$
 12165.24
-25.19
 14330.65
-32.11
 159.42
-2.67
weather
+26
Кечаси   +14°

Yaqin Sharqdagi vaziyatdan eng ko‘p Osiyo va Yevropa zarar ko‘ryapti

Global bozor

So‘nggi bir oy davomida global moliya bozorlari Eron atrofidagi keskin geosiyosiy vaziyat tufayli jiddiy beqarorlikni boshdan kechirmoqda. “FactSet” tahliliy agentligi va “The New York Times” nashri keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, investorlar mintaqaviy mojaroning kengayish ehtimoli, ta’minot zanjirlaridagi uzilishlar va kelajakka bo‘lgan ishonchsizlik fonida murakkab sinovlarga duch kelishdi. “Visual Capitalist” tahliliga ko‘ra, bu holat jahon fond indekslarida umumiy pasayish tendensiyasini keltirib chiqardi.

Yevropa va Osiyo bozorlaridagi og‘ir zarba

Dunyoning yirik moliya markazlarida kuzatilgan pasayish ko‘lami turlicha bo‘lsa-da, umumiy manzara salbiy tus oldi. Xususan, Frankfurt va Tokio fond birjalari eng katta moliyaviy yo‘qotishlarga uchragan hududlar bo‘ldi. Nyu-York birjasida vaziyat biroz barqarorroq bo‘lsa-da, deyarli barcha yetakchi indekslar o‘tgan davrni pasayish bilan yakunladi. Tahlilchilarning qayd etishicha, Yevropa davlatlarining import energiyaga bo‘lgan yuqori qaramligi mintaqa bozorlarining keskin qulashiga sabab bo‘lgan asosiy omil sifatida baholanmoqda. Yaponiya kabi Osiyo iqtisodiyotlari esa o‘zaro savdo aloqalari va energetik resurslarga bog‘liqligi sababli vaziyatga nisbatan sezgir munosabatda bo‘lmoqda.

“Ho‘rmuz sindromi”

Hozirgi moliyaviy inqirozning o‘zagida energiya sektori turibdi. Erondagi urush bevosita neft ta’minoti xavfsizligiga oid xavotirlarni kun tartibiga chiqardi. Xususan, jahon neft oqimining beshdan bir qismi o‘tadigan strategik ahamiyatga ega Ho‘rmuz bo‘g‘ozi atrofidagi xavfsizlik tahdidlari investorlar kayfiyatiga halokatli ta’sir ko‘rsatmoqda. Infratuzilma va logistika yo‘nalishlariga qaratilgan hujumlar global energiya xavfsizligini shubha ostiga qo‘ymoqda.

Xalqaro energetika agentligi (IEA) holatni global iqtisodiy o‘sish uchun “katta tahdid” deb atamoqda. Neft narxlarining o‘zgaruvchanligi inflyatsion bosimni kuchaytirib, markaziy banklar va iqtisodchilarni YAIM (yalpi ichki mahsulot) o‘sish prognozlarini qayta ko‘rib chiqishga majbur qilmoqda. AQSH bozori o‘zining ichki energiya resurslari va diversifikatsiyalangan iqtisodiyoti hisobiga nisbatan chidamliroq ko‘ringan bo‘lsa-da, butun dunyo bo‘ylab geosiyosiy xavflar narxlarga kiritilib borilmoqda.

Kelajak prognozlari

Moliyaviy bozorlar uchun eng katta muammo bu — bashorat qilib bo‘lmaydigan vaziyatdir. Eron atrofidagi mojaroning kutilmagan tus olishi va uning keskinlashish xavfi tahlilchilarni qiyin ahvolga solib qo‘ydi. Masalan, yil boshida “S&P 500” indeksidan kutilgan ikkixonali o‘sish ko‘rsatkichlari hozirgi sharoitda jiddiy shubha ostida qolmoqda.

Ayni damda investorlar va tahlilchilar diplomatik yechimlar yoki infratuzilma xavfsizligi bo‘yicha ijobiy signallarni kutishmoqda. Mazkur jarayonlar barqarorlashgunga qadar global bozorlar energiya ta’minoti bilan bog‘liq har qanday xabar va yangiliklarga o‘ta sezgir bo‘lib qolishi kutilmoqda. Moliya olamida noaniqlik hukmron ekan, kapital bozorlaridagi yuqori o‘zgaruvchanlik qisqa muddatli istiqbolda saqlanib qolishi muqarrar.

Теги :
Jamiyat
Iqtisodiyot