$
 11963.23
50.85
 13970.66
97.5
 155.35
1.96
weather
+26
Кечаси   +14°

Texnogen ofatga texnik yechim: Sun’iy yomgʻir vaziyatimizni qanchalik yaxshilaydi?

sun

O‘zbekistonda bir necha haftadan buyon davom etayotgan havo ifloslanishi fonida sun’iy yomg‘ir yog‘dirish masalasi yana muhokamalar maydoniga chiqdi. To‘g‘ri, yurtimiz osmonida sun’iy yomg‘ir yog‘dirish haqida bir necha yillardan buyon aytib kelinadi. Bu borada ilk va’dalar 2022-yilda berilgandi. Uch yil oldin O‘zbekiston Gidrometeorologiya xizmati markazi (O‘zgidromet) bosh direktor o‘rinbosari Ibratjon Karimov sun’iy yomg‘ir yog‘dirish texnologiyasini qayta joriy etish rejalashtirilayotganini aytgandi. O‘shanda loyiha uchun 10 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratish taklif etilgan va respublikadagi yirik tashkilotlar bilan muzokaralar olib borilayotgani ma’lum qilingandi. Ammo haligacha bu amaliyot ommaviy qo‘llanilmadi. 

Shunda savol tug‘iladi: Sun’iy yomg‘ir yog‘dirish o‘zi nima, jarayon qanday amalga oshiriladi, uning qanday foyda va zararlari bor? Bu O‘zbekiston uchun imkonsiz narsami?  

Sun’iy yomg‘ir qanday yog‘diriladi? 

Sun’iy yomg‘ir — bu tabiiy bulut tarkibiga maxsus moddalar kiritish orqali yomg‘ir yoki qor yog‘ishini rag‘batlantirish jarayonidir. Oddiy qilib aytganda, bulutga ta’sir etib, uning ichki tuzilishini o‘zgartirish orqali yomg‘ir yog‘ishiga sharoit yaratiladi. Bunda yuqoridan Kumush yodid (AgI), quruq muz va gidroskopik tuzlar kabi moddalar atmosferadagi bulutlarga sepiladi va bulut tarkibidagi suv zarrachalarini og‘irligini oshiradi. 

Bulut, asosan, ularning ichki haroratiga qarab «sovuq» va «issiq» turlarga bo‘linadi. Ushbu tasnifga qarab ularga qanday usulda va qaysi kimyoviy moddalar yordamida ta’sir o‘tkazishni aniqlash mumkin. Sovuq bulutlarda umumiy harorat 0 gradusdan past bo‘lsa, issiqlari bu ko‘rsatkichdan yuqori bo‘ladi. 

Sovuq bulutlarda yomg‘ir kumush yodid yordamida hosil qilinadi. Bunda kumush yodid juda sovuq tomchilarni muz yadrolariga aylantiradi va muz kristallari atrofdagi suv bug‘ini yig‘ib, tezda og‘irlashadi. Yetarlicha og‘irlashgan kristallar havo oqimini yengib pastga tusha boshlaydi va iliqroq qatlamlarda erib, yomg‘irga aylanadi. 

Issiq bulutlarda esa tuzlar asosiy rol o‘ynaydi. Gidroskopik tuzlar havoni o‘ziga tortadi va boshqa tomchilarga qaraganda ancha katta bo‘lgan tomchilarni hosil qiladi. Bu tomchilar pastga tushish mobaynida yo‘lida boshqa mayda tomchilar bilan to‘qnashadi va birlashadi. Bir nechta suv tomchilari yig‘ilib og‘irlashadi va yomg‘ir hosil qiladi. 

Samolyot yoki raketa bilan 

Bu jarayon odatda uch xil usulda: samolyotlar, yerdagi generatorlar yoki raketa va snaryadlar bilan amalga oshiriladi.  

Samolyotlar yordamida sun’iy yomg‘ir yog‘dirish eng keng qo‘llaniladigan usul hisoblanadi. Bu jarayonda samolyot bulutlarning yuqori qismiga yoki yomg‘ir paydo bo‘lishi ehtimoli eng yuqori bo‘lgan joyga uchib boradi. Samolyot qanotlari yoki tanasiga o‘rnatilgan maxsus qurilmalar orqali kumush yodid eritmasi havoga sepiladi, bu esa bulutlar ichida suv tomchilarini birlashtirib, yomg‘ir yog‘ishiga sabab bo‘ladi. 

Yerdagi generatorlar orqali sun’iy yomg‘ir yog‘dirish asosan tog‘li hududlarda qo‘llaniladi. Bunday generatorlar yuqori tog‘ cho‘qqilariga o‘rnatiladi va ulardan kumush yodid eritmasi yuklangan moddalar havoga chiqariladi. Moddalar havo oqimlari va shamol yordamida yuqori qatlamlarga ko‘tariladi hamda bulutlarga ta’sir qiladi. 

Shuningdek, sun’iy yomg‘ir yog‘dirishda raketa yoki snaryadlardan foydalaniladigan usul ham mavjud. Bu usulda yer yuzasidan maxsus qurilmalar yordamida yuqori balandlikka moddalar yetkaziladi. Snaryad yoki raketa belgilangan balandlikka yetgach portlaydi va yomg‘ir keltirib chiqaradigan agentlar bulut ichiga tarqaladi. Biroq bu usul yuqori xarajatli bo‘lgani uchun doimiy ravishda qo‘llanilmaydi. 

