$
 11909.66
-24.58
 13588.92
-2.99
 152.28
-0.7
weather
+26
Кечаси   +14°

5 oy kechikkan dafn marosimi: Tadbir qayerlarda va qanday o‘tadi?

xomanaiy

2026-yil 28-fevral kuni AQSh va Isroilning qo‘shma aviahujumi oqibatida halok bo‘lgan Eron sobiq oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy nihoyat dafn etilmoqda. Dastlab marosim mart oyiga rejalashtirilgan edi, biroq urush davom etgani va xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat sabab u bir necha oyga kechiktirildi. Endi Eron va Iroqning eng muqaddas shaharlarida bir hafta davom etadigan motam marosimlari o‘tkaziladi.

Xo‘sh, Ali Xomanaiy bilan vidolashuv qanday o‘tadi?

Ali Xomanaiy kim edi?

Ali Xomanaiy 1989-yilda Eron Islom inqilobi asoschisi va mamlakatning birinchi oliy rahnamosi Oyatulloh Ruhulloh Humayni vafotidan so‘ng Eronning oliy rahnamosiga aylangan. Humayni 1979-yilgi Islom inqilobiga boshchilik qilgan bo‘lsa, Xomanaiy keyingi yillarda mamlakatning siyosiy, harbiy va diniy boshqaruv tizimini shakllantirgan eng muhim shaxs bo‘ldi. U Eron qurolli kuchlari, Islom inqilobi soqchilari korpusi va davlatning asosiy strategik qarorlariga rahbarlik qilgan. 2026-yil 28-fevral kuni urushning ilk kunida AQSh va Isroilning qo‘shma aviahujumi uning qarorgohiga uyushtirildi. Hujum oqibatida 86 yoshli Ali Xomanaiy va uning oila a’zolari halok bo‘ldi.

Nega dafn marosimi besh oy kechiktirildi?

Ali Xomanaiyni dastlab mart oyida dafn etish rejalashtirilgan edi. Ammo AQSh va Isroil bilan urush cho‘zilib ketgani sabab Eron hukumati xavfsizlik nuqtayi nazaridan marosimni o‘tkazishni kechiktirdi. Davlat miqyosidagi millionlab odamlar qatnashadigan tadbirni urush sharoitida tashkil etish xavfli deb topildi. Natijada dafn marosimi qariyb besh oy ortga surildi. Endi vaziyat nisbatan barqarorlashgach, motam tadbirlarini 3–9-iyul kunlari o‘tkazishga qaror qilindi.

Vidolashuv Tehrondan boshlanadi

3-iyul kuni Tehronda Ali Xomanaiy bilan vidolashuv marosimlari rasman boshlandi. Poytaxtga dunyoning turli mamlakatlaridan davlat rahbarlari, hukumat vakillari, diniy ulamolar va xalqaro delegatsiyalar tashrif buyurishi kutilmoqda. Ular Eronning marhum oliy rahnamosiga hurmat bajo keltiradi. 4 va 5-iyul kunlari esa ommaviy vidolashuv marosimlari bo‘lib o‘tadi. Ali Xomanaiy hamda u bilan birga halok bo‘lgan oila a’zolarining tobutlari Tehrondagi Grand Mosalla majmuasiga qo‘yiladi. Minglab namozxonlarni sig‘dira oladigan ushbu majmua Eronning eng yirik diniy maskanlaridan biri bo‘lib, yirik davlat tadbirlari va diniy marosimlar aynan shu yerda o‘tkaziladi. Millionlab odamlarning marhum bilan xayrlashishi kutilmoqda.

Marosim Qum, Najaf va Karbalada davom etadi

6 va 7-iyul kunlari motam marosimi Tehrondan Eronning eng muqaddas shaharlaridan biri bo‘lgan Qumga ko‘chadi. Qum shia islomining ilmiy markazi hisoblanadi. Bu yerda Eronning eng yirik diniy seminariyalari joylashgan bo‘lib, minglab ulamolar tahsil oladi. Ali Xomanaiy ham yoshlik yillarida aynan shu shaharda diniy ta’limni davom ettirgan.

8-iyul kuni marosim Iroq hududida davom etadi. Avval Najaf xalqaro aeroportida rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tadi, shundan so‘ng Najaf va Karbala shaharlarida ommaviy motam yurishlari tashkil etiladi. Najafdagi Imom Ali maqbarasi shia musulmonlari uchun eng muqaddas maskanlardan biri sanaladi. E’tiqodga ko‘ra, u yerda Payg‘ambar Muhammadning amakivachchasi va kuyovi, shialarning birinchi imomi Hazrati Ali dafn etilgan. Har yili millionlab ziyoratchilar aynan shu maqbaraga tashrif buyuradi.

Karbaladagi Imom Husayn va uning ukasi Abbos maqbaralari ham shia musulmonlari uchun eng muqaddas qadamjolardan hisoblanadi. Bu joy 680-yilda yuz bergan Karbalo jangida Imom Husayn va Abbos shahid bo‘lgan maskan sifatida tarixga kirgan. Aynan shu voqea shia islomidagi eng muhim tarixiy hodisalardan biri sanaladi va bugungi kungacha diniy an’analarning markazida turadi.

Ali Xomanaiy nega aynan Mashhadda dafn etiladi?

9-iyul kuni Ali Xomanaiyning jasadi yana Eronga olib kelinadi va yakuniy dafn marosimi Mashhad shahridagi Imom Rizo maqbarasida bo‘lib o‘tadi. Mashhad Eronning eng muqaddas shahri hisoblanadi. Bu yerda shialarning sakkizinchi imomi — Imom Rizo dafn etilgan. Ali Xomanaiy ham 1939-yilda aynan Mashhadda tug‘ilgan va bolaligi hamda yoshlik yillarining katta qismini shu shaharda o‘tkazgan. U dastlab Mashhaddagi diniy seminariyalarda tahsil olgan, keyinchalik esa ilm olishni Qumda davom ettirgan. Shia an’analariga ko‘ra, Imom Rizo maqbarasi yonida dafn etilish eng katta sharaflardan biri hisoblanadi. Bu Xomanaiyning nafaqat siyosiy rahbar, balki Eronning oliy diniy arbobi sifatidagi maqomini ham ifodalaydi.

Eronning yangi rahbari uchun ilk katta sinov

Ali Xomanaiyning dafn marosimi uning vorisi va o‘g‘li Mojtabo Xomanaiy davridagi ilk yirik davlat tadbiri bo‘ladi. Mojtaba Xomanaiy AQSh va Isroil bilan urush boshlanganidan beri deyarli jamoatchilik oldida ko‘rinmagan. Shu sabab bir haftalik motam marosimlari marhum bilan vidolashuv bo‘lishi bilan birga, Eronning yangi siyosiy va diniy rahbariyatining ilk katta sinovi sifatida ham baholanmoqda. Dunyoning ko‘plab davlatlari ushbu tadbirlarni diqqat bilan kuzatmoqda, chunki bu Eronning keyingi siyosiy yo‘nalishi va mintaqadagi vaziyatga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Теги :
Jamiyat