$
 11846.57
37.38
€
 13240.91
34.69
₽
 138.95
0.8
weather
+26
Кечаси   +14°

Kreditni ortiqcha to‘lagan mijozning qarzi nega kamaymayapti? Raqobat qo‘mitasi banklar tizimini o‘zgartirishni taklif qildi

kredit

Raqobat qo‘mitasi ayrim banklarda kredit uchun oylik to‘lovdan ortiqcha kiritilgan pullar asosiy qarzni kamaytirishga yo‘naltirilmayotgani yuzasidan Markaziy bankka takliflar kiritdi. Qo‘mita kredit to‘lovlarini hisoblash tartibini qayta ko‘rib chiqish va muddatidan oldin so‘ndirish qoidalarini qonun darajasida belgilashni taklif qilmoqda.

Ortiqcha to‘lov asosiy qarzni kamaytirmayapti

Qo‘mitaga kelib tushgan murojaatlarda ayrim banklar mijozlar tomonidan oylik kredit to‘lovidan ortiqcha kiritilgan mablag‘larni asosiy qarzni so‘ndirishga yo‘naltirmayotgani ma’lum bo‘lgan. Bunday pullar tranzit hisobvaraqlarda saqlanib qolmoqda. Natijada mijozning asosiy qarzi kamaymaydi va uning qoldig‘iga foiz hisoblanishi davom etadi.

Jumladan, “O‘zsanoatqurilishbank” va “Hamkorbank” bilan tuzilgan kredit shartnomalarida ortiqcha to‘lovlarni asosiy qarzga yo‘naltirish majburiyati aniq ko‘rsatilgan. Shunga qaramay, amaliyotda ushbu talabga rioya qilinmayotgani haqida murojaatlar kelib tushmoqda.

Bundan tashqari, banklarning mobil ilovalarida kredit to‘lovlarini boshqarish imkoniyatlari ham yetarli emasligi qayd etilgan. Bu esa mijozning ortiqcha to‘langan mablag‘ni qanday yo‘naltirishini nazorat qilishini qiyinlashtiradi.

Bu holat iste’molchilar huquqlariga zid

Raqobat qo‘mitasi ortiqcha to‘langan pulni asosiy qarzga yo‘naltirmaslik va ushbu mablag‘ hisobidan qarz qoldig‘iga foiz hisoblashni davom ettirish “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun talablariga zid ekanini ta’kidlamoqda.

Bank xizmatlari iste’molchilari bilan munosabatlarga oid nizomda ham bu masala tartibga solingan. Unga ko‘ra, shartnomada boshqa tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, oylik to‘lovdan ortib qolgan mablag‘ asosiy qarzni so‘ndirishga yo‘naltirilishi, shundan so‘ng kredit summasi qayta hisoblanishi kerak.

Shuningdek, bankning dasturiy ta’minotidagi nosozliklar mijozning majburiyatlari oshishiga sabab bo‘lmasligi lozim.

Markaziy bankka qanday takliflar kiritildi?

Raqobat qo‘mitasi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va kredit to‘lovlarini o‘z vaqtida amalga oshiradigan mijozlar manfaatlarini ta’minlash maqsadida Markaziy bankka ikkita asosiy taklif yubordi.

Birinchisi — bank xizmatlari iste’molchilari bilan munosabatlarga oid nizomning ortiqcha to‘lovlarni asosiy qarzga yo‘naltirish tartibini belgilovchi 37-bandini qayta ko‘rib chiqish. Bunda amaldagi amaliyot va xorijiy mamlakatlar tajribasini o‘rganib, qoidalarni iste’molchilar manfaatlaridan kelib chiqib takomillashtirish taklif etilmoqda.

Ikkinchisi — kredit bo‘yicha hisob-kitoblar, jumladan, qarzni muddatidan oldin so‘ndirish shartlarini bevosita qonun darajasida belgilash. Buning uchun tegishli normalarni “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunda mustahkamlash taklif qilingan.

Xorijiy mamlakatlarda ortiqcha to‘lov qanday hisobga olinadi?

Raqobat qo‘mitasi takliflarini asoslashda boshqa mamlakatlar tajribasiga ham e’tibor qaratgan.

AQShning ayrim banklarida mijozlar mobil ilovadagi “Principal Only“ — ”faqat asosiy qarz uchun” funksiyasini tanlab, ortiqcha mablag‘ni to‘g‘ridan to‘g‘ri kreditning asosiy qarzini kamaytirishga yo‘naltirishi mumkin.

Rossiyada iste’mol kreditini muddatidan oldin so‘ndirish uchun qo‘shimcha haq olish nazarda tutilmagan.

Qozog‘istonda esa kreditni muddatidan oldin jarimasiz so‘ndirish mumkin. Agar mijoz qarzning bir qismini oldindan to‘lasa, bank bilan kelishuv asosida oylik to‘lov miqdorini kamaytirish yoki kredit muddatini qisqartirish variantlaridan birini tanlashi mumkin.

Yevropa Ittifoqida ham kreditni muddatidan oldin so‘ndirayotgan iste’molchilarning manfaatlari himoyalangan. Tegishli qoidalarga ko‘ra, mijoz kreditni oldindan to‘laganida qolgan muddatga to‘g‘ri keladigan foizlar va xarajatlarning kamaytirilishini talab qilish huquqiga ega. Bu tartib 2008/48/EC direktivasining 16-moddasi hamda 2014/17/EU direktivasining 25-moddasida belgilangan.

Raqobat qo‘mitasining takliflari kredit to‘lovlari hisob-kitobida shaffoflikni ta’minlash, ortiqcha to‘langan mablag‘lar sabab mijozga qo‘shimcha foiz yuklanishining oldini olish va kreditni muddatidan oldin so‘ndirish tartibini aniq belgilashga qaratilgan.

Теги :
Jamiyat