AESini qurishga rasman kirishmoqda

AES

O‘zbekistonning energetik mustaqillikka erishish yo‘lidagi eng yirik va muhokamalarga boy loyihasi — Jizzax viloyati Forish tumanida quriladigan atom elektr stansiyasi (AES) amaliy bosqichga qadam qo‘ydi. Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi (SPIEF-2026) doirasida O‘zbekiston va Rossiya prezidentlari videokonferensiya orqali birinchi integratsiyalashgan AES energoblogi qurilishiga rasman start berishadi.

Dastlab faqat kichik modulli stansiya sifatida e’lon qilingan loyiha endilikda o‘z ko‘lamini keskin kengaytirib, ulkan integratsiyalashgan tizimga aylandi.

Yangi AES nimalardan iborat bo‘ladi?

Jizzaxda barpo etiladigan stansiyaning umumiy quvvati 2,1 GVt dan oshadi. Loyiha o‘z ichiga quyidagi ikki xil turdagi reaktorlarni qamrab oladi: 3+ avlodiga mansub yirik VVER-1000: 2 ta reaktor (jami 2 GVt quvvat); Kichik RITM-200N: 2 ta reaktor (har biri 55 MVt dan quvvat).

“O‘zatom” ma’lumotlariga ko‘ra, bu inshoot Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) bilan yaqin hamkorlikda amalga oshirilmoqda. MAGATE joy tanlashdan tortib, xavfsizlik madaniyatini rivojlantirish va maxsus baholash missiyalarini (INIR, SEED, IRRS va boshqalar) o‘tkazishgacha bo‘lgan barcha muhim jarayonlarda bevosita ishtirok etadi.

O‘zbekistonga atom energiyasi nima uchun kerak?

Bugungi kunda mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining qariyb 75–80 foizi issiqlik elektr stansiyalarida (IES) qimmatli gaz va ko‘mirni yoqish hisobiga olinadi. Oqibatda iqtisodiyoti va aholisi jadal o‘sib borayotgan O‘zbekiston har qishda jiddiy energetik defitsitga (taqchillikka) yuz tutmoqda. Jizzaxdagi AES to‘liq quvvatga chiqqach, yiliga 15,4 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Bu esa mamlakatning joriy iste’molining 15 foizidan ortig‘ini barqaror ta’minlab, qayta tiklanadigan energiya manbalaridagi mavsumiy tebranishlarni silliqlashga yordam beradi.

“Bu — 100 yillik loyiha. Stansiyaning amaldagi loyihaviy ishlash muddati 60 yilni tashkil etadi, biroq zamonaviy bloklar uni yana 20–40 yilga uzaytirish imkonini beradi. Boshqacha aytganda, bu qarordan nafaqat biz, balki nevaralarimiz va chevaralarimiz ham foyda ko‘radi”, — deya ta’kidladi “Rosatom” davlat korporatsiyasi rahbari Aleksey Lixachev.

Milliardlar va milliy AES

Loyihaning eng diqqatni tortadigan qismi — uning moliyaviy yuki va o‘ziga xos texnologik yechimlaridir. Dastlabki bosqich bo‘lgan kichik AES loyihasining narxi 1 mlrd dollardan oshmasligi va u to‘liq davlat budjeti hisobidan moliyalashtirilishi belgilangan.

“Ha, buni davlat qurmoqda — bu to‘liq O‘zbekiston loyihasi. Moliyalashtirish manbai — o‘z budjetimiz. Atom loyihasi milliy bo‘lishi kerak”, — deb ta’kidlagan AES qurilishi bo‘yicha direksiya direktori Abdujamil Kalmuratov. O‘z navbatida, umumiy integratsiyalashgan loyiha (yirik va kichik bloklar birgalikda) Rossiya sanoati uchun 2 trln rublgacha (salkam 24,7 mlrd dollar) miqdorda ulkan buyurtmalarni yaratishi ma’lum qilindi.

Теги :
Jamiyat