$
 12035.26
-15.08
 13710.57
25.0
 151.46
-1.83
weather
+26
Кечаси   +14°

Nega yoshlar endi boylik va martaba ortidan quvishni istamayapti?

Zoomer Foto: SI

Bir necha yil avval muvaffaqiyat formulasi deyarli hamma uchun bir xil edi: ko‘proq ishlash, yuqoriroq lavozimga ko‘tarilish va ko‘proq daromad topish. Bugun esa bu qarash tobora o‘zgarib bormoqda. Dunyoning turli mamlakatlarida millionlab yoshlar ishni tashlashga butunlay o‘tib ketmagan bo‘lsa-da, biroq ish uchun yashashni ham istamayapti. Ular faqat mehnat shartnomasida belgilangan vazifalarni bajarib, ish vaqti tugashi bilan ofisni tark etishni afzal ko‘rmoqda. Bu hodisa “Quiet Quitting” ya’ni “Tinchgina bo‘shash” nomi bilan ommalashmoqda. Aslida u ishdan bo‘shash emas, balki ish va shaxsiy hayot o‘rtasiga aniq chegara qo‘yish falsafasidir.

Xo‘sh, nega Gen Z va milleniallar avvalgi avlodlar singari yuqori lavozim, katta maosh va martaba ortidan quvishni istamayapti? Bu shunchaki dangasalikmi yoki mehnat bozoridagi chuqur o‘zgarishlarning belgisi? So‘nggi yillarda e’lon qilingan xalqaro tadqiqotlar aynan shu savollarga javob beradi.

Dunyo mehnat bozorida nima sodir bo‘lmoqda?

Gallup’ning State of the Global Workplace hisobotiga ko‘ra, bugungi kunda dunyo bo‘ylab xodimlarning atigi 20–21 foizi ishiga chinakam qiziqish va tashabbus bilan yondashadi. Aksariyat xodimlar esa faqat o‘z zimmasidagi vazifalarni bajarish bilan cheklanmoqda. AQSh mehnat bozorida bu ko‘rsatkich yanada yuqori, ishchilarning 52 foizidan ortig‘i “ Quiet Quitting “ tamoyiliga amal qilmoqda. Eng xavotirlisi, bu holat yoshlar orasida ommaviy tus olgan. Gen Z vakillarining 54 foizi ish jarayoniga ruhan mutlaqo bog‘lanmaganini tan olgan. Ushbu global sustkashlik jahon iqtisodiyotiga har yili 8,8 dan 10 trillion dollargacha zarar olib kelmoqda.

Yoshlar nega martabadan sovimoqda?

Mutaxassislar bu hodisani bitta sabab bilan izohlashmaydi. Emerald Insight, Gallup va boshqa ilmiy tadqiqotlar bir nechta omillar bir-biri bilan chambarchas bog‘liq ekanini ko‘rsatmoqda. Muvaffaqiyat formulasi endi avvalgidek ishlamayapti. Avvalgi avlod ishchilari “ko‘proq mehnat qilsang, albatta boyib ketasan” degan formulaga ishonishgan. Biroq zamonaviy yoshlar o‘z ota-onalari yoki kattalarning tun-u kun ishlab, yakunda faqat stress, sog‘liqni yo‘qotish va oilaviy muammolarga duch kelganini ko‘rib ulg‘ayishdi. Haftasiga 60-70 soat ishlash endi obro‘ emas, balki ruhiy salomatlik uchun xavf sifatida ko‘rilmoqda. Yoshlar asab tizimini boylikka almashtirishni istamayapti. Natijada ko‘plab yoshlar yuqori daromaddan ko‘ra, barqaror hayot sifatini afzal ko‘rmoqda.

Ko‘proq ishlash boylikni kafolatlamaydi

Nega yoshlar boy bo‘lishga intilmayapti? Chunki yoshlarning motivatsiyasiga iqtisodiy omillar ham kuchli ta’sir ko‘rsatmoqda. So‘nggi yillarda ko‘plab mamlakatlarda uy-joy narxlari, ijara haqi va kundalik xarajatlar daromad o‘sishidan tezroq oshdi. Natijada ko‘plab yosh mutaxassislar qancha mehnat qilmasin, o‘z uyiga ega bo‘lish yoki moliyaviy mustaqillikka erishish tobora qiyinlashayotganini his qilmoqda. Psixologiyada bu holat “orttirilgan chorasizlik” deb ataladi. Inson maqsadga erishish imkonini deyarli ko‘rmasa, unga erishish uchun ortiqcha kuch sarflashga bo‘lgan ichki motivatsiya ham pasayadi.

Maoshga yarasha ishlash

“Quiet Quitting” atamasi yoshlarning o‘ziga ham unchalik yoqmaydi. Reddit’dagi eng yirik mehnat hamjamiyatlaridan biri — r/antiwork forumidagi muhokamalarda ko‘pchilik bu holatni “ishdan bo‘shash” emas, balki “Act Your Wage” – ya’ni “maoshingizga yarasha ishlang” tamoyili sifatida izohlaydi. Ularning fikricha, agar kompaniya qo‘shimcha tashabbus, ortiqcha ish va qo‘shimcha mas’uliyat uchun haq to‘lamasa, xodim ham mehnat shartnomasida ko‘rsatilgan vazifalardan ortig‘ini bajarishga majbur emas.

