$
 11985.10
12.75
 13923.09
71.08
 148.86
1.34
weather
+26
Кечаси   +14°

Hukumatlar darajasidagi yolg‘on: Elektromobillar tabiatga ko‘proq zarar beradi

elektromobil

Dunyodagi ekologik vaziyat haqida qayg‘urayotganlar ko‘payib bormoqda. Ular nafaqat iqlim o‘zgarishi va boshqa ekologik tahdidlardan qo‘rqishadi, balki atrof-muhitni asrash uchun ham o‘z hissalarini qo‘shishga harakat qilishadi. Buning ko‘plab usullari mavjud — chiqindilarni alohida yig‘ishdan tortib, daraxt ekishgacha. 

Eng samarali usullardan biri deb esa elektromobillar ko‘rila boshlandi. Elektrokorlar shahar ekologiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi, ya’ni havoga zararli modda kam chiqaradi deb ta’kidlanardi. Biroq olimlarning so‘ngi tadqiqotlari buni rad etmoqda.

Kutilmagan xulosalar

Yangi Zelandiyaning Oklend universiteti va Xitoyning Syamen universiteti olimlari 15 yil davomida 26 davlatdan jamlangan ma’lumotlarni tahlil qildi. Ularning xulosasi kutilmagan bo‘ldi: agar mamlakat elektr tarmog‘i asosan qazilma yoqilg‘ilarga — ko‘mir, gaz yoki neftga tayanayotgan bo‘lsa, elektromobillarning umumiy ekologik ta’siri benzinli mashinalarnikidan ham salbiyroq chiqishi mumkin.

Sababi oddiy: elektromobilni quvvatlash uchun ishlatiladigan elektr energiyasi ko‘mir yoki gazdan olinadigan bo‘lsa, u holda atmosferaga chiqadigan CO₂ miqdori yanada ko‘payadi. Bunga qo‘shimcha ravishda, akkumulyator ishlab chiqarish jarayoni ham katta chiqindilar bilan bog‘liq.

Tadqiqot mualliflaridan biri Stiven Poletti ta’kidlaydi:

“Elektromobillar universal yechim emas. Ular faqat qayta tiklanadigan energiya ulushi yuqori bo‘lgan mamlakatlarda samara beradi. Bir vaqtning o‘zida yashil energetikaga o‘tmasdan, ularning ekologik foydasi cheklangan bo‘ladi”.

Yangi muammolar manbayi

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ham elektromobillar soni keskin ko‘paymoqda. 2025-yil 1-iyul holatiga mamlakatda 73,600 dan ortiq elektromobil ro‘yxatga olingan. Shu bilan birga, mamlakatda mahalliy ishlab chiqarish ham yo‘lga qo‘yilmoqda. Jizzaxda BYD va UzAuto hamkorligida yirik zavod ishga tushirilib, yaqin yillarda yuz minglab elektromobil yig‘ish rejalashtirilgan. Darhaqiqat, O‘zbekistondagi bu tendensiya zamonaviy transportga o‘tish jarayonida muhim qadamdir. Biroq asosiy savol ochiq qolmoqda: energetika sektori qaysi yo‘ldan boradi?

Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, elektromobillar chiqindilarni sezilarli darajada kamaytirishi uchun mamlakat elektr energiyasining kamida yarmi shamol, quyosh yoki gidro manbalaridan olinishi zarur. Bugungi global ko‘rsatkich esa bor-yo‘g‘i 30 foiz. Oʻzbekistonda esa bu koʻrsatkich 16 foizni tashkil qiladi. Demak, energetika islohotlarisiz elektromobillar masalasi global iqlim muammosini hal qila olmaydi. Aks holda, elektromobillar soni ortishi bilan elektr energiyasiga bo‘lgan talab ham oshib, qazilma yoqilg‘ilarga yuklamani kuchaytiradi.

Toʻgʻri, elektromobillar — toza havoga, zamonaviy hayot tarziga va yangi texnologiyalarga qadam. Biroq ularni hozirgi sharoitda mutlaq yechim sifatida ko‘rish xato. Ularning haqiqiy ekologik foydasi energetika tizimining qanchalik “yashil” ekaniga bevosita bog‘liq.

O‘zbekiston uchun bu ikki tomonlama vazifani anglatadi: bir tarafdan, aholi va bozor talabini qondirish uchun elektromobillarni ko‘paytirish; ikkinchi tarafdan esa, ularning haqiqiy samarasini ta’minlash uchun toza energiya ulushini keskin oshirish.

Aks holda, “ekologik toza” deb sotib olinayotgan har bir elektromobil kelajakda yangi muammolar manbayi bo‘lib qolishi mumkin.

Теги :
Avto