$
 12091.22
9.59
 13844.45
7.36
 149.16
-1.28
weather
+26
Кечаси   +14°

Yaqin Sharqdagi vaziyat fonida Afg‘oniston-Pokiston urushida yuzlab odamlar halok bo‘lmoqda

Urush

Seshanba kuni Afg‘oniston rasmiylari xalqaro jamoatchilikni larzaga keltirgan ma’lumotni e’lon qildi: Pokiston harbiy samolyotlari Kobul shahridagi ijtimoiy himoya maskaniga zarba berishi oqibatida kamida 408 kishi hayotdan ko‘z yumgan, yana 265 kishi og‘ir jarohatlangan. Mazkur hodisa o‘tgan yilning oktabr oyida ikki qo‘shni davlat o‘rtasida boshlangan qurolli to‘qnashuvlar tarixidagi eng yirik talafot sifatida qayd etildi.

E’tiborlisi, ushbu qonli voqea Xitoy tomoni vaziyatni barqarorlashtirish uchun o‘z vositachiligini taklif qilib, tomonlarni muzokaraga chaqirganidan bir necha soat o‘tib sodir bo‘ldi. 2 600 kilometrlik umumiy chegaraga ega bo‘lgan Janubiy Osiyoning ikki yirik qo‘shnisi o‘rtasidagi munosabatlar hozirda ochiq urush yoqasiga kelib qolgan.

Harbiy obyektmi yoki shifoxona? Qarama-qarshi iddaolar

Tolibon hukumati matbuot kotibi o‘rinbosari Hamdulla Fitratning ma’lum qilishicha, dushanba oqshomida amalga oshirilgan hujum 2000 o‘ringa mo‘ljallangan “Omid” (Umid) davlat shifoxonasini nishonga olgan. Mazkur muassasa giyohvandlikdan aziyat chekayotgan fuqarolarni davolash bilan shug‘ullanib kelgan.

Biroq Pokiston tomoni bu ayblovlarni mutlaqo rad etib, bayonotni “yolg‘on va chalg‘ituvchi” deb baholamoqda. Pokiston Axborot vaziri Attoulloh Tararning ta’kidlashicha, harbiy amaliyot davomida terrorchilarni qo‘llab-quvvatlovchi infratuzilma va qurol-yarog‘ omborlari yo‘q qilingan. Islomobodning iddaosiga ko‘ra, zarba "Omid” shifoxonasiga emas, balki undan bir necha mil uzoqlikdagi “Feniks” harbiy lageriga berilgan. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, zarbalardan keyingi kuchli portlashlar u yerda yirik o‘q-dori zaxirasi bo‘lganidan dalolat beradi.

Shunga qaramay, mahalliy aholi va mustaqil jurnalistlarning guvohlik berishicha, NATOning sobiq “Feniks” bazasi bundan o‘n yil avval “Ibn Sino nomidagi giyohvandlikni davolash shifoxonasi”ga aylantirilgan edi. Xalq orasida “Umid maskani” deb ataluvchi ushbu majmua aynan Pokiston samolyotlari nishoniga aylangan maskandir.

“Go‘yo qiyomat qoyim bo‘lgandek”: Vayronalar ichidagi haqiqat

Hujum sodir bo‘lgan hudud hozirda dahshatli manzarani eslatadi. Bir paytlar odamlar shifo topadigan binodan faqat qoraygan devorlar va temir-tersak uyumlari qolgan. Vayronalar orasidan bemorlarning shaxsiy buyumlari, kiyim-kechaklar va yonib ketgan karavotlarni ko‘rish mumkin, deb yozmoqda CNN nashri.

Afg‘oniston Ichki ishlar vazirligi vakili Abdul Matin Qanining so‘zlariga ko‘ra, qurbonlarning mutlaq ko‘pchiligi — davolanayotgan bemorlar va tinch aholi vakillaridir. Norvegiya Qochqinlar kengashi (NRC) kabi xalqaro tashkilotlar ham hududda yuzlab jasadlar va yaradorlarni ko‘rganliklarini tasdiqlab, fuqarolik infratuzilmasiga hujum qilishni keskin qoraladi.

Hujum paytida omon qolgan 50 yoshli Ahmad shunday xotirlaydi:

“Shom namozini o‘qib bo‘lgan edik, birdan uchta dahshatli portlash eshitildi. Atrofni olov qopladi, do‘stlarim ko‘z oldimda yonib ketishdi. Go‘yo qiyomat qoyim bo‘lgandek edi”.

Diplomatik inqiroz va xalqaro munosabat

Pokiston hukumati dushanba kechasi Afg‘oniston bo‘ylab jami oltita nuqtaga zarba berilganini tasdiqladi. Bosh vazir matbuot kotibi Musharraf Zaydiyning so‘zlariga ko‘ra, “aksilterror amaliyotlari” hududda jangarilar to‘liq yo‘q qilinmaguncha davom etadi. Islomobod Kobulni o‘z hududida terrorchilarga boshpana berishda ayblasa, Tolibon bu ayblovlarni Pokistonning ichki muammosi deb atab kelmoqda.

Xalqaro hamjamiyat vaziyatdan jiddiy xavotirda. BMTning Afg‘onistondagi missiyasi (UNAMA) tomonlarni bosiqlikka chaqirdi. Xitoy mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash zarurligini eslatgan bo‘lsa, Hindiston mazkur aviazarbalarni keskin qoralab chiqdi.

Теги :
Jamiyat