$
 12050.34
61.42
 13685.57
21.8
 153.29
-0.2
weather
+26
Кечаси   +14°

Toshkentda jamoat transporti infratuzilmasi modernizatsiyasi qanday rivojlanmoqda?

Toshkentda avtobus bekatlarini xalqaro standartlar asosida qayta qurish ishlari davom etmoqda. Yangi loyihada bekatlarning dizayni, yo‘lovchilar uchun yaratiladigan qulayliklar va do‘konli bekatlarning kelajagiga oid qator o‘zgarishlar ko‘zda tutilgan. UZ24.uz jurnalisti 28-iyul kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida qanashib, asosiy ma’lumotlarni bir joyga jamladi.

Bekatlarni kim quryapti?

Toshkentda avtobus bekatlarini yangilash bilan 2025–2026-yillarda o‘tkazilgan ikkita auksionda g‘olib bo‘lgan EWI Snacks kompaniyasi shug‘ullanmoqda. Kompaniya mavjud 266 ta bekatni rekonstruksiya qilish hamda qo‘shimcha 230 ta ijtimoiy bekatni qurish majburiyatini olgan.

Bekatlarda konditsioner bo‘lmaydi

Transport bosh rejasini ishlab chiqqan Step City loyiha direktori Alina Bisembayevaning aytishicha, dunyoning aksariyat shaharlarida ochiq bekatlarda konditsioner yoki isitish tizimlarini o‘rnatish amaliyotidan voz kechilmoqda.

“Biz Moskvada bu masalani uzoq vaqt davomida o‘rganib, turli tajribalar o‘tkazdik. Xuddi shunday tajribalar Boku, Dubay va Rimda ham amalga oshirilgan.
Dunyoning aksariyat shaharlari bekatlarda konditsioner yoki isitish tizimlarini o‘rnatmaydi. Buning birinchi sababi — jamoat transportining asosiy maqsadi odamlarni bekatda uzoq kuttirmaslikdir. Bekat dam olish yoki uzoq vaqt kutib o‘tirish uchun emas, transportga tez chiqish uchun mo‘ljallangan. Menimcha, Toshkent ham aynan shu yo‘ldan bormoqda.
Ikkinchidan, konditsioner samarali ishlashi uchun yopiq makon zarur. Ochiq bekatda konditsioner samarali ishlamaydi. Ammo kichik hajmdagi yopiq bekat ham kutish uchun unchalik qulay emas. Bundan tashqari, turli shaharlardagi tajriba shuni ko‘rsatadiki, bunday yopiq bekatlardan nafaqat yo‘lovchilar, balki boshqa odamlar ham turli maqsadlarda foydalanadi. Bu esa qo‘shimcha muammolarni keltirib chiqaradi.
Uchinchidan, bunday bekatlarni qurish va ayniqsa, ulardan keyinchalik foydalanish katta xarajat talab qiladi. Bekatni qurishning o‘zi yetarli emas. Uni doimo toza saqlash, konditsionerlarning uzluksiz ishlashini ta’minlash hamda ichkarida qulay mikroiqlimni saqlab turish ham zarur. Natijada bunday bekatlar juda qimmatga tushadi. Shu sababli ularga investor topish ham deyarli imkonsiz.

Alina Bisembayevaning aytishicha, dunyoning aksariyat shaharlari budjetni konditsionerli bekatlar qurishga emas, jamoat transportini rivojlantirishga yo‘naltiradi. Xususan, yangi avtobuslar xarid qilish, transport parkini yangilash, BRT tizimlarini qurish, avtobuslar uchun alohida yo‘laklar tashkil etish hamda chorrahalarda jamoat transportiga ustuvorlik berishga sarmoya kiritiladi. Uning fikricha, aynan shunday yondashuv odamlarni shaxsiy avtomobildan voz kechib, jamoat transportidan foydalanishga ko‘proq undaydi.

Avtobus bekatlarining joyi o‘zgaradi

Yangi bekatlar endi faqat GOST (belgilangan masofaviy normalar) dagi masofa me’yorlari asosida emas, balki yo‘lovchilar eng ko‘p qatnaydigan obyektlarga piyoda yetib borish qulayligi hisobga olingan holda joylashtiriladi. Step City vakilining aytishicha, bunday yondashuv bekatlardan foydalanishni qulaylashtirishga xizmat qiladi.

