$
 11809.19
18.4
€
 13206.22
-79.64
₽
 138.15
0.37
weather
+26
Кечаси   +14°

Bolaligida zo‘ravonlikka uchraganlar gapira boshladi: #IamJaneDoe qanday harakat?

jeyn

Ijtimoiy tarmoqlarda pedofiliya qurboni bo‘lgan, tajovuzga, gʻayritabiiy jinsiy harakatlarga uchragan ayol-qizlarning hikoyalarini eshitayotgandirsiz. Kimdir besh yoshida qo‘shnisining tajovuziga uchraganini, boshqasi esa bolaligida eng yaqin qarindoshidan zo‘ravonlik ko‘rganini aytgan.

Ayrimlar bu haqda ota-onasiga gapirganida yordam o‘rniga “uyat bo‘ladi, hech kimga aytma” degan javobni eshitgan. Yillar, hatto o‘n yilliklar davomida ichga yutilgan bu voqealar endi birin-ketin oshkor bo‘lyapti.

Bunday hikoyalarni birlashtirgan narsa #IamJaneDoe heshtegi. Dastlab AQShdagi bir talaba qizni qo‘llab-quvvatlash uchun boshlangan fleshmob qisqa vaqt ichida xalqaro harakatga aylandi. Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistondan ham yuzlab foydalanuvchilar unga qo‘shilib, bolalikda boshidan kechirgan jinsiy zo‘ravonlik holatlari haqida anonim hikoyalar qoldirdi.

Xoʻsh, Jeyn Dou kim? Nega aynan uning nomi dunyoning turli nuqtalaridagi insonlarni birlashtirdi?

Bolalikdagi sirlar nega endi oshkor bo‘lyapti?

Fleshmob Markaziy Osiyoda, ayniqsa, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda keng yoyildi. Ijtimoiy tarmoqlarda anonim sahifalar orqali tarqatilgan hikoyalarning aksariyati bolalik davrida sodir bo‘lgan jinsiy tajovuzlarga oid.

Qozog‘istonlik ayollardan biri sakkiz yoshida akasi tomonidan jinsiy zo‘ravonlikka uchraganini yozgan. Boshqa bir foydalanuvchi — erkak kishi esa besh yoshida katta yoshli qo‘shnisining tajovuziga duch kelganini, ammo bu haqda uzoq yillar hech kimga aytolmaganini bildirgan.

Qirg‘izistonda ham shunga o‘xshash hikoyalar ko‘paydi. Ayrimlar to‘rt yoki olti yoshida boshidan kechirgan voqealarni ilk bor ommaga aytib berdi. Ularning hikoyalarida zo‘ravon sifatida begona kishilardan ko‘ra qarindoshlar, qo‘shnilar, oilaviy tanishlar va bolaning yaqin atrofidagi insonlar ko‘proq tilga olingan.

Bu e’tiroflar yana bir muhim masalaga e’tibor qaratdi: jinsiy zo‘ravonlik faqat qiz bolalarning muammosi emas. Fleshmobda erkaklar ham qatnashib, bolalikdagi og‘ir xotiralarini bo‘lishdi. Albatta, anonim hikoyalarning barchasi mustaqil ravishda tasdiqlangan, deb bo‘lmaydi. Biroq ularning qisqa vaqt ichida keng tarqalishi va jamoatchilikda kuchli munosabat uyg‘otishi muammoni ochiq muhokama qilish zaruratini yana bir bor ko‘rsatdi.

Jeyn Dou kim o‘zi?

Fleshmobga sabab bo‘lgan voqea AQShning eng nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — Kornell universiteti bilan bog‘liq. 2026-yil sentabrida ushbu universitetning 20 yoshli sobiq talabasi yetti nafar erkak, talabalar birodarligi va universitet ma’muriyatiga qarshi fuqarolik da’vosi kiritdi. U 2024-yilda guruh bo‘lib sodir etilgan jinsiy zo‘ravonlik qurboniga aylanganini bildirdi.

Ayolning haqiqiy ismi sir saqlangan. Sud hujjatlarida u “Jeyn Dou” deb qayd etilgan. Aslida, Jeyn Dou biror kishining ismi emas. AQSh va boshqa ingliz tilida so‘zlashuvchi davlatlarda shaxsi noma’lum yoki maxfiy saqlanishi kerak bo‘lgan ayollar shu nom bilan ataladi. Erkaklarga nisbatan esa “Jon Dou” iborasi ishlatiladi.

Kornell ishidagi ayol ham o‘z shaxsini oshkor qilmaslik huquqidan foydalangan. Biroq uning universitetga qarshi da’vosi katta shov-shuvga sabab bo‘lgach, ayrim internet foydalanuvchilari haqiqiy ismini aniqlashga urindi. Keyinchalik bu urinishlar xalqaro fleshmob boshlanishiga turtki bo‘ldi.

