$
 12050.34
61.42
 13685.57
21.8
 153.29
-0.2
weather
+26
Кечаси   +14°

180 milliard rubl zarar: Wildberries Qozog‘istondan ombor izlamoqda

wb

Rossiyaning eng yirik marketpleysi Wildberries logistika faoliyatining bir qismini Qozog‘istonga ko‘chirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda “Kommersant” nashri ko‘chmas mulk bozoridagi bir nechta manbaga tayanib xabar berdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniya Ukrainaning Rossiyadagi logistika markazlariga uyushtirgan dron hujumlaridan so‘ng xavfsizroq hududlarda omborlar tashkil etishga qaror qilgan. Ayni paytda Wildberries Qozog‘istonda 100 ming kvadrat metrlik yirik logistika markazi uchun joy izlayapti.

Qozog‘istonda yirik ombor topish oson emas

Manbalarga ko‘ra, Wildberries Qozog‘istonda mavjud bo‘lgan deyarli barcha yirik logistika obyektlarini ko‘rib chiqmoqda va mos variant topilsa, uni ijaraga olishga tayyor. Kompaniya shu yo‘l bilan o‘z logistika tarmog‘ining bir qismini dron hujumlari xavfi yuqori bo‘lgan hududlardan tashqariga olib chiqishni rejalashtirgan.

Biroq bunday katta maydonni topish oson emas. NF Group ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil oxiriga kelib Qozog‘istonda zamonaviy logistika maydonlarining umumiy hajmi 1,9 million kvadrat metrni tashkil etgan. Shunga qaramay, ularning atigi 5,8 foizi bo‘sh. IBC Global kompaniyasi hamkori Stanislav Ahmedzyanovning aytishicha, mamlakat bozorida bir yo‘la 100 ming kvadrat metrlik tayyor ombor umuman mavjud emas. 2026-yil iyun oyi oxirida turli shaharlarda jami 130 ming kvadrat metr bo‘sh maydon bo‘lgan. Omborlarning o‘rtacha ijara narxi esa bir kvadrat metr uchun oyiga 5,18 ming tenge, ya’ni yiliga taxminan 130 dollarni tashkil etgan.

Rossiyada ham muammo kuchaymoqda

Wildberries logistika tarmog‘ini Rossiyaning o‘zida ham kengaytirishni rejalashtirgan. Ammo bo‘sh ombor egalari dron hujumlari xavfi sabab kompaniya bilan uzoq muddatli shartnoma tuzishga ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda. Yana bir muammo shundaki, amaldagi sug‘urta polislarining aksariyati dron hujumlari oqibatida yetkazilgan zararni qoplamaydi. Shu bois logistika markazlariga sarmoya kiritayotgan kompaniyalar xavfni o‘z zimmasiga olishga majbur bo‘lmoqda.

Shu bilan birga, Wildberries Markaziy Osiyodagi loyihalarini to‘xtatgani yo‘q. Kompaniya matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Olmaotada 100 ming kvadrat metrdan ortiq maydonga ega yangi logistika markazi qurilmoqda. Ostonada esa 160 ming kvadrat metrdan ziyod maydonni egallaydigan yana bir yirik obyekt bunyod etilmoqda. Kompaniya bu loyihalar avvaldan tasdiqlangan reja asosida davom etayotganini bildirgan.

Hujumlardan keyin milliardlab rubl zarar hisoblandi

18-iyuldan boshlab Ukraina Rossiyadagi Wildberries logistika markazlariga bir necha bor dron hujumlarini amalga oshirdi. Zarbalar Moskva yaqinidagi Elektrostal, Tambov viloyatining Kotovsk shahri, Krasnodar, Stavropol o‘lkasidagi Nevinnomissk, shuningdek Sankt-Peterburg, Leningrad viloyati va Ryazandagi omborlarga qaratilgan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bu hujumlarni omborlarda dronlar va navigatsiya uskunalari uchun ehtiyot qismlar saqlangani bilan izohlagan. Hujumlar oqibatida katta miqdordagi mahsulot zarar ko‘rgan. Omborlardagi tovarlarning aksariyati kredit hisobiga sotib olingan bo‘lib, ular uchun soliqlar to‘langan va yetkazib beruvchilar oldidagi majburiyatlar ham saqlanib qolgan.

Wildberries oferta shartlariga ko‘ra, kompaniya dron hujumlari oqibatidagi zarar uchun javobgar hisoblanmaydi. Shunga qaramay, kompaniya rahbari Tatyana Kim sotuvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularga kompensatsiya to‘lash boshlanganini ma’lum qildi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, hujumlar oqibatida yetkazilgan iqtisodiy zarar kamida 180 milliard rublni tashkil etgan.

Теги :
Jamiyat