$
 12212.79
43.38
 14411.09
51.19
 159.52
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

Quturishdan Ebolagacha: Qaysi virus insoniyatni qirmoqda?

virus

Ba’zan eng katta xavf ko‘zga ko‘rinmaydi. Ular shunchaki oddiy shamollashga o‘xshab boshlanib, oxiri fojia bilan tugashi mumkin. Dunyoda shunday viruslar borki, yuqqan taqdirda o‘lim darajasi hatto 100 foizga yetadi. Bu viruslarning ko‘pchiligi ko‘rshapalaklar orqali tarqaladi va odamdan odamga ham yuqadi. Quyida shunday dunyodagi eng xavfli 10 ta virus haqida barcha ma’lumotlarni jamladik.

1. Quturish (Rabies) – 100% o‘lim darajasi

Quturish virusida o‘lim darajasi deyarli 100 foiz. U asosan it, mushuk yoki yovvoyi hayvon tishlashi orqali yuqadi. Virus asab tizimi orqali miyaga o‘tadi. Dastlab isitma, bosh og‘rig‘i, bezovtalik paydo bo‘ladi, keyinchalik suvdan qo‘rqish, talvasa va asab tizimi ishdan chiqishi kuzatiladi. Belgilar paydo bo‘lgach, davolash deyarli imkonsiz. Har yili taxminan 59 ming kishi quturishdan vafot etadi. Ko‘proq Afrika va Janubi-Sharqiy Osiyoda uchraydi. Vaksina mavjud va vaqtida qilinsa, kasallikning oldini olish mumkin.

2. B virusi (Herpes B) – 80%

Herpes B virusi (Macacine herpesvirus 1) asosan rhesus maymunlarida uchraydigan virusdir. Maymunlar uchun u oddiy shamollashga o‘xshash yengil kasallik bo‘lishi mumkin, lekin odamga yuqsa juda xavfli hisoblanadi. Odamlarda bu virusning o‘lim darajasi davolanmasa 70–80 foizgacha yetishi mumkin. Dastlab grippga o‘xshash alomatlar paydo bo‘ladi, keyin asab tizimi zararlanadi. Hozirgacha bu kasallikdan 21 ta o‘lim holati qayd etilgan. O‘limlar asosan laboratoriya sharoitida maymunlar bilan ishlovchi mutaxassislarda kuzatilgan.

3. Lujo virusi – 80%

Lujo virusi juda kam uchraydigan, lekin xavfli viruslardan biri hisoblanadi. U ilk bor 2008-yilda aniqlangan. Lujo virusi asosan kemiruvchilar orqali yuqadi deb taxmin qilinadi. Odamga esa kasallangan hayvon bilan aloqa qilish yoki infeksiya yuqtirgan odamning tana suyuqliklari orqali o‘tishi mumkin. Dastlab belgilari oddiy shamollashga o‘xshab isitma, bosh og‘rig‘i, holsizlik paydo bo‘ladi. Keyin esa ahvol tez og‘irlashadi, ichki qon ketishlar, jigar va boshqa a’zolarning shikastlanishi kuzatiladi. Bu virus juda kam uchragan bo‘lsa ham, o‘lim darajasi 80% ni tashkil qiladi. 2008-yildagi dastlabki 5 kishida aniqlangan ushbu virusdan 4 nafari vafot etgan. Shuning uchun u eng xavfli gemorragik isitma viruslari qatoriga kiritiladi. Hozircha Lujo virusiga qarshi maxsus vaksina yo‘q. Davolash asosan simptomlarni yengillashtirishga qaratiladi. 

4. Nipah virusi – 40–75%

Nipah virusi ilk bor 1998-yilda Malayziyada aniqlangan. U asosan ko‘rshapalaklar orqali yuqadi. Odamlarga ifloslangan meva yoki hayvonlar orqali o‘tadi. Nipah virusi odatda oddiy isitma va bosh og‘rig‘i bilan boshlanadi. Odam o‘zini holsiz his qiladi, ko‘ngli aynishi mumkin. Ammo keyin kasallik tez og‘irlashadi. Miyaning yallig‘lanishi — ensefalit rivojlanadi. Bemor hushini yo‘qotishi, talvasa tutishi yoki komaga tushishi mumkin. O‘lim darajasi 40 foizdan 75 foizgacha yetadi. 600 ga yaqin o‘lim holati qayd etilgan. Eng ko‘p Bangladesh va Hindistonda uchraydi. Vaksinasi hali keng qo‘llanilmaydi, davolash esa asosan simptomlarni yengillashtirishga qaratiladi. 

