$
 12928.27
18.47
 13462.21
46.35
 129.66
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

Endilikda zargarlik buyumlarni sotib olganingizda vakolatli organni xabardor qilishingiz kerak

Zargarlik

Oliy majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida zargarlik sanoatini yanada rivojlantirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi.

Ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar taklifi

Ushbu qonun loyihasida ayrim qonun hujjatlariga zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarning qimmatbaho metallarga bo‘lgan talabini qondirish, ularning rivoji uchun qulay biznes muhitini yaratish va qonunchilikda mavjud bo‘lgan byurokratik to‘siqlarni liberallashtirishga qaratilgan bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda.

Tadbirkorlar uchun soliq imtiyozlari

Xususan, loyiha bilan 2027-yil 1-sentyabrga qadar “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasiga a’zo bo‘lgan zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi tadbirkorlarni mol-mulk va yer solig‘idan ozod etish belgilanmoqda.

Shuningdek, affinaj korxonalariga (tarkibida qimmatbaho metal va qimmatbaho toshlar bo‘lgan xom ashyo bilan ishlash faoliyatini litsensiya asosida amalga oshiruvchi korxonalar) qimmatbaho metallarni zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilar uchun qulay shakl va miqdorlarga keltirgan holda sotish hamda qimmatbaho metallardan suvenir tangalar tayyorlash va realizatsiya qilish huquqini berish nazarda tutilyapti.

Zargarlik buyumlarini realizatsiya qilish

Zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilarga ham o‘z navbatida o‘zlari yasagan zargarlik buyumlarining xomaki mahsulotlarini boshqa ishlab chiqaruvchilarga realizatsiya qilish huquqi berilmoqda.

Bundan tashqari, yuridik va jismoniy shaxslardan qimmatbaho metallarni va zargarlik buyumlarini sotib olish faoliyati vakolatli organni xabardor qilish tartibida amalga oshirishi belgilanmoqda.

Bojxona hujjatisiz sotuv taqiqlanadi

Shu bilan birga, qonun loyihasi bilan xorijda ishlab chiqarilgan qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik va boshqa buyumlarni bojxona to‘lovlari to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatlarsiz sotuvga qo‘yish hamda chakana savdoda realizatsiya qilish taqiqlanmoqda.

Muhokamalar davomida deputatlarning ayrim normalar yuzasidan savollariga qonun tashabbuskorlari tomonidan atroflicha tushuntirishlar berib o‘tildi.

Qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi

Deputatlarning ta’kidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi respublikamizda zargarlik sanoatini rivojlantirish, mahalliy zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilarni yanada qo‘llab-quvatlash va ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi. Shuningdek, sohaning eksport salohiyatini oshirish, aholining sifatli zargarlik mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga xizmat qiladi.

Qonun loyihasi deputatlar birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Теги :
Jamiyat