$
 12067.60
15.27
 14239.77
26.46
 153.71
weather
+26
Кечаси   +14°

2025-yilgi “Yil mamlakati” e’lon qilindi

Yil mamlakati

Har yili Rojdestvo arafasida The Economist jurnali “yil mamlakati”ni e’lon qiladi. Bu nominatsiya na eng baxtli davlatga, na eng qudratliga beriladi. Eng baxtli mamlakat deyarli har doim Skandinaviya mintaqasidan chiqishi, eng qudratli esa doimiy ravishda superdavlatlardan biri bo‘lishi tabiiy. Shu bois tahririyat e’tiborni boshqa mezonga qaratadi: iqtisodiy, siyosiy yoki jamiyat hayotining boshqa muhim jabhalarida yil davomida eng katta ijobiy siljishlarga erishgan davlat aniqlanadi.

Turbulent yil va ijobiy istisnolar

2025-yil global miqyosda notinch o‘tdi. AQSh prezidenti Donald Tramp xalqaro savdo tizimini larzaga soldi, G‘azo va Sudan kabi hududlar dahshatli to‘qnashuvlar girdobida qoldi. Shunga qaramay, bir qator mamlakatlar ushbu beqarorlik fonida og‘ir sinovlarni munosib yenga oldi.

Kanadada populist yetakchi o‘rniga bosiq, tajribali texnokrat bosh vazirlikka saylandi va mamlakat Qo‘shma Shtatlardan kelgan bosimlarga qaramay mustaqil pozitsiyasini saqlab qoldi. Moldovada saylovchilar Rossiyaparast partiyani rad etib, Moskvaning tahdidlari va dezinformatsiyasiga berilmadi. Tramp ma’muriyati esa Yaqin Sharqda – Isroil va falastinliklar o‘rtasida bo‘lsa-da, beqaror sulh kelishuviga vositachilik qildi.

Demokratiyani himoya qilgan davlatlar

Janubiy Koreya o‘z demokratiyasini jiddiy tahdiddan asrab qolgan mamlakat sifatida alohida tilga olinadi. Bir yil avval prezident Yun Suk Yel harbiy holat joriy etishga uringan, parlament ishini to‘xtatish uchun qo‘shinlar yuborgan edi. Biroq parlament a’zolari, fuqarolik jamiyati va asosiy institutlarning qat’iy pozitsiyasi tufayli bu urinish barbod bo‘ldi. 2025-yilda esa sobiq prezident davlat to‘ntarishiga urinish ayblovi bilan sudga tortildi.

Konstitutsion tuzumni ag‘darishga qaratilgan zo‘ravon harakatlarga munosabat borasida Braziliya ham muhim signal jo‘natdi. 2025-yil sentyabrida sud 2022-yilgi saylovda mag‘lub bo‘lgach, o‘zini “aldangan” deb e’lon qilgan va hokimiyatda qolish uchun to‘ntarishga uringan sobiq prezident Jair Bolsonaruga 27 yillik qamoq jazosini tayinladi. Braziliya 20-asrning katta qismida to‘ntarishlardan aziyat chekkan davlat sifatida tanilgan; ilk bor to‘ntarish tashabbuskori bu darajada qat’iy jazoga duchor bo‘ldi.

Mamlakat, shuningdek, 2025-yilda Amazonka havzasida o‘rmonlarning kesilish sur’atini pasaytirishga erishdi va shu orqali global iqlim o‘zgarishini jilovlashga sezilarli hissa qo‘shdi. Biroq Rossiya bilan haddan ziyod yaqinlashgan tashqi siyosat Braziliya obro‘siga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatdi.

Argentina: og‘riqli, ammo zarur islohotlar

Bu yil “yil mamlakati” unvoni uchun asosiy ikki da’vogar — Argentina va Suriya. Argentinadagi ijobiy o‘zgarishlar, avvalo, iqtisodiy jabha bilan bog‘liq. Prezident Xavyer Milei 2023-yilda mamlakatni bir asrlik davlatparastlik va turg‘unlik uyqusidan uyg‘otish maqsadida keng ko‘lamli bozor islohotlarini boshladi.

Narxlarni ma’muriy boshqaruvdan chiqarish, davlat xarajatlarini qisqartirish va buzuvchi subsidiyalardan voz kechish kabi choralar nihoyatda og‘riqli bo‘lgani uchun, siyosiy jihatdan ham g‘oyat xavfli hisoblanadi; tarixda ko‘plab islohotchilar aynan shu bosqichda muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Milei esa 2025-yilda ham o‘z radikal dasturidan chekinmadi, saylovchilar ko‘pchiligi ham unga bo‘lgan ishonchini saqlab qoldi. AQSh esa Argentinaga 20 milliard dollarlik moliyaviy yordam paketi taqdim etib, potensial inqilobning oldini olishga ko‘maklashdi.

Natijalar sezilarli: 2023-yilda 211 foizni tashkil etgan inflyatsiya hozirda qariyb 30 foiz atrofida. Qashshoqlik darajasi bir yil ichida 21 foiz bandiga kamaydi. Davlat byudjeti nisbatan tartibga keltirildi. Prezident peso kursini erkin suzuvchi rejimga yaqinlashtirish yo‘lida keskin qadamlar tashlab, kapital harakatlariga qo‘yilgan cheklovlarning aksariyatini bekor qildi.

