$
 11846.57
37.38
€
 13240.91
34.69
₽
 138.95
0.8
weather
+26
Кечаси   +14°

AQSh “taxt”dan tushdi: O‘zbekiston esa dunyoning eng kuchli davlatlari orasida

kuch

Dunyoning eng kuchli va nufuzli davlatlari ro‘yxati yangilandi. Bu gal O‘zbekiston ham reytingdan joy olib, ayrim Yevropa va Osiyo mamlakatlarini ortda qoldirdi. Ro‘yxatning yuqori pog‘onalarida esa kutilmagan natija qayd etildi. Ko‘pchilik dunyoning eng qudratli davlati deb hisoblaydigan AQSh birinchi o‘rinni egallay olmadi.

Xo‘sh, davlatlarning qudrati nimalarga qarab baholangan?

O‘zbekiston ayrim Yevropa davlatlarini ham ortda qoldirdi

Amerikaning nufuzli U.S. News and World Report nashri 2026-yil uchun dunyoning eng qudratli va ta’sir kuchi yuqori bo‘lgan davlatlari reytingini e’lon qildi. Xalqaro so‘rovnomalar va tadqiqotlar natijalariga asoslangan ro‘yxatga jami 100 ta mamlakat kiritilgan.

O‘zbekiston ushbu reytingda 71-o‘rinni egallab, dunyoning eng qudratli 80 ta davlati qatoridan joy oldi.

Jumladan, O‘zbekiston Norvegiya (72-o‘rin), Armaniston (80-o‘rin), Urugvay (82-o‘rin), Iordaniya (83-o‘rin) va Gruziya (92-o‘rin) kabi mamlakatlarni ortda qoldirdi. Shri Lanka esa 38-o‘rinni egallab, O‘zbekistondan yuqoriroq pog‘onada qayd etildi.

Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng yaxshi natija Qozog‘istonga tegishli bo‘ldi. Qo‘shni mamlakat 39-o‘rinni egallab, O‘zbekistondan 32 pog‘ona yuqorida joylashdi.

Qizig‘i, yangilangan reytingda Markaziy Osiyoning qolgan uch davlati — Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonning ko‘rsatkichlari keltirilmagan. Shuningdek, Ozarbayjon ham bu yilgi ro‘yxatdan joy olmagan.

Dunyoning eng qudratli davlati AQSh emas, Xitoy bo‘ldi

Reytingning eng katta e’tibor tortgan jihatlaridan biri birinchi o‘rin bilan bog‘liq bo‘ldi. 2026-yilda dunyoning eng qudratli va nufuzli davlati sifatida Xitoy tan olindi.

Amerika Qo‘shma Shtatlari esa ikkinchi pog‘onani egalladi. So‘nggi yillarda iqtisodiyoti, aholisi va xalqaro maydondagi ta’siri bilan ajralib turgan Hindiston uchinchi o‘ringa joylashdi.

Kuchli o‘ntalikdan Germaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Meksika va Italiya ham o‘rin oldi. Bu davlatlar dunyo iqtisodiyoti, xalqaro siyosat, sanoat, texnologiya va tashqi savdo sohalarida katta ta’sirga ega mamlakatlar sifatida baholangan.

Reytingning quyi pog‘onalarida esa Seyshel orollari, Iroq, Panama, Bahrayn, Albaniya, Zimbabve, Mo‘g‘uliston, Livan va Kipr kabi davlatlar qayd etildi. Biroq ro‘yxatning oxirgi o‘rinlarida turish mamlakatning barcha sohalarda zaifligini anglatmaydi. Sababi bu reytingda aholining turmush darajasi yoki mamlakatning boyligigina emas, balki uning xalqaro maydonda qanchalik kuchga va ta’sirga ega ekani ham hisobga olinadi.

Davlatlarning qudrati qanday hisoblangan?

Dunyoning eng qudratli davlatlarini aniqlashda faqat harbiy kuch yoki iqtisodiyot hajmiga qaralmagan. Reyting tuzuvchilar mamlakatning xalqaro maydondagi mavqeyini belgilovchi bir nechta muhim ko‘rsatkichni o‘rganib chiqqan.

Avvalo, davlatning yetakchilik salohiyati baholangan. Ya’ni mamlakat dunyoda yuz berayotgan muhim voqealar, xalqaro muammolar va yirik siyosiy qarorlarga qanchalik ta’sir ko‘rsata olishi hisobga olingan.

Keyingi muhim mezon iqtisodiy qudrat hisoblanadi. Bunda mamlakat iqtisodiyotining jahon bozoridagi o‘rni, uning ishlab chiqarish imkoniyatlari, resurslari va boshqa davlatlarning ushbu mamlakat iqtisodiyotiga qanchalik bog‘liqligi o‘rganilgan.

Siyosiy ta’sir ham alohida baholangan. Masalan, bir davlat boshqa mamlakatlarning qarorlariga ta’sir o‘tkaza olsa yoki xalqaro muzokaralarda muhim rol o‘ynasa, bu uning reytingdagi natijasiga ta’sir qiladi.

Bundan tashqari, mamlakatning NATO, BRICS, SHHT kabi yirik xalqaro tashkilotlar va birlashmalardagi ishtiroki ham e’tiborga olingan. Chunki bunday tuzilmalarda faol qatnashish davlatning xalqaro aloqalari va geosiyosiy mavqeyini kuchaytirishi mumkin.

Harbiy salohiyat ham asosiy mezonlardan biri bo‘lgan. Bunda armiyadagi harbiy xizmatchilar soni, ularning jangovar tayyorgarligi, zamonaviy texnika va qurollar bilan ta’minlanganligi, shuningdek, Qurolli Kuchlarning umumiy imkoniyatlari hisobga olingan.

Теги :
Jamiyat