Qadriyatlar o‘zgardi

ResearchGate platformasida e’lon qilingan ilmiy ishlarda qayd etilishicha, yangi avlod muvaffaqiyatni avvalgidek faqat lavozim yoki maosh bilan o‘lchamaydi. Gen Z uchun ish hayotning faqat bir qismi. Sayohat qilish, xobbi, oila, do‘stlar, ruhiy xotirjamlik va bo‘sh vaqt ko‘pincha navbatdagi lavozimdan muhimroq hisoblanadi. Shu sababli ular o‘z shaxsiyatini vizitkadagi “direktor” yoki “menejer” yozuvi orqali emas, hayot sifati orqali baholashni afzal ko‘rmoqda.

Faqat xodimlar emas, rahbarlar ham charchagan

Gallup ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda menejerlarning ham ishga bo‘lgan qiziqishi sezilarli darajada pasaygan. Rahbarlarning o‘z ishiga bo‘lgan sodiqligi va qiziqishi 31 foizdan 22 foizga tushib ketgan. Ular oddiy xodimlarga qaraganda ko‘proq stress va yolg‘izlikdan azob chekayotganliklarini ma’lum qilishgan. Bu esa muammoning ildizi xodimlarda emas, balki boshqaruv tizimining o‘zida ekanini ko‘rsatadi.

Bu dangasalik emas

“Quiet Quitting” ko‘pincha dangasalik bilan adashtiriladi. Aslida esa ular bir-biridan keskin farq qiladi. Dangasa xodim vazifasini lozim darajada bajarmaydi, mas’uliyatdan qochadi va ish vaqtida ham samarasiz bo‘ladi. “Quiet Quitting” tarafdori esa aksincha, o‘z vazifalarini sifatli bajaradi, biroq ish vaqtidan tashqarida kompaniya manfaatlari uchun ishlashni o‘z zimmasiga olmaydi. U shaxsiy vaqtini himoya qiladi va emotsional kuyishning oldini olishga harakat qiladi. Shu ma’noda bu hodisani mehnat intizomining pasayishi emas, balki mehnat va shaxsiy hayot o‘rtasidagi muvozanatni tiklashga urinish sifatida ham talqin qilish mumkin.

Sun’iy intellekt yoshlarning o‘rnini bosa oladimi?

Yoshlarning ishga munosabati o‘zgarayotgan bir paytda ayrim kompaniyalar xarajatlarni kamaytirish maqsadida ularni sun’iy intellekt bilan almashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Biroq Massachusets texnologiya instituti (MIT) olimlari bunday qaror uzoq muddatda jiddiy xato bo‘lishi mumkinligini ta’kidlaydi. Tadqiqotlarga ko‘ra, aynan yosh mutaxassislar yangi g‘oyalar, zamonaviy tendensiyalar va kreativ yechimlarning asosiy manbai hisoblanadi. Sun’iy intellekt mavjud bilimlarni tez qayta ishlashi mumkin, biroq yangi madaniy kodlar, noodatiy qarashlar va original g‘oyalarni shakllantirishda hanuz inson tajribasiga tayanadi. Agar kompaniyalar yangi avlodni rivojlantirish o‘rniga faqat avtomatlashtirishni tanlasa, qisqa muddatda xarajatni kamaytirishi mumkin. Ammo uzoq muddatda innovatsiya salohiyati susayishi ehtimoli ortadi.

Kompaniyalar qanday yo‘l tutishi kerak?

Mutaxassislar “Quiet Quitting”ni taqiqlar yoki nazoratni kuchaytirish orqali bartaraf etib bo‘lmasligini ta’kidlaydi. MDPI va Korn Ferry Institute tadqiqotlariga ko‘ra, xodim mehnatini e’tirof etish, adolatli rag‘batlantirish va rivojlanish imkoniyatini yaratish uning kompaniyani tark etish ehtimolini sezilarli darajada kamaytiradi. Bundan tashqari, psixologik yordam dasturlari, moslashuvchan ish jadvali, dam olish davrlarini rejalashtirish hamda ortiqcha mehnat uchun adolatli haq to‘lash xodimlarning motivatsiyasini tiklashda muhim omillardan biri hisoblanadi. “Quiet Quitting” shunchaki ijtimoiy tarmoqlarda ommalashgan trend emas. U mehnat bozori va ish beruvchilar o‘rtasidagi eski kelishuv izdan chiqayotganining belgisi. Yangi avlod kamroq ishlashni emas, mehnati adolatli baholanishini, shaxsiy hayotiga hurmat bilan qaralishini va ish evaziga munosib qadrlanishni istashmoqda.

Теги :
Jamiyat