5. Hendra virusi – 57%

Hendra virusi ilk bor 1994-yilda Avstraliyaning Hendra hududida aniqlangan. Virus nomi ham shu joydan olingan. Bu virus asosan meva ko‘rshapalaklari orqali tarqaladi. U ko‘rshapalaklardan otlarga yuqadi, keyin esa kasallangan ot bilan yaqin aloqada bo‘lgan odamga o‘tishi mumkin. Hozirgacha virus asosan Avstraliyada qayd etilgan va juda kam uchraydi. Kasallik dastlab oddiy shamollashga o‘xshab boshlanadi. Isitma ko‘tariladi, bosh og‘riydi, yo‘tal paydo bo‘lishi mumkin. Ba’zi hollarda nafas olish qiyinlashadi yoki miyaning yallig‘lanishi kuzatiladi. Odamlarda o‘lim darajasi 50 foizdan yuqori bo‘lishi mumkin. Hozircha odamlar uchun maxsus vaksina yo‘q, lekin otlar uchun vaksina ishlab chiqilgan va qo‘llaniladi.

6. Ebola – 50%

Ebola virusi ilk marta 1976-yilda Afrikadagi Ebola daryosi hududida aniqlangan. Virus asosan Markaziy va G‘arbiy Afrikada uchraydi. Ebola odamga kasallangan hayvonlar, ko‘pincha yarasalar yoki maymunlar orqali yuqadi.

Keyinchalik esa virus odamdan odamga tana suyuqliklari — qon, so‘lak, ter, qusindi yoki boshqa suyuqliklar orqali tarqaladi. Shu sababli kasallik tez yoyilishi mumkin. Dastlab Ebola oddiy grippga o‘xshab boshlanadi. Odamda yuqori isitma, bosh og‘rig‘i, mushak og‘rig‘i va kuchli holsizlik paydo bo‘ladi. Keyinchalik ichki va tashqi qon ketishlar, qusish, ich ketishi va ichki a’zolarning shikastlanishi kuzatiladi. Kasallik tez og‘irlashadi va davolanmasa o‘limga olib kelishi mumkin. O‘lim darajasi ba’zi epidemiyalarda 50 foizdan ham yuqori bo‘lgan. 2014–2016-yillarda G‘arbiy Afrikada Ebola epidemiyasi yuz berib, 15 mingdan ortiq odam hayotdan ko‘z yumgan. Bu butun dunyoni jiddiy xavotirga solgan edi. Hozirgi kunda Ebola virusiga qarshi vaksina mavjud va u ayrim hududlarda qo‘llanilmoqda. 

7. Marburg virusi – 50%

Marburg virusi juda xavfli gemorragik isitma keltirib chiqaradigan virus hisoblanadi. U ilk bor 1967-yilda Germaniyaning Marburg shahrida aniqlangan. O‘sha paytda laboratoriyada maymunlar bilan ishlagan bir nechta xodim kasallangan edi. Marburg virusi asosan ko‘rshapalaklar orqali tarqaladi. Odamga esa kasallangan hayvon bilan aloqa qilish yoki virus yuqtirgan odamning tana suyuqliklari orqali o‘tadi. Qon, so‘lak, ter, qusindi yoki boshqa suyuqliklar bilan yaqin aloqa qilish katta xavf tug‘diradi. Shu sabab virus tez tarqalishi mumkin. Kasallik odatda yuqori isitma, kuchli bosh og‘rig‘i va mushak og‘rig‘i bilan boshlanadi. Odam o‘zini juda holsiz his qiladi. Keyinchalik ich ketishi, qusish va ichki qon ketishlar paydo bo‘lishi mumkin. Kasallik tez og‘irlashadi va ichki a’zolar zararlanadi. O‘lim darajasi ayrim epidemiyalarda 50 foiz va undan ham yuqori bo‘lgan. Shu kungacha 470 dan ortiq o‘lim qayd etilgan. Marburg virusi asosan Afrika mamlakatlarida qayd etilgan. Ayrim yillarda kichik epidemiyalar kuzatilgan. Hozircha keng qo‘llaniladigan vaksina yo‘q. Davolash asosan bemorning ahvolini yengillashtirish va suyuqlik yo‘qotilishini to‘ldirishga qaratiladi.

