$
 11942.21
-47.25
 13743.10
-72.35
 147.42
-2.06
weather
+26
Кечаси   +14°

Samarqand rasadxonasidan Yer orbitasigacha yo‘l

yer

Bugun O‘zbekiston tarixida muhim kun – “Samarkand-2028” sun’iy yo‘ldosh moduli Xitoyning Shandun qirg‘oqlaridan O‘zbekkosmos ishlab chiqqan sun’iy intellekt modulli giperspektral sun’iy yo‘ldoshi koinotga uchirildi. Endi Yer atrofida aylanayotgan sun’iy yo‘ldoshlar xaritasida Samarqand nomi ham joy egallaydi. Bu voqea oddiy texnologik yangilik emas. U O‘zbekistonning fazoviy texnologiyalar sohasidagi uzoq muddatli maqsadlari va ilmiy salohiyatini namoyon etuvchi bosqich sifatida ham qaralmoqda. Ayniqsa, sun’iy yo‘ldosh bortidagi sun’iy intellekt moduli o‘zbekistonlik mutaxassislar ishtirokida ishlab chiqilgani mamlakatning faqat iste’molchi emas, balki kosmik texnologiyalar yaratuvchisi bo‘lishga intilayotganini ko‘rsatadi.

Nima uchun aynan “Samarkand-2028” nomi tanlandi?

“Samarkand-2028” nomining tanlanishi ham bejiz emas. Samarqand asrlar davomida ilm-fan, ayniqsa astronomiya markazlaridan biri bo‘lib kelgan. Masalan, Mirzo Ulug‘bek asos solgan observatoriya o‘z davridagi eng mukammal inshootlaridan biri bo‘lgan. Bu yerda Mirzo Ulug‘bek shogirdlari bilan “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” asarida 1018 ta yulduzning aniq koordinatalarini o‘lchab chiqqan. Bu katalog XV asrning eng aniq astronomik jadvali bo‘lib, bir necha asr davomida butun dunyo bo‘ylab foydalanilgan. Bundan tashqari u hisoblagan Quyosh yili 365 kun 6 soat 10 daqiqa 8 soniya hozirgi zamonaviy hisobdan atigi 58 soniya farq qiladi. Bu esa teleskopsiz amalga oshirilgan kuzatuvlar uchun nihoyatda yuqori aniqlik edi. Bugun esa oradan qariyb olti asr o‘tib, “Samarqand” nomi yana koinot bilan bog‘lanmoqda.

Maydanak – dunyodagi eng yaxshi astronomik kuzatuv nuqtalaridan biri

Maydanak observatoriyasi Oʻzbekistonning eng yirik optik astronomiya markazi bo‘lib, Qashqadaryo viloyatining Maydanak togʻ platosida, dengiz sathidan 2 650 metr balandlikda joylashgan. U 1970-yilda tashkil etilgan. Observatoriyada Markaziy Osiyodagi eng yirik optik teleskoplardan biri – diametri 1,5 metr bo‘lgan AZT-22 teleskopi ishlaydi. Bu yerda yulduzlar, galaktikalar, asteroidlar, kometalar va boshqa osmon jismlari kuzatiladi. Maydanak observatoriyasi atmosfera sharoitining nihoyatda qulayligi bilan dunyoga tanilgan. Shu sababli u Germaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya va boshqa davlatlar olimlari ishtirokidagi xalqaro ilmiy tadqiqotlarda muhim o‘rin tutadi hamda Oʻzbekistonda astronomiya fanining rivojiga katta hissa qo‘shmoqda. Ushbu observatoriyada 80 dan ortiq asteroid, 4 ta kometa va 2010-yilda aniqlangan hamda “Samarqand” deb nomlangan kichik sayyora aniqlangan.

Sovet davridagi ilmiy markazlar

Sovet davrida Oʻzbekiston kosmik dastur uchun faqat kadrlar emas, balki muhim ilmiy va texnik infratuzilma bilan ham hissa qoʻshgan. Ayniqsa Toshkent va Chortoqdagi obyektlar kosmik tadqiqotlar bilan bogʻliq ishlarda qatnashgan. Masalan, 1960-1980-yillarda Toshkent SSSRning kosmik sanoati uchun muhim ilmiy markazlardan biri sifatida xizmat qilgan. Toshkentda kosmik apparatlar uchun elektron uskunalar ishlab chiqilgan, telemetriya va radioaloqa tizimlari yaratilgan, kosmik qurilmalar sinovdan o‘tkazilib, geodeziya va masofadan zondlash texnologiyalarini rivojlantirilgan. Xususan, Toshkent Mashinasozlik konstruktorlik byurosi (TMKB) Sovet Ittifoqining Venera dasturida ishtirok etgan. Aynan shu korxonada Venera-13, Venera-14 hamda Vega-1 va Vega-2 sayyoralararo apparatlari uchun Venera tuprogʻidan namuna oluvchi burgʻilash va grunt olish mexanizmlari ishlab chiqilgan. Ularning sinovlari Toshkent viloyatidagi maxsus poligonda oʻtkazilgan.

Suffa radioobservatoriyasi

Suffa platosidagi radioobservatoriya O‘zbekistondagi eng istiqbolli kosmik loyihalardan biri hisoblanadi. U Jizzax viloyatining Zomin tumanida, Turkiston tizmasining shimoliy yonbagʻirida, dengiz sathidan taxminan 2 400–2 500 metr balandlikda joylashgan. Aynan shu tabiiy sharoit uni radioastronomik kuzatuvlar uchun juda qulay maskanga aylantirgan. Ammo uning qurilishi bir necha bosqichlarga ajralgan.

