$
 11880.93
-14.64
 13794.95
-31.27
 153.28
0.3
weather
+26
Кечаси   +14°

“Viruslar bayrami” boshlandi: Qishda eng ko‘p tarqaladigan TOP–10 kasallik

virus

Qish kelishi bilan sovuq havo, yopiq joylarda ko‘proq vaqt o‘tkazish va atrofdagilar bir-biriga yaqin bo‘lishi tufayli turli viruslar tez tarqala boshlaydi. Bolalar bog‘cha yoki maktabdan turli mikrob olib keladi, kattalar esa aksirib yoki yo‘talib yuradigan hamkasblar sabab kasal bo‘lib qolishi osonlashadi.

Quyida qishda eng ko‘p uchraydigan 10 ta kasallikni va ulardan qanday himoyalanishni birga ko‘rib chiqamiz.

Nega qishda ko‘p kasal bo‘lamiz?

Sovuq havo juda quruq bo‘ladi. Viruslar esa quruq havoda uzoqroq turadi. Odamlar sovuqdan qochib uy ichida ko‘p vaqt o‘tkazgani uchun virus bir odamdan boshqasiga juda tez o‘tadi. Kasallik belgilari bir necha kun yashirinib turadi. Siz o‘zingizni yaxshi his qilayotgan bo‘lsangiz ham, aslida virusni boshqalarga tarqatayotgan bo‘lishingiz mumkin. Eng ko‘p yuqtirish davri kasallikning birinchi 2–3 kuniga to‘g‘ri keladi.

Kasallikni qanday tarqatmaslik kerak?

Agar siz yoki farzandingiz kasal bo‘lsa, boshqalarga yuqtirmaslik uchun yo‘talganda tirsagingizga yo‘taling, qo‘lingizga emas. Eshik tutqichlari va telefon pultini tez-tez artib turing. Idish, sochiq, ovqat va ichimlikni bo‘lishmang. Qo‘lni iliq suv va sovun bilan yuvish eng kuchli himoya. O‘zingizni yomon his qilayotgan bo‘lsangiz, uyda qolganingiz yaxshi. Immuniteti sust bo‘lganlar esa niqob taqqani ma’qul.

Qishda eng ko‘p uchraydigan TOP–10 kasallik

1. Oddiy shamollash

Shamollash — qishda eng ko‘p uchraydigan kasallik turi hisoblanadi. Katta odamlar yiliga bir necha marta, bolalar esa undan ham ko‘p shamollaydi. Virus tanada ikki haftagacha saqlanadi. Belgilar kuchayganda bosh og‘rib, burun bitadi va tomoq achishadi. Bunday holatda ko‘proq issiq choy ichish, ko‘p suyuqlik iste’mol qilish va xonani namlab turish yengillik beradi.

2. Gripp

Gripp shamollashdan ancha og‘ir o‘tadi. Birdaniga isitma ko‘tariladi va tana og‘rib, odam holsiz bo‘lib qoladi. Eng yomon tomoni belgilar bilinmasdan oldin ham boshqalarga yuqtirasiz. Bunda yiliga bir marotaba grippga qarshi emlanish eng yaxshi himoya hisoblanadi.

3. CoVID-19

CoVID-19 gripp va RSV kabi qishda tez tarqaladi. Shu sabab har yili yangilanadigan COVID vaksinasi mavjud. U eng xavfli yangi variantlardan himoya qiladi. Vaksina bilan ham kasallik yuqishi mumkin, lekin belgilari yengilroq o‘tadi va kasalxonaga tushish xavfi kamayadi.

COVID yuqqan odam belgilar paydo bo‘lishidan 1–2 kun oldin va kasallik boshlanganidan keyingi 2–3 kun ichida boshqalarga yuqtiradi. Agar kasallik yengil o‘tsa, taxminan 5 kun yuqumli bo‘lasiz. Og‘irroq holatlarda bu muddat 20 kungacha cho‘zilishi mumkin. Belgilaringiz sezilarli darajada kamaygan bo‘lsa va kasallik boshlanganiga kamida 5 kun bo‘lgan bo‘lsa, boshqalar bilan muloqot qilish mumkin bo‘ladi.

4. RSV

RSV sog‘lom kattalar va bolalarda odatda shamollashga o‘xshash yengil belgilar beradi. Ammo chaqaloqlar, keksa odamlar va immuniteti past bo‘lganlarda bronxiolit yoki pnevmoniyaga sabab bo‘lishi mumkin. Har yili 58 mingdan 85 minggacha bola va 177 mingga yaqin 60 yoshdan oshgan kattalar shu virus sabab kasalxonaga tushadi. Shuning uchun bolalar va keksalar uchun maxsus RSV vaksinalari joriy qilinmoqda. Virus yuqqan odam alomatlar ko‘rinishidan oldin ham, kasallik davomida ham 8 kungacha boshqalarga yuqtirishi mumkin. Immuniteti zaiflar esa hatto 4 haftagacha yuqumli bo‘lib qolishi mumkin.