8. H5N1 (qush grippi) – 50%

H5N1, ya’ni qush grippi virusi, asosan parranda va yovvoyi qushlarda uchraydigan xavfli infeksiyadir. U odamga kam hollarda yuqadi, lekin yuqsa juda og‘ir kechishi mumkin. Virus ilk bor 1990-yillarda aniqlangan va keyinchalik Osiyo hamda boshqa hududlarga tarqalgan. H5N1 odatda kasallangan qushlar bilan bevosita aloqa qilish orqali yuqadi. Masalan, parranda bozorlarida ishlaydiganlar yoki kasallangan tovuqlar bilan yaqin aloqada bo‘lgan odamlar xavf ostida bo‘ladi. Odamdan odamga yuqish juda kam uchraydi, lekin butunlay inkor etilmagan. Kasallik belgilari odatda yuqori isitma, yo‘tal, tomoq og‘rig‘i va kuchli holsizlik bilan boshlanadi. Ko‘p hollarda virus o‘pkaga zarar yetkazib, og‘ir pnevmoniyaga olib keladi. Nafas yetishmovchiligi va boshqa asoratlar tez rivojlanishi mumkin. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, odamlar orasida H5N1 yuqqan holatlarda o‘lim darajasi 50 foiz atrofida bo‘lgan. 477 ta o‘lim holati qayd etilgan.

So‘nggi yillarda virusning yangi to‘lqinlari va turli shtammlari kuzatilmoqda. Shu sabab Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti uni doimiy nazorat ostida saqlaydi. H5N1 hozircha keng miqyosda odamdan odamga yuqmaydi, ammo virus o‘zgarib ketish xavfi borligi sababli ehtiyot choralari muhim.

9. Kongo-Qrim gemorragik isitmasi (CCHF) – 10–40%

Kongo-Qrim gemorragik isitmasi (CCHF) juda xavfli virusli kasalliklardan biri hisoblanadi. Bu kasallik asosan kana (shomil) chaqishi orqali yuqadi. Virus chorva hayvonlarida ham bo‘lishi mumkin, lekin ular ko‘pincha o‘zlari kasallanmaydi. Odam esa kasallangan hayvonning qoni yoki tana suyuqligi bilan aloqa qilganda ham virus yuqtirib olishi mumkin.

Kasallik odatda to‘satdan boshlanadi. Odamda yuqori isitma, kuchli bosh og‘rig‘i, mushak va bo‘g‘im og‘rig‘i paydo bo‘ladi. Keyinchalik ko‘ngil aynishi, qusish, ich ketishi va umumiy holsizlik kuzatiladi. Eng xavfli bosqichida esa ichki va tashqi qon ketishlar boshlanishi mumkin. Shuning uchun u “gemorragik isitma” deb ataladi. CCHF ning o‘lim darajasi 10 foizdan 40 foizgacha yetishi mumkin.

Bu ko‘rsatkich virusning qaysi hududda tarqalganiga va bemorga qanchalik tez tibbiy yordam ko‘rsatilganiga bog‘liq. Har yili 1 000–2 000 o‘lim holati qayd etiladi. Kasallik asosan Afrika, Yaqin Sharq, Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa hududlarida uchraydi. Hozircha bu virusga qarshi keng qo‘llaniladigan vaksina mavjud emas. Davolash asosan bemorning ahvolini barqarorlashtirish, qon yo‘qotilishini to‘xtatish va asoratlarni kamaytirishga qaratiladi. 

10. MERS-CoV – 36%

MERS-CoV — bu Yaqin Sharq respirator sindromi deb ataladigan virus. U ilk bor 2012-yilda Saudiya Arabistonida aniqlangan. Virus asosan tuyalardan odamga yuqadi. Ba’zi hollarda odamdan odamga ham yuqishi mumkin, ayniqsa shifoxona sharoitida. Kasallik odatda yuqori isitma, yo‘tal va nafas olish qiyinlashishi bilan boshlanadi. Ba’zi bemorlarda ich ketishi va holsizlik ham kuzatiladi. Eng xavfli tomoni shundaki, virus o‘pkaga jiddiy zarar yetkazib, og‘ir pnevmoniyaga olib kelishi mumkin. Ba’zan buyrak yetishmovchiligi ham rivojlanadi. MERS-CoV bilan kasallanganlarning o‘lim darajasi taxminan 30–35 foiz atrofida. Bu uni xavfli viruslar qatoriga qo‘shadi. Hozirgacha 959 ta o‘lim qayd etilgan. Asosan Saudiya Arabistoni va boshqa Yaqin Sharq davlatlarida uchraydi, lekin boshqa mamlakatlarga ham sayohat orqali kirib borgan holatlar bo‘lgan. MERS-CoV ga qarshi keng qo‘llaniladigan vaksina yo‘q.

Теги :
Jamiyat