$
 12035.26
-15.08
 13710.57
25.0
 151.46
-1.83
weather
+26
Кечаси   +14°

Suv tanqis Oʻzbekistonda gazonlar siyosati: Nimani oʻzgartirish kerak?

Gazon

Bugun shahar markazidan o‘tsangiz, bir holatga ko‘zingiz tushadi: jazirama issiqda avtomatik sug‘orish tizimlari gazonlarga tinmay suv sepmoqda. Asfalt ustidan oqib ketayotgan suvning katta qismi esa tuproqqa singishga ham ulgurmay, havoga bug‘lanib ketadi. Eng achinarlisi, ayni paytda mamlakatning ko‘plab hududlarida odamlar ichimlik suvi va tomorqasini sug‘orish uchun har tomchini tejashga majbur.

O‘zbekiston suv resurslarining qariyb 80 foizini tashqi manbalardan oladigan davlat. Shunday ekan, ko‘rkam ko‘rinish uchun tonnalab suvni gazonlarga sarflash qanchalik to‘g‘ri?

Yashil choʻllar

Shaharga zamonaviy va ozoda ko‘rinish beradigan gazonlar aslida tabiat uchun eng “qimmat” bezaklardan biri. Ekologlar ularni bejizga “yashil cho‘llar” deb atamaydi. Chunki cho‘l faqat qumli hudud emas, balki biologik xilma-xillik deyarli yo‘q, mahalliy ekotizimga foyda keltirmaydigan makon hamdir. Bir qarashda yam-yashil va chiroyli ko‘ringan odatiy maysazorlar ham aynan shunday xususiyatga ega: ular ko‘p suv talab qiladi, ammo tabiatga qaytaradigan foydasi juda kam.

Birinchidan, anʼanaviy chimning ildiz tizimi tuproqning juda yuza qatlamida (bor-yoʻgʻi 5-10 sm chuqurlikda) joylashgan. Bu degani, u tuproqning pastki qatlamlaridagi namlikni ololmaydi va kun issigʻida juda tez quriydi. Natijada, uni har kuni sugʻorishga toʻgʻri keladi. Bizning quruq va issiq iqlimimizda esa kunduzi quyilayotgan suvning 60-70 foizi oʻsimlik tanasiga yetib bormasdanoq, havoga bugʻlanib ketadi. Shaharlarimizdagi bugungi gazonlashtirish siyosati suvni shunchaki havoga sovurish bilan barobardir.

Ikkinchidan, gazonlar shahar iqlimini mo‘tadillashtirishda ham kutilgan natijani bermaydi. Katta bargli, soya tashlaydigan daraxtlardan farqli ravishda, ular jazirama kunlarda “issiqlik oroli” ta’sirini deyarli kamaytira olmaydi. Qizib ketgan asfalt va beton fonida past bo‘yli maysalarning havoni sezilarli salqinlashtirish imkoniyati yo‘q. Eng muhimi, ular soya bermaydi. Natijada piyodalar uchun na salqin maskan, na dam olish joyi yaratiladi. Aksariyat gazonlarda esa o‘tirish ham taqiqlangan yoki bunga mos sharoitning o‘zi mavjud emas.

Iqtisodiy tomondan esa gazonlar shahar byudjeti uchun tinimsiz xarajat manbai hisoblanadi.

Mablag‘ faqat suvga sarflanmaydi — maysazorlarni muntazam o‘rish, o‘g‘itlash, maxsus texnikalarni ishlatish va bu ishlarni bajaradigan xodimlar mehnatini moliyalashtirish ham katta xarajat talab qiladi. Mahalliy iqlimga mos bo‘lmagan yashil maydonlarni sun’iy ravishda saqlab turish uchun har yili soliq to‘lovchilarning milliardlab so‘mi sarflanadi.

Xo‘sh, shu mablag‘ va suv resurslarini bir marta ekilib, yillar davomida kam parvarish bilan o‘sadigan, haqiqiy soya, kislorod va salqinlik beradigan daraxtzorlarni ko‘paytirishga yo‘naltirish ancha oqilona bo‘lmasmidi?

Bu madaniyat qayerdan kirib kelgan?

Bugun biz goʻzallik va zamonaviylik ramzi sifatida qabul qilayotgan bu maysazorlar madaniyati aslida Oʻrta Osiyo tabiatiga butkul yot boʻlib, u Gʻarbiy Yevropadan, aniqrogʻi Buyuk Britaniyadan kirib kelgan. Angliya iqlimi yil boʻyi seryogʻin, havosi nam va salqin boʻlgani sababli u yerda chim tabiiy ravishda, ortiqcha kuch va suv talab qilmasdan oʻsadi. Yaʼni, inglizlar uchun gazon — tabiatning oʻzi inʼom etgan oddiy bir landshaftdir.

