$
 12136.57
-0.53
 14318.73
11.52
 157.70
-0.83
weather
+26
Кечаси   +14°

Savdo xaritasi: Qaysi davlatlar importi Xitoyga tayanib qolgan?

Bugun dunyoda sotilayotgan telefon, kiyim, maishiy texnika yoki avtomobilning bir qismi Xitoyga borib taqaladi. Ayrim davlatlar esa Xitoy mahsulotlariga shunchalik tayanib qolganki, ularning importining deyarli yarmi aynan shu davlatdan keladi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoy nafaqat arzon tovarlar, balki texnologiya va infratuzilma orqali ham dunyo iqtisodiyotida katta o‘rin egallab turibdi. 

Xo‘sh, agar Xitoy bilan savdo uzilib qolsa, qaysi davlatlar qiynalib qoladi?

Xitoy dunyodagi eng yirik tovar eksportchisi hisoblanadi. Ko‘plab mamlakatlar importining katta qismi aynan Xitoydan keladi. BMTning UN Comtrade va Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim davlatlar Xitoy mahsulotlariga juda bog‘liq.

Xitoyga bog‘lanib qolgan TOP—10 davlat

Eng yuqori ko‘rsatkich Kambodjada — bu davlat importining 46,8 foizi Xitoydan keladi. Kambodja asosan to‘qimachilik sanoati uchun xomashyoni Xitoydan oladi. Keyin esa shu mahsulotlarni eksport qiladi. Qirg‘iziston ushbu ro‘yxatda 45,8 foiz bilan ikkinchi o‘rinda turadi. Undan keyin:

3. Gonkong (40,9%)

4. Mongoliya (40,5%)

5. Vyetnam (34%) 

6. Myanma (33,5%)

7. Efiopiya(32,7%)

8. Paragvay(32,5%)

9. Indoneziya(31,4%)

10. Tanzaniya(30,5%)

Bu davlatlarning aksariyatida yirik ishlab chiqarish bazasi yo‘q yoki ular eksport qiladigan mahsulotlar (masalan, kiyim-kechak va elektronika yig‘ish) uchun Xitoydan keladigan detallar va xomashyoga tayanadi.

Masalan, Qirg‘iziston, Gonkong va Mongoliya importining 40 foizdan ortig‘i Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi. Gonkong esa Xitoyning yirik savdo hamkorlaridan biri, chunki ko‘plab mahsulotlar u orqali boshqa davlatlarga qayta eksport qilinadi. Aksincha, Kayman orollarida Xitoydan import atigi 1 foizdan ham kam. Bu davlat asosan Niderlandiyaga ko‘proq bog‘liq.

Shuningdek, O‘zbekiston ushbu ro‘yxatda 13-o‘rinni(29,2%) egallagan. Unga qo‘shni bo‘lgan Qozog‘iston esa 22-o‘rin(25,3%), Tojikiston 58-o‘rin(18,2%) va Afg‘oniston 94-o‘rin(13,9%)larni band qilgan. 

Savdo aloqalari faqat import bilan tugamaydi

Xitoy savdoni faqat mahsulot sotish bilan cheklamaydi. U hamkorlik qilayotgan davlatlarga pul tikadi va infratuzilma qurilishiga yordam beradi. 2013-yilda boshlangan “Bir kamar, bir yo‘l” loyihasi orqali Xitoy banklari ko‘plab rivojlanayotgan mamlakatlarga kredit bergan. Bu pullar asosan portlar va yuk tushirish joylarini qurishga sarflangan.

Shu yo‘l bilan Xitoy muhim savdo hududlarida o‘z o‘rnini mustahkamlaydi. Agar kredit olgan davlat qarzni qaytara olmasa, Xitoyning o‘sha joydagi ta’siri yanada kuchayadi. Masalan, Kambodja 2002-yildan 2023-yilgacha Xitoydan 3 milliard dollar grant va kredit olgan. Jibuti ham Xitoy bilan yaqin ishlaydi. Bu davlat importining 17,7 foizi Xitoydan keladi. Jibuti porti mamlakat iqtisodiyoti uchun juda muhim. 2017-yilda Xitoy shu yerda o‘zining birinchi harbiy bazasini ochgan. Bu hududda AQSh va boshqa G‘arb davlatlarining ham harbiy obyektlari bor.

Texnologiya Xitoyning eng katta eksporti

Ilgari “Made in China” deganda ko‘pchilik arzon mahsulotlarni tasavvur qilardi. Hozir esa vaziyat boshqacha. Xitoyning eng katta eksporti — texnologiya mahsulotlari. Bugun Xitoy dunyoga eng ko‘p mikrosxema va chip sotadi. Bu chiplar telefon, kompyuter, avtomobil va boshqa zamonaviy qurilmalarning asosiy qismi hisoblanadi. Shundan keyin telefon va mashinalar turadi. Bu Xitoyning global ishlab chiqarishda qanchalik muhim ekanini ko‘rsatadi.

Yana bir muhim jihat — foydali qazilmalarni qayta ishlash. Telefonlardan tortib harbiy texnikagacha kerak bo‘ladigan ko‘plab minerallar Xitoyda qayta ishlanadi. Shu sabab ko‘plab davlatlar Xitoyga bog‘liq bo‘lib qolgan. Misol uchun, AQSh bu bog‘liqlikni kamaytirish uchun o‘z ishlab chiqarishini kuchaytirishga va boshqa yetkazib beruvchilarni izlashga harakat qilmoqda. Lekin hozircha Xitoy jahon savdosining juda katta qismida o‘rnini saqlab turibdi. Agar davlatlar Xitoy mahsulotlaridan keskin voz kechsa, bu butun dunyo bozoriga ta’sir qiladi.