$
 12013.52
-10.88
 13649.76
6.88
 159.95
-0.46
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekiston yoshlari haqida xavotirli hisobot: Har uchinchi yigit-qizda oliy ma’lumot yo‘q va ishsiz

Metro Foto: Gazeta.uz

O‘zbekiston aholisining katta qismini yoshlar tashkil qiladi va yaqin yillarda aynan ular mamlakatning asosiy mehnat kuchiga aylanishi kutilmoqda. Bu iqtisodiy rivojlanish uchun katta imkoniyat hisoblanadi. Ammo Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy siyosat laboratoriyasi o‘tkazgan yangi tadqiqot boshqa bir muammoni ham ochib berdi. Ma’lum bo‘lishicha, bugungi kunda 14–30 yoshdagi har uchinchi o‘zbekistonlik na o‘qiydi, na ishlaydi va na kasb-hunar o‘rganadi.

Har uchinchi yosh ta’lim va mehnat bozoridan chetda qolgan

Tadqiqot 2025-yilda Statistika agentligi o‘tkazgan Uy xo‘jaliklari byudjeti so‘rovi ma’lumotlari asosida tayyorlangan. Unda 14–30 yoshdagi aholining ta’lim va mehnat bozoridagi ishtiroki tahlil qilingan.

Natijalarga ko‘ra, yoshlarning 36,1 foizi ishlaydi, 30,7 foizi ta’lim olmoqda yoki kasb-hunar o‘rganmoqda. Qolgan 33,2 foizi esa NEET toifasiga kiradi. Bu atama na o‘qiyotgan, na ishlayotgan va na kasb-hunar o‘rganayotgan yoshlarni anglatadi.

Mutaxassislar buni shunchaki vaqtinchalik holat emas, balki ta’lim tizimi bilan mehnat bozori o‘rtasidagi uzilish belgisi sifatida baholamoqda. Ayniqsa, 25–30 yosh oralig‘ida ta’lim olayotganlar soni kamaygan bo‘lsa-da, NEET darajasi yuqoriligicha qolayotgani bu muammoning davom etayotganini ko‘rsatadi.

Yosh ayollar orasidagi ko‘rsatkich deyarli ikki yarim baravar yuqori

Tadqiqotdagi eng e’tiborli raqamlar xotin-qizlar bilan bog‘liq. Erkaklar orasida NEET darajasi 19,4 foizni tashkil etgan bo‘lsa, ayollar orasida bu ko‘rsatkich 48,8 foizga yetgan. Boshqacha aytganda, deyarli har ikkinchi yosh ayol na ta’lim olmoqda, na ishlamoqda va na kasb o‘rganmoqda.

Hisobotda qayd etilishicha, muammo qizlarning ta’limga kirishida emas. Asosiy qiyinchilik ular o‘qishni tugatgach, mehnat bozoriga kirish bosqichida yuzaga kelmoqda.

Shuningdek, nikoh ham yosh ayollar uchun ta’lim va ish faoliyatidan chetda qolish xavfini oshiruvchi omillardan biri sifatida ko‘rsatilgan. Oiladagi yumushlar va farzand parvarishi asosan ayollar zimmasiga tushayotgani ularning iqtisodiy faolligiga sezilarli ta’sir qilayotgani ta’kidlangan.

Eng yuqori ko‘rsatkich qaysi hududlarda?

Hududlar kesimidagi tahlil ham katta tafovut borligini ko‘rsatdi. Eng yuqori NEET darajalari Namangan, Samarqand, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida qayd etilgan.

Eng past ko‘rsatkich esa Toshkent shahrida kuzatilgan. Bu poytaxtda ta’lim va ish topish imkoniyatlari boshqa hududlarga qaraganda kengroq ekanini ko‘rsatadi. Hisobotda hududlar o‘rtasidagi bunday tafovutlarni kamaytirish ham muhim vazifalardan biri ekani qayd etilgan.

Kambag‘al oilalarda muammo yanada keskin

Tadqiqot yana bir muhim bog‘liqlikni aniqlagan. Kambag‘al oilalarda yashayotgan yoshlarning 53,9 foizi NEET toifasiga kiradi. Kambag‘al bo‘lmagan oilalarda esa bu ko‘rsatkich 32 foizni tashkil etadi.

Mutaxassislar bu holat kambag‘allik va yoshlarning ta’lim hamda ish bilan bandligi o‘rtasida kuchli bog‘liqlik borligini ko‘rsatishini ta’kidlagan.

Hisobot xulosasida yoshlarning ta’limdan mehnat bozoriga o‘tishini yengillashtirish, ayniqsa xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini qo‘llab-quvvatlash, hududlar o‘rtasidagi farqni kamaytirish hamda kam ta’minlangan oilalar farzandlari uchun ta’lim va bandlik imkoniyatlarini kengaytirish muhim vazifa sifatida qayd etilgan. Bu O‘zbekistonning demografik salohiyatidan samarali foydalanishda muhim omil ekani ta’kidlangan.

Теги :
Jamiyat