$
 12780.14
11.84
 13980.20
19.34
 133.11
1.96
weather
+26
Кечаси   +14°

Oʻzbekistonga AES nega kerak? Energetika vazirining o‘rinbosari javob berdi

AES

O‘zbekiston Energetika vazirining o‘rinbosari Umid Mamadaminov atom elektr stansiyasi orqali olinadigan energiya haqida to‘xtalar ekan, bu elektr energiyasini generatsiya qilishning eng toza va samarali yechimlaridan biri ekanini aytib o‘tdi. 

Quyosh energiyasidan foydalanishdagi qiyinchiliklar

“Quyosh energiyasidan samarali foydalanish uchun bizga elektr uzatish liniyasi, raqamli avtomatlashtirish tizimi kabi infratuzilma kerak. Bunday imkoniyatlarni birlashtirish oson emas. Biz boshqa kompaniyalar qiyinchiliklarga duch kelganini ko‘rdik”, - deydi u.

Nega aynan AES?

Shuningdek, Umid Mamadaminov AESlar atrof-muhitni kamroq ifloslantirishini aytib oʻtdi. “Atom elektr stansiyasi — anchayin toza hisoblanadi va atrof-muhitga kam uglerod chiqaradi. Nima uchun atom elektr stantsiyasi? Chunki ular atrof-muhitni kamroq ifloslantiradi. Shuning uchun 2050-yilga kelib havoni ifloslantirishning eng past darajasiga yetishni rejalashtirayotgan barcha mamlakatlar yadroviy energiyadan foydalanmoqda. Bu kelajakda O‘zbekistonda ham energiya ishlab chiqarishning o‘sishiga erishishda juda muhim”.

Gaz yildan yilga kamayib bormoqda 

Bundan tashqari, vazir oʻrinbosari bizning asosiy ishlab chiqarish quvvatimiz deyarli 80 foiz tabiiy gaz orqali ekanini, ammo tabiiy gaz uchun resurs yildan-yilga kamayib boraverishini taʼkidlab oʻtdi. 

“Shu sababli, bizga yana bir muqobil energiya kerak. Atom elektr stantsiyasi esa bu eng yaxshi yechimlardan biri. Chunki bizning hududda AES uchun yetarli suv resurslari bor. Biz uchun atom elektr stansiyalari juda muhim. Shu jumladan, biznes rivojlanishi uchun ham.

Biz yangi kvartiralar, yangi majmualar uchun sanoatni elektrlashtirish ustida ishlayapmiz, elektr issiqlik nasoslari va boshqa turdagi isitish vositalaridan foydalangan holda tabiiy gazga bog‘liqlikdan xalos bo'lib boryapmiz.

Joriy yilning oxiriga kelib bizning qayta tiklanadigan energiyamiz 4000 megavattga yetadi. Qisqa vaqt ichida biz bunday imkoniyatlarga erishdik.

Atom elektr stansiyalari nafaqat katta barqarorlik uchun yechim, balki mamlakat uchun strategik sarmoyadir. Biz ko‘proq elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun qattiq ishlayapmiz”, dedi Umid Mamadaminov.

AES Jizzaxda quriladi

Eslatib oʻtamiz, “Rosatom” O‘zbekistonning Jizzax viloyatida kam quvvatli AES qurilishini boshlash arafasida turibdi. Forish tumani hududida, Tuzkon ko‘li yaqinida barpo etiladigan stansiya umumiy 330 megavattlik oltita RITM-200N reaktor blokidan iborat bo‘ladi. 

Qurilish-montaj ishlarini shu yil kuzda boshlash ko‘zda tutilgan. 10-sentyabr kuni loyiha doirasidagi ishlarni boshlash to‘g‘risida bayonnoma imzolangan. Hozircha O‘zbekistondagi AES loyihasining qiymati va moliyalashtirish manbalari ochiqlanmagan. Rus nashrlari esa qurilishni to‘liq O‘zbekiston hukumati moliyalashtirishini yozgan.