$
 11809.19
18.4
€
 13206.22
-79.64
₽
 138.15
0.37
weather
+26
Кечаси   +14°

“Olti iqtisodiyot – bitta mahsulot”: bu qanday ishlaydi? Mirziyoyev sammitda iqtisodiy hamkorlikni o‘zgartirish taklifini bildirdi

sammit

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev olti mamlakat kuchini birlashtirib, tayyor mahsulot ishlab chiqarish, yangi transport yo‘llari ochish, sun’iy intellektni rivojlantirish va suv muammolarini birgalikda hal qilishni taklif etdi.

“Olti iqtisodiyot – bitta mahsulot”: mamlakatlar birgalikda ishlab chiqarishga o‘tishi kerak

Prezident bu haqda 8-oktyabr kuni Turkmanistonning Avaza milliy sayyohlik zonasida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvida gapirdi.

Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov raisligida o‘tgan sammitda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov va Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon ham ishtirok etdi. Ular mintaqadagi vaziyat, xalqaro muammolar va mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

Shavkat Mirziyoyev so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlar ancha yaxshilanganini aytdi. Uning fikricha, bunga davlat rahbarlarining muntazam maslahatlashib turishi katta yordam berdi.

Prezident Markaziy Osiyoni XXI asrda rivojlantirishga qaratilgan do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani tuzish jarayoni yakunlanganini tarixiy ahamiyatga ega voqea deb baholadi.

Shu bilan birga, mintaqaviy hamkorlik uchun katta va murakkab tashkilotlar tuzish shart emasligini ta’kidladi.

“Bizga kuchli, suveren va mustaqil davlatlar o‘zaro hurmat, ishonch va pragmatizm asosida hamkorlik qiladigan moslashuvchan va tushunarli format kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari dunyodagi vaziyat tobora murakkablashayotganiga ham e’tibor qaratdi. Uning aytishicha, xalqaro keskinlik kuchaymoqda, savdo va transport yo‘nalishlari o‘zgarmoqda, yangi xavflar paydo bo‘lmoqda. Shunday sharoitda qo‘shni davlatlar o‘z rejalarini bir-biri bilan kelishib amalga oshirishi muhim.

Prezident tarixiy, iqtisodiy va transport aloqalari mavjud boshqa mintaqalar bilan ham yagona hamkorlik makonini shakllantirishni taklif qildi. Bu orqali savdo, sanoat, energetika, transport va yangi texnologiyalar sohasidagi imkoniyatlarni kengaytirish mumkin.

Mazkur masalalarni 2027-yilda Toshkentda o‘tkaziladigan “Tinchlik va barqaror o‘zaro bog‘liqlik yo‘lida mintaqalararo muloqot: Markaziy Osiyo yondashuvi” xalqaro konferensiyasida batafsil muhokama qilish taklif etildi. Shuningdek, davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari faoliyatini tartibga soluvchi huquqiy asoslarni yanada takomillashtirish zarurligi aytildi.

Iqtisodiy hamkorlik haqida gapirar ekan, Mirziyoyev mamlakatlar oldiga savdo va investitsiyalarni oshirish bo‘yicha katta maqsadlar qo‘yilganini, endi bu o‘sishga qanday erishish aniq belgilanishi kerakligini bildirdi.

“Biz o‘zaro savdo va investitsiyalarni ko‘paytirish bo‘yicha oldimizga jiddiy maqsadlar qo‘yganmiz. Endi bu o‘sish qaysi manbalar hisobidan ta’minlanishini belgilab olishimiz kerak”, — dedi Prezident.

Uning fikricha, mamlakatlar bir-biriga tayyor mahsulot sotish bilan cheklanib qolmasdan, uni ishlab chiqarish jarayonida ham sherik bo‘lishi kerak. Buning uchun qo‘shma sanoat va texnologik zanjirlar, umumiy raqamli xizmatlar hamda investitsiya mexanizmlarini yaratish lozim.

“Biz bir-birimiz bilan oddiy savdo qilishning o‘zi yetarli bo‘lmay qolgan bosqichga yetib keldik. Yakuniy mahsulotni birgalikda yaratishimiz kerak. ‘Olti iqtisodiyot – bitta mahsulot’ formulasi biz intilishimiz lozim bo‘lgan maqsad mohiyatini yaxshi ifodalaydi”, — dedi davlaf rahbari.

Bu g‘oyani amalga oshirish uchun 2027-yilda Xivada Markaziy Osiyo va Ozarbayjon biznes forumini o‘tkazish taklif qilindi. Qo‘shma investitsiya loyihalariga moliyaviy va texnik yordam beradigan maxsus platforma tashkil etish masalasi ham ko‘tarildi.

Prezident ushbu takliflarni Savdo va investitsiyalar vazirlari kengashining Ashxoboddagi navbatdagi yig‘ilishida batafsil ko‘rib chiqish zarurligini aytdi.