Metro, temir yo‘l va avtobuslar tutashadigan joylar esa alohida yondashuvni talab qiladi. Toshkentda hozircha bunday joylar yetarlicha qulay emas. Transport bosh rejasi doirasida ular zamonaviy talablar asosida qayta tashkil etiladi. Bunday gavjum hududlarda kattaroq bekatlar qurilib, xalqaro tajribaga ko‘ra kafe va savdo shoxobchalarini ochish ham ko‘zda tutilgan.

Bekat tomlariga maysa ekilmaydi

Ekopartiya ilgari surgan “yashil bekatlar” g‘oyasi hozircha amalga oshirilmaydi. Toshkentdagi avtobus bekatlarini yangilash bilan shug‘ullanayotgan ⁠kompaniya vakili Zoirjon Abdurahmonovning aytishicha, bekat tomiga maysa ekish maxsus muhandislik yechimlari va muntazam parvarishni talab qiladi. Buning o‘rniga bekatlar atrofida yashil hududlar barpo etiladi. Auksion shartlariga muvofiq, kompaniya vending apparatlari egallagan maydondan 10 baravar katta hududni ko‘kalamzorlashtirib, uni 10 yil davomida o‘z hisobidan parvarish qiladi.

Yangi bekatlardagi o‘rindiqlar qizib ketmaydi — loyiha mualliflari

Yangi avtobus bekatlari taqdim etilganidan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘p muhokama qilingan masalalardan biri o‘rindiqlarning yozda qizib ketishi bo‘ldi.

Zoirjon Abdurahmonovning aytishicha, o‘rindiqlarning tashqi ko‘rinishi metall taassurotini uyg‘otsa-da, odam o‘tiradigan va suyanadigan qismi yog‘och-polimer kompozitidan tayyorlanadi. Uning ta’kidlashicha, bu material yozda qizib ketmaydi, qishda esa muzlab qolmaydi:

“Har qanday konstruksiyaning asosi metall bo‘ladi, chunki u mustahkam va vandalizmga chidamli bo‘lishi kerak. Lekin odamlar o‘tiradigan va suyanadigan qismi metall emas, yog‘och-polimer kompozitidan tayyorlangan. Bu material yozda qizib ketmaydi, qishda esa muzlab qolmaydi. Biz ularni quyosh ostida sinovdan o‘tkazdik va ular qizimadi”.

Uning aytishicha, o‘rindiqlar uzunligi ham barcha bekatlarda bir xil bo‘lmaydi. Bu bekat maydoni, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ajratilgan joy va yo‘lovchilar oqimidan kelib chiqib belgilanadi.

“Ba’zi joylarda uzunroq o‘rindiq o‘rnatishning iloji bo‘lmaydi. Odamlar ko‘p to‘planadigan hududlarda esa odatda ikki yoki uchta bekat konstruksiyasini o‘rnatamiz”.

Do‘konli bekatlar bosqichma-bosqich olib tashlanadi

Toshkentda qariyb 3 mingta avtobus bekati mavjud bo‘lib, ularning 739 tasi do‘konli bekatlar hisoblanadi. Yo‘l harakatini tashkil etish markazi rahbar o‘rinbosari Furqat Murodovning aytishicha, ular bosqichma-bosqich zamonaviy bekatlarga almashtiriladi:

  • Toshkentda qariyb 3 mingta avtobus bekati bor. Shundan 739 tasi do‘konli bekatlar hisoblanadi.
  • Birinchi bosqichda shaharning 100 kilometr markaziy ko‘chalaridagi 300 ta bekat qayta quriladi. Ularning 116 tasi do‘konli bekatlar.
  • 95 ta do‘konli bekat egalariga mahallalar ichidan yangi joy ajratilgan va ularni ko‘chirish ishlari boshlangan. Rozi bo‘lmagan tadbirkorlar bilan masala sud orqali hal etilmoqda.
  • Do‘konli bekatlar bosqichma-bosqich shaharning boshqa hududlarida ham zamonaviy bekatlarga almashtiriladi.

Furqat Murodovning aytishicha, bekatlar davlat mulki maqomini saqlab qolishi uchun ular avval shahar hokimiyati nomiga kadastr qilinadi. Shundan keyingina ulardan foydalanish huquqi auksion orqali tadbirkorlarga beriladi.

“Bekat — jamoat transporti infratuzilmasining bir qismi va jamoat mulki hisoblanadi. Shu sababli bekat joylari xususiylashtirilmasligi va uchinchi shaxslarga o‘tib ketmasligi kerak”.