Inqilobiy kashfiyot 

Sun’iy yomg‘ir yog‘dirish tarixi Ikkinchi jahon urushi davrlariga borib taqaladi. O‘sha vaqtda aviatsiya uchun eng katta xavflardan biri bu bulutlar ichidagi sovuq suv tomchilari tufayli samolyot qanotlarining muzlashi edi. Muzlanishning oldini olish yo‘llarini o‘rganish ustida esa General Electric kompaniyasi ishlayotgan edi.

Urushdan keyin ham ushbu laboratoriyada Nobel mukofoti sovrindori Irving Langmyur va uning tadqiqot guruhi ushbu muammo ustida ishlashni davom ettirdi. 1946-yilda Vinsent Shefer muzlashga qarshi kurash bo‘yicha tajribalar o‘tkazayotganida, tasodifan laboratoriya muzlatkichi kamerasidagi bulut ichiga quruq muz tashlab yuboradi.

Natijada sun’iy ravishda qor kristallari hosil bo‘ladi. O‘sha yilning noyabr oyida Shefer samolyot yordamida Massachusets shtatining Pitsfild shahri yaqinidagi bulutga quruq muzni sepib, birinchi marta ochiq havoda muvaffaqiyatli sinov o‘tkazadi va bulutdan qor yog‘ishiga erishadi.  

Jahon tajribasi 

Xitoy, Eron, Birlashgan Arab Amirliklari, AQSH, Avstraliya va Rossiya kabi davlatlar bu usuldan katta yer maydonlarini sug‘orish, do‘l muammosini kamaytirish va gidroenergetika sohalarini rivojlantirishda qo‘llab keladi. 

Eng katta bulutli ekish tizimi Xitoyda bor. Xitoy osmonga kumush yodidli raketalar otish orqali qurg‘oqchil hududlarda yomg‘ir miqdorini oshiradi.  

Birlashgan Arab Amirliklari olimlari ham o‘ta issiq iqlim tufayli mamlakatdagi suv ta’minoti taqchilligini to‘ldirish uchun bulutli ekish texnologiyasidan foydalanadi. Sinoptiklar va olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, bulutli ekish operatsiyalari yomg‘irni toza atmosferada 30-35 foizgacha, namroq atmosferada esa 10-15 foizgacha oshirishi mumkin. 

Hindistonda 1983, 1984—87-va 1993-94-yillarda qattiq qurg‘oqchilik tufayli Tamil Nadu hukumati tomonidan bulutli ekish operatsiyalari o‘tkazilgan. Eron esa 1953—1957-yillarda samolyot va kumush yodid birikmasidan foydalangan holda, Karaj va Jajrud to‘g‘onlari hududidagi bulutlarni urug‘lantirgandi. 

O‘zbekiston uchun bu imkonsizmi? 

Ushbu amaliyot O‘zbekiston uchun ham begona emas. Joriy yilning aprel oyida ham mamlakatning eng quruq iqlimli hududlaridan biri Navoiy viloyatining Konimex tumanida sun’iy yomg‘ir yog‘dirish texnologiyasi amalga oshirilgan edi. O‘shanda jarayon muvaffaqiyatli kechsa, respublikaning boshqa hududlarida ham ushbu texnologiyadan foydalanilishi aytilgan edi. Ammo o‘shandan buyon bu mavzu boshqa ko‘tarilmagan, oradagi jimlikni esa poytaxt havosining kuchli ifloslanishi buzdi. 

Ushbu masala yana ko‘tarilgach O‘zgidromet Toshkentda bir marta sun’iy yomg‘ir yog‘dirish 50 ming dollargacha xarajat talab qilishini aytib chiqdi . 

O‘zgidromet bu amaliyotni amalga oshirish uchun muayyan tabiiy va texnik shartlar kerakligini ta’kidladi. Jumladan, bulutlarning mavjudligi, harorat va namlik darajasi belgilangan me’yorda bo‘lishi lozim. Toshkentda bu kabi shartlar asosan bahor va kuz oylarida kuzatiladi. 

Sun’iy yomg‘irdan keyin havodagi iflos moddalar 20–40 foizgacha kamayishi mumkin. Masalan, 2025- yil 4-noyabrdagi yomg‘irdan so‘ng Toshkentda ifloslanish darajasi 60–70 mkg/m³ dan 5–10 mkg/m³ gacha pasaygan. 

Shu bilan birga, texnologiya juda qimmat — bir operatsiya 25–50 ming dollarga tushadi. 1990- yillarda Toshkentda bayramlar paytida yomg‘irsiz ob-havo ta’minlash uchun 1 mln dollar sarflangani qayd etilgan.

Shuningdek, sun’iy yomg‘ir yog‘dirish texnologiyasining afzalliklari qatorida havo tozalanishi va salomatlikka ijobiy ta’sir qayd etilsa, xavf sifatida vaqtinchalik samara, yomg‘irning notekis taqsimlanishi va kimyoviy moddalarning tuproqqa ta’siri sanab o‘tilgan. 

Shu bois, O‘zgidromet loyihani texnik-iqtisodiy asoslash, pilot tarzda sinash va xalqaro hamkorlar bilan birgalikda amalga oshirishni taklif etmoqda. Loyiha 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan atmosfera havosini yaxshilash dasturi doirasida ko‘rib chiqilishi mumkinligi qayd etilgan.

Теги :
Jamiyat