$
 12874.86
-18.11
 13525.04
-16.45
 123.06
-0.32
weather
+26
Кечаси   +14°

Toshkent hayvonot bog‘idagi timsohlar holi nima kechadi yoxud noqonuniy hayvon savdosining kutilmagan oqibatlari

Ekoyig

2022-yil avgust oyida Toshkent xalqaro aeroportida bojxona xodimlari O‘zbekiston hududiga noqonuniy olib kirilayotgan 54 ta timsoh bolasini aniqlashgan. Ularning bir qismi o‘lgan, 30 ga yaqin timsoh esa Toshkent hayvonot bog‘ida saqlanmoqda. Biroq bu jonivorlarning kelgusidagi taqdiri bog‘ ma’muriyati va xodimlarini tashvishga solayotgan jiddiy masalaga aylangan, negaki, voyaga yetgan Nil timsohi uzunligi 4 metrgacha, og‘irligi 300 kilogramgacha bo‘lgan xavfli yirtqich hisoblanadi. Mazkur holat hayvon va o‘simliklar noqonuniy savdosi naqadar jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini yaqqol ko‘rsatadi. 

Xalqaro yig'in

Jinoyatchilikning bu turiga qarshi kurashda xalqaro hamkorlikning ahamiyati, tegishli idoralar bilan tizimli ishni yo‘lga qo‘yish choralari 4–5-mart kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyoda hayvonot dunyosiga qarshi jinoyatlarga qarshi kurashda salohiyat va yordamni kuchaytirish” xalqaro loyihasining birinchi bosqichi yakuniy yig‘ilishida muhokama qilindi.

Tashkilotchilar 

Tashkilotchilar – O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Fauna va flora xalqaro tashkiloti (Buyuk Britaniya), “EKOMAKTAB” Respublika ekologik resurs markazi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti, TRAFFIC xalqaro tashkiloti (Buyuk Britaniya), Qozog‘iston bioxilma-xilligini saqlash assotsiatsiyasi (ASBC).

Mutaxassislar munosabati

Loyihaning 2,5-yillik faoliyati davomida amalga oshirilgan ishlarga to‘xtalarkan, Ekologiya vazirligining Biologik xilma-xillik siyosatini yuritish bo‘limi boshlig‘i Abdurashid Sodiqov shunday dedi:

— Yovvoyi hayvonlarning noqonuniy savdosi hozirda dunyoda daromad bo‘yicha to‘rtinchi o‘rinda turadi, afsuski, hayvonlarni noqonuniy ravishda sotayotganlar yetarlicha. Bu bioxilma-xillikning asosi bo‘lgan yovvoyi tabiat savdosiga qarshi kurashish uchun ko‘proq harakat qilishimiz kerakligini anglatadi. Biz ushbu maqsad yo‘lida mahalliy va xalqaro tashkilotlar bilan izchil hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik. Maqsadimiz havo, temir yo‘l va boshqa transport yo‘llar orqali hayvonlarni noqonuniy olib kirish yoki olib chiqib ketishning oldini olishdir.

- Noqonuniy yo‘l bilan olib kirilgan hayvonlarni ko‘pincha tabiiy yashash muhitiga qaytarib bo‘lmaydi, - deydi Toshkent hayvonot bog‘i metodisti Lola Bashirova. 

– Masalan, o‘tgan yili O‘zbekistonga plastik konteynerlarda olib kirilgan nil timsohi juda og‘ir ahvolda edi. Bir qismi halok bo‘ldi. 30 dan ortiq katta timsoh uchun qanchalik katta hajmdagi voler kerakligini tasavvur qiling. Kontrabanda nafaqat bu hayvonlar olib chiqilgan mamlakat ekologiyasiga zarar yetkazadi, balki ular olib kirilgan mamlakat uchun ham yetarlicha noqulayliklarni yuzaga keltiradi. Yaxshiyamki, timsohlar bizning qo‘limizga kelib tushdi. Agar ularni alohida odamlarga sotishganda yoki tabiatga qo‘yib yuborilganda nima bo‘lardi? Bu butun insoniyat uchun xavfli. Shuning uchun, biz mamlakatimizda mavjud bioxilma- xillikni saqlab qolib, begona turlar olib kirilishiga qarshilik ko‘rsatishimiz muhim. Ko‘pincha hayvonot bog‘imizga ekzotik jonivor turlari kelib tushadi. Afrika davlatlari, Misr, Sharqiy Osiyo mamlakatlaridan olib kelingan turli hayvonlar, orangutan, timsoh, qushlar - ularning barchasini saqlash uchun maxsus sharoitlar kerak. Shuningdek, O‘zbekistonda yashaydigan va jarohatlangan noyob qushlarni olib kelishadi. Ba’zida qonuniy yo‘l bilan olib kirilgan hayvonlarni ham boqa olmay hayvonot bog‘iga olib kelgan holatlar ham bo‘ladi.

Markaziy Osiyo va O'zbekistondagi vaziyat

TRAFFIC tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha loyiha koordinatori Baqitbek Tokubek o‘g‘li:

- Biz bir necha yil davomida jonivorlarning noqonuniy savdosi masalasini O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston mamlakatlari qamrovida o‘rgandik. O‘zbekiston statistikasi bo‘yicha aytadigan bo‘lsam, SITES (Yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlari bilan xalqaro savdo to‘g‘risidagi Konvensiya) ro‘yxatiga kiritilgan hayvonlar orasida 97% umurtqasizlar, qolgan ikki foizi qushlar va 1% reptiliyalarga to‘g‘ri keladi. O‘zbekiston xorijga 95% reptiliya (asosan, cho‘l toshbaqasi) va 5% qushlarni eksport qiladi. Noqonuniy olib chiqiladigan hayvonot olamiga doir tovarlar orasida toshbaqa, ondatra mo‘ynasi, sayg‘oq shoxlari va terisi, to‘tiqushlar yetakchilik qiladi. 10 yil ichida noqonuniy olib chiqilayotgan 9222 ta tirik toshbaqa ushlab qolingan. 6000 dan ko‘pini avtomobil orqali olib ketishga urinishgan. Keyingi o‘rinda sayg‘oq shohlari va terisi turadi.

Markaziy Osiyoda yovvoyi tabiatning noqonuniy savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha Fauna va Flora dasturi menejeri Mett Lotton o‘z nutqida ekologik barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashda hamda CITES konvensiyasi (yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi fauna va flora turlari bilan xalqaro savdo to‘g‘risidagi konvensiya) bo‘yicha majburiyatlarni bajarishda O‘zbekistonning hissasi katta va ko‘magi muhim ekanligini ta’kidladi.