Shu bilan birga, Argentinaning kelajagi hanuz noaniq. Mamlakatni avlodlar davomida noto‘g‘ri boshqarib kelgan peronist kuchlar Milei bir marta bo‘lsa-da yanglishishini kutib, hokimiyatga qaytishga intilmoqda. Prezidentning o‘zi ham tanqiddan xoli emas: u muxolif fikrni og‘ir qabul qilishi, atrofida esa korrupsiya bilan bog‘liq mojarolar ko‘paygani aytiladi. Biroq mavjud kurs uzoq muddat davom etsa, Argentina taraqqiyot yo‘lini tubdan o‘zgartirishi va boshqa davlatlardagi bozor islohotlari tarafdorlari uchun ham muhim ilhom manbaiga aylanishi mumkin.

Suriya: diktaturadan nisbiy osoyishtalikka

Suriya misolida esa ijobiy o‘zgarishlar, avvalo, siyosiy sohada namoyon bo‘ldi. Yaqin vaqtgacha mamlakat Eron va Rossiya tomonidan qo‘llab-quvvatlangan, o‘z xalqiga nisbatan shafqatsiz munosabati bilan badnom Bashar al-Asad rejimi qo‘l ostida edi. Uning qamoqxonalarida siyosiy mahbuslar soni nihoyatda yuqori bo‘lgan, isyon va norozilik qiynoqlar yoki o‘lim bilan jazolangan. O‘n uch yil davom etgan fuqarolar urushi natijasida yarim milliondan ortiq inson halok bo‘ldi. Asad qo‘shinlari tinch aholiga nisbatan kimyoviy qurollar va bochkali bombalarni ommaviy qo‘llagan, 6 milliondan ortiq suriyalik esa mamlakatni tark etishga majbur bo‘lgan edi.

2024-yil dekabr oyi boshida vaziyat tubdan o‘zgardi: isyonchilar hokimiyatni egalladi, Asad esa mamlakatni tark etishga majbur bo‘ldi. O‘sha paytda “yil mamlakati” aniqlanayotganida yangi Suriya qanday shakl olishi borasida aniq tasavvur yo‘q edi. Chunki hokimiyat tepasiga kelgan Ahmad ash-Sharo radikal jihodchi sifatida tanilgan edi.

Xavotirlar asossiz emasdek ko‘ringan: kuzatuvchilar mamlakatda qattiqqo‘l islomiy teokratiya joriy etilishi yoki Suriya butkul betartiblikka qulab tushishidan qo‘rqardi. Ammo oradan vaqt o‘tgan sari bu qo‘rquvlar o‘zini oqlamadi. Ayollar hijob taqishga yoki uyda qolishga majbur emas. Dam olish, ommaviy ko‘ngilochar tadbirlar va hatto spirtli ichimliklar iste’moli ham taqiqlanmagan.

Ash-Sharo mamlakatni bir butun saqlab qolish, AQSh hamda Fors ko‘rfazi davlatlari bilan konstruktiv diplomatik aloqalar o‘rnatish orqali bir qator kutilmagan ijobiy qadamlar tashladi. G‘arb sanksiyalari bosqichma-bosqich yumshatilishi fonida iqtisodiyot ham asta-sekin tiklana boshladi.

Hanuz yechilmagan muammolar

Shunga qaramay, Suriya oldida ulkan sinovlar saqlanib qolmoqda. Qurolli guruhlar ozchilik etnik va diniy guruhlarga qarshi ikki dahshatli qatliom sodir etib, jami 2 ming kishini o‘ldirgan. Ash-Sharo hokimiyatni klan va urug‘-aymoq manfaatlari asosida yuritayotgani ham tanqid qilinmoqda. Mamlakat hanuz nihoyatda mo‘rt, vaziyat istalgan payt yana izdan chiqishi ehtimoli yuqori.

Biroq 2025-yildagi Suriya 2024-yilgi manzaradan tubdan farq qiladi. Mamlakatda vahima va umumiy qo‘rquv avvalgi darajada emas. Hayot oson emas, lekin aholi ko‘pchiligi uchun kundalik turmush nisbatan odatdagi maromiga qayta boshladi. Buning eng ko‘rinadigan isboti — oyoqlari bilan ovoz berayotgan fuqarolar: qariyb 3 million suriyalik so‘nggi oylar ichida vatanga qaytdi.

Yakuniy tanlov

Shu tarzda, iqtisodiy islohotlar sohasida Argentina sezilarli muvaffaqiyatlarga erishgan bo‘lsa-da, siyosiy zulm va fuqarolar urushi domidan nisbiy osoyishtalik sari yo‘l topa olgan Suriya — o‘zgarishlar ko‘lami va murakkabligiga ko‘ra yanada ajralib turadi.

The Economist tahririyatining 2025-yil uchun “yil mamlakati” unvonini aynan Suriyaga berishi ham ana shu omillar yig‘indisi bilan izohlanadi.

Теги :
Jamiyat
Siyosat