$
 12814.78
-14.29
 13442.70
97.9
 123.50
-1.41
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonning 4 ta aeroporti xususiylashtiriladi

Aeroport

Bugun, 26-noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev temir yo‘l va aviatsiya sohasidagi davlat kompaniyalarida transformatsiya jarayonlarining borishiga oid taqdimot bilan tanishdi

Temir yo‘l sohasi

Taqdimotga ko‘ra, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tarkibida 6 ta mustaqil korxona tashkil etilgan. 1 ming 200 ta yangi yuk vagoni olingan, ichki yo‘nalishda yuk tashish vaqti 2 karra kamaygan. Raqamlashtirish natijasida vagonga buyurtma berish 7 bosqichdan 3 bosqichga, bunga ketadigan vaqt 72 soatdan 12 soatga qisqargan. Toshkent atrofida poyezdlarni o‘tkazish imkoniyati 30 foizga oshgan. Ilgari zarar bilan ishlagan aksiyadorlik jamiyati bu yil 30 milliard so‘m foydaga chiqqan. 

Aviatsiya sohasi

“Uzbekistan Airways” tizimida aviaqatnovlar 25 foiz ko‘paygan. Mahalliy yo‘nalishlarda samolyotlar soni 8 taga yetib, ichki qatnovlar 2,5 barobarga oshadi. Markaziy Osiyodagi xalqaro tashuvlarda milliy aviakompaniyamiz ulushi 20 foizga yetgan. Endilikda esa yillik yo‘lovchi tashish ko‘rsatkichi 6 million nafardan oshishi kutilmoqda. Taqdimotda yana ma’lum qilinadiki, “Uzbekistan Airports” samolyotlar, yuk va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatmoqda. Aeroportlar boshqaruviga xususiy sektor jalb qilingani samara beryapti. Dunyodagi 44 ta aviakompaniya yurtimizga parvozni amalga oshiryapti. Aeroportlar orqali yuk tashish hajmi ham bu yil 22 foizga oshishi ko‘zda tutilgan.

Xususiylashtirish

Kichik yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston havo yo‘llari hali aholini rozi qiladigan darajaga yetgani yo‘qligini ta’kidlagan. Xalqaro reyting olib, tashqi bozorga chiqish kechikyapti. Oqibatda tannarx yuqoriligi uchun chipta narxida sezilarli o‘zgarish yo‘q. Xarajatlarni qisqartirish bo‘yicha chora-tadbirlar ijrosi sust, degan u. Shu bois konsalting kompaniyasi jalb qilib, transformatsiya bo‘yicha aniq dastur va “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish vazifasi qo‘yiladi. Samarqand aeroporti xususiy boshqaruvga berilgach, parvozlar va yo‘lovchilar soni 5 barobar oshgan. Endi Namangan, Andijon, Buxoro va Urganch aeroportlarida ham xususiylashtiriladi. Yil yakunigacha aeroportlarda qo‘shimcha xizmatlarni 2 karra ko‘paytirish, daromadni 25 foiz oshirish mo‘ljallangan. Xalqaro bozordan mustaqil resurs jalb qilish, Navoiy aeroporti terminalidan to‘liq foydalanish choralari belgilangan.

Теги :
Iqtisodiyot