Kornell universitetida nima yuz bergan?

Voqea 2024-yil 19-oktabrga borib taqaladi. Sudga kiritilgan da’vo arizasiga ko‘ra, o‘sha kuni talaba qiz do‘stini ko‘rish uchun Kornell universitetidagi Chi Phi talabalar birodarligi binosiga borgan. U yerda unga spirtli ichimlik va ketamin moddasi berilgani, shundan so‘ng o‘zini boshqarish imkoniyatini yo‘qotgani aytiladi.

Qizning da’vo qilishicha, yetti nafar yigit bir necha soat davomida unga jinsiy tajovuz qilgan. Ish materiallarida ayrim talabalar o‘rtasidagi Snapchat yozishmalari ham tilga olingan. Ularda qiz haqida haqoratli va jinsiy mazmundagi suhbatlar bo‘lgani iddao qilingan.

Voqeadan keyin qiz og‘ir ruhiy holatga tushgan. U 2024-yil 8-noyabrda universitet politsiyasiga murojaat qilgan, keyinchalik esa o‘qishni tashlab ketgan. Biroq tergov jarayonida bir-biriga zid ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Nyu-York shtatining Tompkins okrugi prokurori Metyu Van Hauten 2026-yil 28-sentabrdagi bayonotida dastlabki tergov materiallariga tayanib, qiz giyohvand modda iste’moli va jinsiy aloqaga ongli ravishda rozilik bildirganini aytgan.

Prokuratura o‘sha paytda jinoyat sodir etilganini isbotlash uchun yetarli dalil topmagan. Ammo keyinchalik kampus politsiyasining to‘liq suhbat yozuvlarida qiz o‘zini zo‘rlash qurboni deb bilganini qat’iy ta’kidlagani ma’lum bo‘ldi.

Prokuror bu stenogrammalarni ko‘rmaganini aytdi. Universitet esa tegishli hujjatlarni taqdim etganini bildirdi. Natijada tergov qanday olib borilgani, dalillar to‘liq o‘rganilganmi yoki yo‘qmi, degan savollar tug‘ildi. Nyu-York shtati hukumati aralashuvidan so‘ng ish mahalliy prokuraturadan olinib, shtat bosh prokurori Letitsiya Jeyms nazoratiga o‘tkazildi.

Ayblovga duch kelgan yigitlarning barchasi qonunbuzarlikni rad etgan. Ayrimlari jinsiy aloqa o‘zaro rozilik asosida bo‘lganini, boshqalari esa unda umuman ishtirok etmaganini bildirgan. Hozircha ularning aybi sud tomonidan isbotlanmagan. Shu bois da’vo arizasidagi tafsilotlar yakuniy sud xulosasi emasligini unutmaslik kerak.

Nega universitet rahbariyatining iste’fosi talab qilindi?

Kornell atrofidagi mojaro faqat ehtimoliy jinoyat tafsilotlari bilan cheklanib qolmadi. Universitetning voqeaga munosabati ham keskin tanqidga uchradi. Da’vogar ayol universitet ma’muriyati shikoyatni yetarlicha jiddiy ko‘rib chiqmaganini va mas’ullarga nisbatan yengil choralar bilan cheklanganini iddao qildi.

Kornell rahbariyati esa buni rad etdi. Universitet ma’lumotiga ko‘ra, ikki talaba o‘qishdan chetlatilgan, Chi Phi birodarligining kampusdagi bo‘limi esa 2024-yildayoq yopilgan. Shunga qaramay, talabalar orasida norozilik kuchaydi. 5-oktabr kuni universitetda ommaviy namoyish o‘tkazildi. Unda qatnashganlar jinsiy zo‘ravonlik haqidagi murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibini mustaqil tekshirish, jabrlanuvchilarni himoya qilish tizimini kuchaytirish va kampus politsiyasining bunday holatlarga munosabatini yaxshilashni talab qildi.

Ayrim talabalar universitet prezidenti Maykl Kotlikoff va boshqa mas’ullarning iste’fosini ham so‘radi. Mojarodan so‘ng universitet AQSh bosh prokurorining sobiq o‘rinbosari Salli Yeytsni mazkur ish yuzasidan mustaqil tekshiruv o‘tkazishga jalb etdi. Shu tariqa bir talabaning da’vosi universitetlardagi jinsiy zo‘ravonlikka oid shikoyatlar qanday ko‘rib chiqilishi, ta’lim muassasalari o‘z talabalarini qanchalik himoya qila olishi haqidagi kengroq bahsga aylandi.