Yangi yo‘llar faqat yuk tashish uchun emas, ish o‘rinlari yaratish uchun ham xizmat qilishi kerak

Sammitda transport masalasiga ham katta e’tibor qaratildi. Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo jahon savdosining muhim quruqlik yo‘nalishlaridan biriga aylanishi mumkinligini aytdi.

Biroq buning uchun yangi avtomobil va temir yo‘llar qurishning o‘zi yetarli emas. Prezidentning fikricha, transport loyihalari bir-biriga bog‘langan yagona tizim sifatida ishlashi kerak.

“Biz global savdoning asosiy quruqlik yo‘nalishlaridan biriga va ayni paytda yirik iqtisodiy faollik markaziga aylanishimiz mumkin. Biroq buning uchun avtomobil va temir yo‘llar qurishning o‘zi yetarli emas. Transport infratuzilmasini rivojlantirishda umumiy yondashuv zarur”, — dedi Mirziyoyev.

Prezident yangi yo‘llar atrofida zavodlar, logistika markazlari, xizmat ko‘rsatish obyektlari va sanoat zonalari ham paydo bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Masalan, bir necha davlat hududidan o‘tadigan transport yo‘lagi faqat yuk mashinalari qatnaydigan yo‘l bo‘lib qolmasligi lozim. Uning atrofida korxonalar ishlasa, mahsulot ishlab chiqarilsa va yangi xizmatlar yo‘lga qo‘yilsa, bu yo‘nalish har bir mamlakat iqtisodiyotiga ko‘proq foyda keltiradi.

“Yangi transport yo‘laklari bo‘ylab ishlab chiqarish korxonalari, logistika va xizmat ko‘rsatish obyektlari, sanoat zonalari paydo bo‘lishi kerak”, — dedi yurtboshimiz.

Shu maqsadda Infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha kengashni tashkil etishni tezlashtirish va uning birinchi yig‘ilishini O‘zbekistonda o‘tkazish taklif qilindi.

Prezident energetika sohasidagi hamkorlikni ham kengaytirish zarurligini aytdi. Markaziy Osiyo neft va gaz, gidroenergetika, quyosh hamda shamol energiyasi bo‘yicha katta imkoniyatlarga ega.

Davlat rahbari past uglerodli energetikani rivojlantirish bo‘yicha umumiy konsepsiya ishlab chiqishni taklif etdi. Bu mamlakatlarga yangi elektr ishlab chiqarish quvvatlarini qurish, energiyani saqlash tizimlarini rivojlantirish va davlatlar o‘rtasida yangi energetika yo‘laklarini yaratishda yordam berishi mumkin.

Mintaqadagi ekologik muammolar qanday hal qilinadi?

Markaziy Osiyoda suv tanqisligi va iqlim o‘zgarishi tobora dolzarb muammoga aylanmoqda. Shavkat Mirziyoyev bu masalalarni har bir davlat alohida hal qilishga urinmasdan, birgalikda ishlashi kerakligini ta’kidladi.

Prezident suvdan foydalanishni nazorat qiladigan zamonaviy raqamli tizimlarni joriy etish, sug‘orish tarmoqlarini yangilash va suvni tejaydigan texnologiyalardan kengroq foydalanishni taklif qildi.

Shuningdek, Markaziy Osiyoda suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy harakatlar o‘n yilligini e’lon qilish tashabbusini to‘liq amalga oshirishga chaqirdi.

2027-yilda O‘zbekiston Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga raislik qiladi. Shu munosabat bilan Prezident jamg‘arma faoliyatini kuchaytirish, yangi ekologik loyihalarni boshlash va ularga qo‘shimcha mablag‘ jalb etish bo‘yicha vazifalarni ilgari surdi.

Suv bilan bog‘liq yana bir muhim masala — Afg‘oniston bilan hamkorlik. Mirziyoyev suv resurslaridan foydalanish bo‘yicha ushbu mamlakat bilan doimiy va aniq masalalarga qaratilgan muloqot o‘rnatish kerakligini aytdi. Bunda Markaziy Osiyodagi barcha davlatlarning manfaatlari hisobga olinishi lozim.

Sammitda havoning ifloslanishi ham muhokama qilindi. Prezident mintaqadagi ko‘plab shaharlarda bu muammo jiddiy tus olayotganiga e’tibor qaratdi.

O‘zbekiston ilgari surgan “Markaziy Osiyo toza havosi” xalqaro konsorsiumi ishini amaliy loyihalardan boshlash taklif etildi. Dastlab sanoat zonalari, yirik qishloq xo‘jaligi majmualari va transport markazlarida ekologik modernizatsiya bo‘yicha sinov dasturlari amalga oshirilishi mumkin.

Bundan tashqari, davlat rahbari muhim minerallar masalasiga ham to‘xtaldi. U O‘zbekiston tashabbusi bilan tuzilayotgan Muhim minerallar bo‘yicha mintaqaviy alyans ishini tezlashtirishni taklif qildi.