1970-yillarning oxirida radioobservatoriya uchun joy tanlash ishlari boshlangan. 1981-yilning may oyida uning tamal toshi qo‘yilgan. 1982-yildan esa qurilish ishlari boshlangan. Loyidan ko‘zlangan maqsad – koinotdagi radio manbalarni kuzatish, qora tuynuklar va galaktikalarni tadqiq qilish, kosmik apparatlar bilan uzoq masofali aloqani ta’minlash va Yer-Kosmos interferometrik kuzatuv tizimida qatnashish edi. Qurilish loyihasini amalga oshirishda SSSR Fanlar akademiyasi, P.N. Lebedov nomidagi Fizika institutining Astrokosmik markazi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, SSSRning loyiha va qurilish institutlari hamkorlik qilishgan. 1985-yilda observatoriyaning bosh loyihasi SSSR Fanlar akademiyasining A. V. Shchusev nomidagi loyiha instituti tomonidan ishlab chiqilgan.

Ammo 1991-yil SSSR parchalangach, moliyalashtirilish to‘xtatiladi va qurilish muzlatiladi. Platoda RT-70 radioteleskopining faqat asosiy konstruksiyalari qurib bitkazilgan edi. 1995-yil 27-iyulda esa Oʻzbekiston va Rossiya hukumatlari Suffa xalqaro radioastronomiya observatoriyasini birgalikda yakunlash bo‘yicha hukumatlararo bitim imzoladi. 2000-yillarda qurilishning ayrim bosqichlari tiklanib, 2025-yilda RT-70 teleskopining yakuniy qurilish bosqichi boshlangani rasman e’lon qilindi.

Milliy kosmik agentlikning xalqaro maydonga kelishi

O‘zbekistonning kosmik faoliyatini rivojlantirish maqsadida 2019-yilning 30-avgustida prezident farmoni bilan O‘zbekkosmos birinchi milliy agentlik tashkil qilindi. Agentlik faoliyatini tashkil etish tartibi esa Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlandi. Agentlik tashkil etilgandan buyon milliy sun’iy yo‘ldosh dasturlarini yo‘lga qo‘yish, Yerning sun’iy yo‘ldosh tizimi orqali davlat monitoring tizimini yo‘lga qo‘yish, kosmik texnologiyalarni davlat boshqaruvi va iqtisodiyotga joriy etish, “Samarkand-2028” va “Mirzo Ulugʻbek CubeSat” kabi loyihalarni amalga oshirish ustida ish olib bormoqda.

Samarqand – xalqaro kongress mezboni

2025-yil Avstraliyaning Sidney shahrida o‘tkazilgan Xalqaro astronavtika kongressida uning keyingi yig‘ilishini 2028-yilda ilk marotaba Markaziy Osiyoda o‘tkazilish belgilandi. Uzcosmos delegatsiyasi IAC-2028 tadbirini Samarqandda o‘tkazishni taklif qildi.

“Bu tarixiy voqea nafaqat mamlakatimiz, balki butun Markaziy Osiyo uchun ham kosmik sohada yangi davrni boshlab beradi”, - deya qayd etgan “O‘zbekkosmos” agentligi.

“Mirzo Ulugʻbek 6U CubeSat” nima?

“Mirzo Ulugʻbek” – Oʻzbekiston tarixidagi birinchi milliy ilmiy sun’iy yoʻldosh loyihasi bo‘lib, u 6U CubeSat formatida yaratilmoqda. Loyiha Oʻzbekkosmos agentligi va Kyushu Institute of Technology (Kyutech, Yaponiya) hamkorligida amalga oshirilmoqda. Sun’iy yo‘ldosh buyuk astronom va matematik Mirzo Ulugʻbek sharafiga nomlangan. Bu nom Oʻzbekistonning XV asrdagi astronomiya maktabi bilan zamonaviy kosmik texnologiyalar o‘rtasidagi tarixiy bogʻliqlikni ifodalaydi.

“Mirzo Ulug‘bek” quyidagi yo‘nalishlarda ishlashni rejalashtirgan:

·       Yerni masofadan zondlash (Earth Observation)

·       qishloq xo‘jaligi va ekologik monitoring

·       ilmiy tajribalar o‘tkazish

·       yangi kosmik texnologiyalarni orbitada sinovdan o‘tkazish

·       Oʻzbekistonda sun'iy yo‘ldoshlarni boshqarish tajribasini shakllantirish.

Loyihaning eng muhim jihati shundaki, u tayyor holda sotib olinmayapti. 2025-yilda O‘zbekkosmos yetti nafar muhandisni Kyutech universitetiga magistratura va amaliy tayyorgarlik uchun jo‘natdi. Ular hozirda sun’iy yo‘ldoshni loyihalash, elektron tizimlarni ishlab chiqish, yig‘ish, sinovdan o‘tkazish va orbitada boshqarish ishlarida faol ishtirok etmoqda.

Amaldagi rejaga ko‘ra, “Mirzo Ulug‘bek” sun’iy yo‘ldoshi 2028-yilda uchirilishi ko‘zlangan. 

O‘zbekistonning rasadxonadan boshlangan astronomik yo‘li shuni ko‘rsatadi-ki, bu sohadagi ilmiy tadqiqot va izlanishlar tobora rivojlanib bormoqda. Ajabmas, O‘zbekkosmos ham bir kun kelib NASA va SpaceX kabi yirik astronomik kompaniyalar bilan bir qatorda tilga olinsa.

Теги :
Jamiyat