“Men Jeyn Douman” degan shior qanday paydo bo‘ldi?

Kornell ishi yuzasidan bahslar avj olgan bir paytda mustaqil jurnalist va sharhlovchi Maykl Treysi ayolning haqiqiy shaxsini aniqlashga urindi. U ayblangan yigitlar ham jamoatchilik bosimi va ta’qiblardan himoyalanish huquqiga ega ekanini ta’kidladi. Shuningdek, o‘z harakatlarini jurnalistik faoliyat va so‘z erkinligi bilan izohladi.

Treysi keyinchalik Jeyn Doening haqiqiy ismi deb hisoblagan ma’lumotni ijtimoiy tarmoqqa joylashtirdi, ammo oradan vaqt o‘tib postni o‘chirib tashladi. Bu holat ko‘plab foydalanuvchilarning keskin noroziligiga sabab bo‘ldi. Ayolning shaxsini himoya qilish maqsadida internetda o‘ziga xos aksiyaga start berildi. Foydalanuvchilar “I am Jane Doe” degan yozuv bilan videolar joylashtira boshladi.

G‘oya oddiy edi: bir xil ism bilan minglab postlar tarqalsa, haqiqiy Jeyn Douni qidirib topish qiyinlashadi. Shu bilan birga, bu ayolga birdamlik bildirishning ramziy usuli ham edi. Ammo fleshmob tez orada dastlabki maqsadidan ancha keng tus oldi. Ayollar o‘z videolarida faqat Kornell talabasi haqida emas, balki o‘zlari boshdan kechirgan jinsiy tajovuzlar haqida ham so‘zlay boshladi. Ularning ortidan boshqa mamlakatlardagi foydalanuvchilar qo‘shildi.

Natijada bir ayolning shaxsini himoya qilish uchun boshlangan harakat jinsiy zo‘ravonlik qurbonlarining xalqaro birdamlik kampaniyasiga aylandi.

“Uyat bo‘ladi”: Markaziy Osiyodagi eng og‘riqli muammo

Fleshmob Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonga yetib kelgach, muhokamalar boshqa bir masalaga — bolalikdagi jinsiy zo‘ravonlikning oilalar ichida yashirilishiga qaratildi. 7-oktabr kuni Qirg‘iziston parlamenti deputati Elvira Surabaldiyeva bu haqda parlament majlisida gapirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlardagi anonim hikoyalarda to‘rt, besh va olti yoshida jinsiy tajovuzga uchraganini bildirganlar ko‘p. Bunday voqealarni faqat ayollar emas, erkaklar ham oshkor qilgan. Deputat ayniqsa ota-onalarning munosabatiga e’tibor qaratdi. Uning aytishicha, ayrim oilalarda bolalar boshidan kechirgan voqeani aytib berganida ularni himoya qilish o‘rniga, oilaning sha’ni va obro‘sini saqlash uchun jim turish talab etiladi.

Bu esa jinsiy zo‘ravonlikning o‘zidan keyin yana bir og‘ir muammoni keltirib chiqaradi: jabrlangan bola yordam so‘rash imkoniyatidan mahrum bo‘ladi. Bolalikdagi jinsiy tajovuz insonning ruhiy holatiga uzoq muddat ta’sir qilishi mumkin. Ayrim jabrlanuvchilar yillar o‘tibgina mutaxassisga murojaat qiladi, boshqalari esa boshidan kechirgan voqeani hatto eng yaqin insonlariga ham aytishga qiynaladi.

Bunday vaziyatda bolaning sukut saqlagani uning roziligini yoki sodir bo‘lgan holat ahamiyatsizligini anglatmaydi. Aksincha, qo‘rquv, uyat hissi, tahdid yoki kattalarga qaramlik zo‘ravonlik haqida gapirishga to‘sqinlik qilishi mumkin.

Shu sababli muammoni faqat jinoyat sodir bo‘lganidan keyingi jazo bilan bog‘lash yetarli emas. Bolalarni tinglash, ularga ishonchli yordam ko‘rsatish va murojaatlarni xavfsiz qabul qilish mexanizmlari ham muhim.

Rasmiy idoralar qanday munosabat bildirdi?

Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi fleshmob ortidan jinsiy zo‘ravonlikka uchragan fuqarolarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishga chaqirdi. Vazirlik barcha arizalar qonunda belgilangan tartibda qabul qilinishi va ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi.

O‘zbekistonda esa 8-oktabr holatiga ko‘ra, mazkur fleshmob doirasida tarqalgan hikoyalar yuzasidan rasmiy munosabat haqida ma’lumot berilmagan.

Теги :
Jamiyat