$
 12024.40
7.36
 13642.88
-69.76
 160.41
-0.22
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘quvchi va talabalar dekoratsiya emas: Nega ular hali ham ommaviy tadbirlarga majburan safarbar qilinadi?

tadbir

Andijon viloyatida “Andijon polkasi” raqsini 20 ming ishtirokchi bilan ijro etib, Ginnesning rekordlar kitobiga kirish katta dabdaba bilan nishonlandi. Ammo, unga jalb qilingan maktab o‘quvchilaridan biri tadbirga ketayotganda avtohalokatga uchrab vafot etdi. Bu voqea mamlakatimizda yillar davomida ildiz otgan va haligacha butkul qonuniy barham topmagan og‘riqli tizimli muammoni – o‘quvchi va talabalarni dabdabali tadbirlar, hokim-amaldorlarni kutib olish hamda sun’iy obro‘ orttirish aksiyalariga majburiy jalb etish odatini yana kun tartibiga chiqardi.

Atlas kiygan bolalar va qalin palto kiygan amaldorlar: Real keyslar tahlili

O‘zbekistonda uzoq yillar davomida hududiy rahbarlarning tashrifi yoki xalqaro tadbirlarni “vatanparvarlik va baxtiyorlik” ruhida ko‘rsatish uchun bolalardan “dekoratsiya” sifatida foydalanish an’anaga aylangan.

Eslaylik, 2020-yilda Jizzax viloyati Baxmal tumanidagi Axborot-kutubxona markazi ochilishida hokimni kutib olish uchun yupun kiyintirilgan o‘quvchi qizlarning ishtiroki keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Jamoatchilik e’tirozlariga javoban esa hokimliklar va maktab mas’ullari “bolalar bor-yo‘g‘i 5-6 daqiqa ochiq havoda turishdi” kabi beparvo bayonot bilan qutulib qolishga urinishgan. Bundan tashqari, 2021-yilda Xorazm viloyatining Shovot tumanida 35-sonli bog‘chaning ochilish marosimida yupun kiyimda raqsga tushgan kichkina yoshdagi qizaloqlarning tasvirlari ham noroziliklar keltirib chiqargandi.

Navbatdagi Ginnes rekordini o‘rnatish va kimgadir hisobot berish maqsadida uyushtirilgan tadbir esa bir bolaning hayoti bilan yakunlandi. Bu kabi holatlarda savol tug‘iladi: “Tadbir doirasidagi qaysi rekord yoki amaldorning kayfiyati bir bolaning hayotidan ustun bo‘lishi mumkin?”

Vaziyat milliy qonunchilik rakursida

O‘zbekiston Respublikasi “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 20-moddasida bolani mehnatga jalb qilish me’yorlari qat’iy belgilangan. Jumladan, 15 yoshga to‘lgan o‘quvchilar ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxsning yozma roziligi bilan ishga qabul qilinishi, bunda ish yengil bo‘lishi, bolaning sog‘lig‘i va tarbiyasiga zarar yetkazmasligi hamda ta’lim jarayoniga xalaqit bermasligi kerak. Qonunbuzarlik holatlarida esa ma’muriy javobgarlikka tortish jazosi belgilangan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ham bir necha marotaba videoselektor yig‘ilishlari va nutqlarida maktab o‘quvchilari hamda o‘qituvchilarni turli bayramlar, tantanalar, ko‘rgazmali tadbirlar va ommaviy aksiyalarga majburiy olib chiqish amaliyotini tanqid qilgan.

Biroq, bu qat’iy taqiqlar joylardagi o‘z kursisini va hisobotini bolalar sog‘lig‘idan ustun qo‘yadigan rahbarlarning xohish-istaklari qarshisida ojiz qolmoqda.

Xalqaro huquqlar gapirganda

Bolalarni bunday ommaviy, ko‘pincha majburiy xarakterga ega tadbirlarga chaqirish xalqaro konvensiyalarga ham mutlaqo ziddir. O‘zbekiston xalqaro hamjamiyatning teng huquqli a’zosi sifatida BMTning “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi konvensiyasini ratifikatsiya qilgan. Mazkur Konvensiyaning 32-moddasida davlat bolani iqtisodiy ekspluatatsiyadan hamda uning sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lgan yoki ta’lim olishiga xalaqit beradigan har qanday ishni bajarishdan himoya qilish huquqini tan olishi belgilangan.

Shuningdek, Xalqaro Mehnat Tashkilotining “Majburiy mehnat to‘g‘risi”dagi 29-konvensiyasi talablariga ko‘ra, jazodan qo‘rqitish (o‘quvchi va talabalar misolida: o‘qishdan haydalish, bahosini pasaytirish yoki imtihondan o‘tkazmaslik tahdidi) orqali odamlarni biron-bir faoliyatga jalb qilish majburiy mehnat hisoblanadi.

Nomiga o‘tkaziladigan tadbirlarning asoratlari

O‘quvchi va talabalarni bunday kampaniya va aksiyalarga jalb qilish jamiyat uchun qisqa va uzoq muddatli jiddiy asoratlarni keltirib chiqaradi:

1. Hayot va xavfsizlikka to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid. Minglab bolalarni tashish, ularni jamoat joylarida nazorat qilish katta logistik javobgarlik talab qiladi. Yo‘l harakati xavfsizligining yetarli ta’minlanmasligi (masalan, Andijondagi halokatli keys) bevosita fojialarga zamin yaratadi.

2. Ta’lim sifatining inqirozi. O‘zbekiston maktablaridagi ta’lim sifati xalqaro reytinglarda (masalan, PISA testlarida) past ko‘rsatkichlarni qayd etayotgan bir paytda, oltinga teng dars soatlarini ko‘cha tadbirlari va raqs repetitsiyalariga sarflash – kelajak avlod intellektini ongli ravishda pasaytirish bilan teng.

3. Soxtalik madaniyati. Yosh bolalarga amaldorlar kelganda kiyinish, soxta kulish va dabdabali qarsakbozlik qilish majburiyati singdirilsa, ularda islohotlarga nisbatan samimiy hurmat o‘rniga, faqat ko‘zbo‘yamachilik orqali yashash mumkinligi haqidagi zararli immunitet shakllanadi.

4. Resurslarning maqsadsiz sarflanishi. Tadbirlar uchun ota-onalarning hisobidan kiyimlar sotib oldirilishi yoki byudjet mablag‘larining amaliy foyda keltirmaydigan fleyra-shoularga yo‘naltirilishi iqtisodiy samarasizlik va yashirin korrupsiyani rag‘batlantiradi.

Ko‘zbo‘yamachilikka qachon chek qo‘yiladi?

O‘zbekiston jahon hamjamiyatida “inson qadri oliy qadriyat” bo‘lgan yangi tizim qurayotganini e’lon qilgan. Inson qadri deyilganda, birinchi navbatda, bolalarimizning huquqlari va hayoti tushunilishi shart.

Hech qaysi mintaqaning nufuzi, hech qaysi viloyat hokimining dabdabali hisoboti yoki Ginnes rekordlar kitobidagi soniyalik satrlar bitta bolaning sog‘lig‘i va darsidan uzoqlashishiga arzimaydi. Joylardagi hokimliklar va maktab - OTM ma’muriyatlari tushunib yetishi kerak: bolalar va talabalar — amaldorlarning reytingini ko‘tarish yoki xalqaro mehmonlarga ko‘z-ko‘z qilish uchun tayyorlangan passiv dekoratsiya emas. Ular mamlakat kelajagini quruvchi, dars xonalarida bilim olishi shart bo‘lgan shaxslardir.

Теги :
Jamiyat