$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

"Arosatda qolgan talabalar" muammosi hal bo'ldi

talabalar

Namangan xalqaro universitetining 6041 nafar va Urganch shahridagi "Binari" universitetining 173 nafar talabasining o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizasi qabul qilindi.

"Namxu" va "Binari" talabalari 11-martdan yana OTMlarga boradi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, NamXU va Binari universiteti 6214 nafar talabasining ro‘yxatlari tegishli xususiy oliy ta’lim tashkilotlariga yo‘llandi. Oliy ta’lim tashkilotlariga talabalarning o‘qishini belgilangan tartibda boshlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berilib, darslar rasman 11-mart sanasidan boshlanishi e’lon qilindi.  Avvalroq “Valley Innovative university”ning talabalari ham o‘zi xohlagan universitetlarga o‘qishi ko‘chirilgandi. 

Faoliyati to‘liq tugatilgan OTMlar

Ma’lumotlarga qaraganda, 2024-yilning fevral holatiga ko‘ra, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi nodavlat OTMlarda tekshiruv o‘tkazib, kamchiliklar aniqlab, 6 ta nodavlat OTMlar litsenziyasini bekor qilish bo‘yicha sudga ariza kiritgan. Shundan hozir Valley, Binari va Namangan xalqaro universitetining faoliyati oxirgacha tugatilgan. Ular orasida muhokamalarga sabab bo‘lgan NamXU bo‘yicha sud ishi 7-martagacha qayta ko‘rib chiqilgan. 

Abduvali Xoliqov xabar qiladi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi departament boshlig‘i Abduvali Xoliqovning gaplariga qaraganda, yakuniy bosqichda ham OTM litsenziyasi bekor qilinsa, talabalar taqdirini hal qilish bo‘yicha OTFIV shug‘ullanadi. Litsenziyasi bekor bo‘lgan OTM talabalariga nodavlat OTMga hujjat topshirish majburiyati qo‘yilmaydi. Ular davlat OTMga ham o‘qishini ko‘chirishi mumkin va uning imtihonlari yozda o‘tkaziladi. Talaba xohlasa, semestri tugaguncha nodavlat OTMda o‘qib, yozda yana davlat oliygohlariga o‘qishni ko‘chirishga ariza berishi mumkin. “NamXUdagi deyarli 95 foiz talaba nodavlat OTMga o‘tishga ariza bergan. Nodavlatlardagi talabalarni qabul qilish sig‘imidan kelib chiqib, ular bilan ham gaplashdik. Ularning roziligi olingan. Shuningdek, rektorlar talabalar NamXUdagi kontrakt summasi bilan bir xil miqdorda kontrakt to‘lashiga, o‘quv yili davomida qolib ketgan kreditlarini topshirishiga ruxsat bergan. Qaror chiqqunicha kunduzgi ta’limda o‘qiydigan talabalar norasmiy ravishda darsga qatnab turibdi. Vazirlik bunga ruxsat berdi”, – dedi vazirlik vakili. Lekin talaba davlat OTMga test topshirib, testdan o‘tolmasa, uning taqdiri nima bo‘lishi haqida javoblar yo‘q.

Amaldagi qonunchilik qanday?

2023-yil 4-iyulda imzolangan, “Ma’muriy islohotlar doirasida oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qaroriga ko‘ra, talabalarning arizalari kuzgi semestr uchun 15-iyuldan 5-avgustgacha, bahorgi semestr uchun esa 15-yanvardan 25-yanvargacha qabul qilinishi ko‘rsatilgan. Qarorda litsenziyasi tugatilayotgan nodavlat OTM talabalari o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha istisno holat uchramaydi.

Nodavlat OTMlarga litsenziya qayerdan beriladi?

Xususiy bog‘chalar va maktablarga Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, xususiy professional ta’lim muassasalari va oliy o‘quv yurtlariga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi litsenziya beradigan bo‘ldi. Litsenziyalash “Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risida”gi yagona nizom asosida amalga oshiriladi. Shuningdek, “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunning 8-moddasida ham nodavlat ta’lim tashkilotlari faoliyatini litsenziyalash shartlari ko‘rsatilgan. Ma’lumot uchun, 2023-yil iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 210 ta OTM mavjud bo‘lib, ularning 115 tasi davlat, 65 tasi nodavlat va 30 tasi xorijiy xususiy OTM (yoki ularning filiallari)lardir.