Dastlabki qadamlardan biri sifatida Markaziy Osiyodagi muhim mineral zaxiralarining yagona raqamli xaritasini yaratish taklifi bildirildi. Bu mamlakatlarga mavjud boyliklar haqida umumiy ma’lumotga ega bo‘lish va ulardan foydalanish bo‘yicha loyihalarni kelishishda yordam berishi mumkin.

Sun’iy intellekt bo‘yicha ham davlatlar kuchini birlashtirmoqchi

Shavkat Mirziyoyev nutqida yangi texnologiyalar, ayniqsa sun’iy intellekt masalasiga ham alohida o‘rin ajratdi.

Prezidentning aytishicha, sun’iy intellekt va katta hajmdagi ma’lumotlar bilan ishlash texnologiyalari sanoat, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va davlat boshqaruvida allaqachon katta o‘zgarishlar qilmoqda.

“Sun’iy intellekt va katta ma’lumotlar bilan ishlash sanoat, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va davlat boshqaruvini allaqachon o‘zgartirmoqda. Iqtisodiyotlarimizning unumdorligi va kelajakda raqobatlasha olishi ko‘p jihatdan shu texnologiyalarga bog‘liq bo‘ladi”, dedi Prezident.

Shu sabab Mirziyoyev Markaziy Osiyo mamlakatlariga bu sohada ham alohida-alohida emas, birgalikda ishlashni taklif qildi.

Xususan, davlatlarning milliy ma’lumotlar markazlarini o‘zaro bog‘laydigan umumiy hisoblash infratuzilmasini yaratishni boshlash taklifi bildirildi. Bunday tizim mamlakatlarga katta hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlash va sun’iy intellekt loyihalarini rivojlantirish uchun imkoniyatlarni birlashtirishga xizmat qilishi mumkin.

Prezidentning fikricha, zamonaviy texnologiyalarni rivojlantirish kelajakda iqtisodiyotning qanchalik samarali ishlashi va boshqa davlatlar bilan raqobatlasha olishiga bevosita ta’sir qiladi.

Kelajakda qaysi kasblarga talab oshadi?

Sammitda yoshlar ta’limi va kelajak kasblari ham muhokama qilindi. Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyoda aholi soni o‘sayotgani, yoshlar ko‘payayotganini aytib, ularning qanday bilim va kasb egallashi mintaqaning keyingi o‘n yilliklardagi rivojlanishini belgilashini ta’kidladi.

“Mamlakatlarimiz katta demografik salohiyatga ega. Aholi soni o‘smoqda, yoshlar ko‘paymoqda. O‘n, yigirma, o‘ttiz yildan keyin mintaqa iqtisodiyoti qanday bo‘lishi ko‘p jihatdan ularning ta’limi va kasbiy tayyorgarligi sifatiga bog‘liq”, — dedi davlat rahbari.

Prezident kelajakda qaysi sohalarda ko‘proq mutaxassis kerak bo‘lishini oldindan aniqlash uchun talab yuqori bo‘lgan kasblar va ko‘nikmalarning mintaqaviy atlasini ishlab chiqishni taklif etdi.

Bu atlasda hozir mutaxassislar yetishmayotgan sohalar, shuningdek, yaqin yillarda ishchi kuchiga talab ortishi kutilayotgan yo‘nalishlar haqidagi ma’lumotlar jamlanishi ko‘zda tutilmoqda.

Natijada universitetlar va texnikumlar talabalarni faqat bugungi ehtiyojga qarab emas, kelajakdagi ish o‘rinlarini ham hisobga olib tayyorlashi mumkin.

Ayniqsa, sanoat, transport, energetika, raqamli texnologiyalar va boshqa yirik loyihalar uchun zarur mutaxassislarni oldindan tayyorlash muhimligi aytildi.

Shavkat Mirziyoyev nutqining yakunida Markaziy Osiyo davlatlari so‘nggi yillarda ko‘p natijalarga erishganini, endi ularni saqlab qolish va hamkorlikni uzoq yillar davom etadigan mustahkam tizimga aylantirish zarurligini ta’kidladi.

“Formula oddiy: hamjihatlik va ishonch – taraqqiyot va xavfsizlik yo‘lida. Biz kelgusi avlodlarga qanday mintaqani qoldirishimiz uchun mas’ulmiz. U tinch, xavfsiz, iqtisodiy jihatdan kuchli bo‘lishi, odamlarga munosib yashash, ishlash, o‘qish va farzand tarbiyalash imkoniyatini berishi kerak”, — dedi O‘zbekiston Prezidenti.

Uchrashuv yakunida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon rahbarlari Qo‘shma bayonotni qabul qildi. Shuningdek, bir qator ko‘p tomonlama hujjatlarga oid qaror imzolandi.

Теги :
Jamiyat