Biroq bugun global iqlim oʻzgarishi hatto oʻsha seryogʻin Yevropada ham qoidalarni oʻzgartirib yubordi. Soʻnggi yillarda kuzatilayotgan kuchli qurgʻoqchiliklar sababli Buyuk Britaniyaning oʻzida ham yoz oylarida shlang yordamida gazonlarni sugʻorish rasman taqiqlanmoqda. Suv tizimlariga ortiqcha yuk tushirmaslik uchun mahalliy aholiga maysazorlarni sugʻormaslik, ularning tabiiy ravishda faqat yomgʻir suvi bilan oziqlanishiga qoʻyib berish talab etilmoqda. Natijada, yozda inglizlarning mashhur yashil maysazorlari sargʻayib, tabiiy koʻrinishga qaytyapti va bu normal holat sifatida qabul qilinadi.

Endi oʻzimizning reallikka qaraylik. Yozda havo harorati soyada 45 darajagacha koʻtariladigan, yillik yogʻingarchilik miqdori Angliyanikidan bir necha barobar kam boʻlgan va suv resurslarining katta qismini qoʻshni davlatlardan oluvchi Oʻzbekistonda biz hanuz mana shu “inglizcha estetika”ni sunʼiy ravishda ushlab turishga urinyapmiz Bu xuddi sahro oʻrtasida muz saroyini qurib, uni erib ketmasligi uchun bor energiyani sarflash bilan barobar. Nam iqlim uchun yaratilgan tizimni bizning keskin kontinental va quruq iqlimimizga koʻr-koʻrona koʻchirish — ekologik savodsizlik va mavjud suv inqirozini tan olmaslikdir. Jahonning eng boy va seryogʻin davlatlari suvni tejash uchun gazonlardan voz kechayotgan bir paytda, biz qaysi boyligimizga ishonib ularni toza ichimlik suvi bilan sugʻoryapmiz?

Eʼtiborni maishiy darajaga koʻchirish

Suvga masʼul tashkilotlarimiz tomonidan tayyorlanayotgan va markaziy telekanallar hamda ijtimoiy tarmoqlarda tinimsiz aylantirilayotgan ijtimoiy roliklarni hammamiz koʻrganmiz. Ularning mazmuni asosan bir xil: “Suv — hayot manbai”, “Mashina yuvayotganda shlangni oʻchirib qoʻying”, “Tarvuzni muzlatish uchun joʻmrakni ochiq qoldirmang”.

Albatta, aholi orasida suv madaniyatini shakllantirish va tejamkorlikni targʻib qilish zarur. Ammo bu yerda boshqa bir xavfli tendensiya koʻzga tashlanadi: suv inqirozining butun yuki va aybi faqat maishiy isteʼmolchi, yaʼni oddiy aholi zimmasiga yuklab qoʻyilyapti.

Hisob-kitoblar shuni ko‘rsatadiki, oddiy odamlarning uydagi suv isrofi shahar miqyosidagi tizimli isrofgarchilik oldida dengizdan tomchi, xolos. Biz fuqarodan jo‘mrakni mahkam yopishni talab qilamiz, ammo obodonlashtirish xizmatlari jazirama paytida gektarlab gazonlarni sug‘orib, suvning katta qismi havoga bug‘lanib ketayotganiga ko‘z yumamiz.

Eng katta muammo esa suv va ekologiyaga mas’ul idoralarning strategik yondasha olmayotganida. Aholini suvni tejashga chaqirayotgan bir paytda, shaharsozlik va landshaft siyosatida suvni eng ko‘p isrof qilayotgan amaliyotlar saqlanib qolmoqda. Shaharlar ekologik barqarorlik asosida emas, balki “yuzaki estetika” va “soxta yashillik” ortidan quvishda davom etyapti.

Vaziyatni o‘zgartirish uchun shaharlarni ko‘kalamzorlashtirish siyosatini qayta ko‘rib chiqish zarur. Bugun bizga ko‘p suv talab qiladigan gazonlar emas, balki qurg‘oqchil iqlimga mos, barqaror landshaft yechimlari kerak. Buning eng samarali yo‘li — kseriskeyping (xeriscaping) tamoyillarini joriy etishdir. Bu suvxo‘r gazonlar o‘rniga mahalliy va ko‘p yillik o‘simliklarni ekish, asosiy e’tiborni soya beradigan daraxtlarga qaratish hamda yashil maydonlarni imkon qadar qayta ishlangan texnik suv bilan sug‘orishni nazarda tutadi.

Shahar go‘zalligi deganda faqat yam-yashil maysazorlarni tushunadigan davr ortda qoldi. Endi haqiqiy zamonaviy shahar — bu resurslarini oqilona boshqaradigan, iqlimiga mos yashil hududlarni yaratadigan va kelajak avlod manfaatini bugungi tashqi ko‘rinishdan ustun qo‘yadigan shahardir. Savol oddiy: bizga ko‘zni quvontiradigan sun’iy yashillik kerakmi yoki kelajakni saqlab qoladigan oqilona shaharlar? 


Shahruza Sattorova

Теги :
Jamiyat