5. Bronxit

Shamollash, gripp yoki COVID-19 kabi viruslar vaqtida davolanmasa yoki juda og‘ir o‘tsa, bronxitga olib kelishi mumkin. Bronxit — ko‘krak shamollashi deb ham ataladi. U o‘pkaga boradigan havo yo‘llarining shishishi va shilliq bilan to‘lib qolishi natijasida yuzaga keladi. Bronxitning eng keng tarqalgan belgisi — uch haftagacha davom etadigan kuchli va uzoq yo‘tal.

Bronxitning o‘zi yuqumli emas, lekin unga sabab bo‘lgan shamollash, gripp yoki boshqa viruslar tez tarqaladi. Shuning uchun baribir ehtiyot bo‘lish va virusni atrofdagilarga yuqtirmaslik juda muhim.

6. Pnevmoniya

Pnevmoniya COVID-19, RSV yoki bakteriyalar sabab paydo bo‘ladigan o‘pka yallig‘lanishidir. Virusli ham, bakterial shakli ham yuqumli, lekin har doim ham odamlarda kasallik rivojlanavermaydi. Ikki yoshgacha bo‘lgan bolalar, keksalar va immuniteti past odamlar uchun eng xavfli guruh hisoblanadi, shuning uchun ularga pnevmoniyaga qarshi vaksina tavsiya qilinadi.

Agar pnevmoniya virus sabab kelib chiqqan bo‘lsa, isitma tushmaguncha yuqumli bo‘lasiz. Bakterial pnevmoniyada esa kamida ikki kun antibiotik qabul qilmaguncha va isitma ketmaguncha boshqalarga yuqishi mumkin.

7. Konyuktivit (ko‘z qizarishi)

Konyunktivit — ko‘zning qizarib, achishib qolishiga sabab bo‘ladigan infeksiya. U shamollash, COVID-19 yoki bakteriyalar tufayli paydo bo‘lishi mumkin. Ko‘z atrofidagi qon tomirlari shishgani uchun ko‘z oqi pushti rangga kiradi.

Bu kasallik juda tez yuqadi. Virusli konyunktivit alomatlar kuzatilmasdan oldin ham tarqaladi, bakterial turi esa antibiotikni kamida bir kun ichmaguncha yuqumli bo‘lib turadi. Shu sabab ko‘zingiz og‘rib turganda ko‘zingizga qo‘l tekkizmaslik va qo‘llarni tez-tez yuvish juda muhim.

8. Sinusit

Sinusit — bu burundagi bo‘shliqlar suyuqlik bilan to‘lib, peshona va yuzda bosim, og‘riq paydo bo‘ladigan holat. U ko‘pincha shamollash yoki allergiyadan keyin kelib chiqadi. Bakterial sinusit boshqalarga yuqmaydi, lekin uni keltirib chiqargan shamollash yuqishi mumkin.

Sinusitda burunni tuzli suv bilan yuvish nafas olishni osonlashtiradi. Yuzga iliq mato qo‘yish ham bosimni yengillashtirib, og‘riqni kamaytiradi.

9. Angina

Angina — bu oddiy tomoq og‘rig‘i emas, balki A guruh streptokokk deb ataladigan juda yuqumli bakteriya sabab paydo bo‘ladigan kasallik. Tomoq va bodomchalar shishib, yutish og‘riqli bo‘lib qoladi. Isitma ko‘tarilishi va bo‘yin bezlari shishishi ham tez-tez uchraydi. Agar davolanmasa, ayrim bolalarda tana bo‘ylab qizil toshmalar chiqishi, qizilcha isitmasi ham kuzatilishi mumkin. Angina yuqumli bo‘lgani uchun isitma tushmaguncha va antibiotik ichishni boshlaganingizdan keyin kamida 12 soat o‘tguncha boshqalarga yuqishi ehtimoli yuqori bo‘ladi.

10. Oshqozon-ichak virusi (norovirus)

Norovirus — bu oshqozon-ichakni buzadigan, ich ketishi, qusish va qorin og‘rig‘iga sabab bo‘ladigan juda yuqumli virus. Odamlar ko‘pincha uni “oshqozon grippi” deb atashadi, lekin aslida grippga umuman aloqasi yo‘q. Bu virusni yo‘qotish qiyin, u stol usti, eshik tutqichi kabi joylarda hatto bir necha hafta davomida yashab qolishi mumkin.

Kasallik eng ko‘p qusish, ich ketishi vaqtida va alomatlar pasaygan ilk kunlarda boshqalarga yuqadi. Eng yomon tomoni siz o‘zingizni yaxshi his qila boshlaganingizdan keyin ham, yana ikki hafta davomida boshqalarga virus yuqtirishingiz mumkin.

Qachon shifokorga borish kerak?

Agar isitma juda yuqori bo‘lsa, nafas olish qiyinlashsa, holsizlik kuchaysa yoki chaqaloqlarda isitma kuzatilsa — albatta shifokorga murojaat qilish kerak.

Qishki kasalliklarda ba’zan uy sharoitida davolanish yetadi, lekin ayrim alomatlar paydo bo‘lsa, darrov shifokorga murojaat qilish kerak. Agar 3 oylikdan kichik chaqaloqda isitma chiqsa yoki 3 oylikdan katta bolada 37–38 daraja atrofidagi isitma tushmay tursa, bu xavotirli belgi hisoblanadi. Katta odamda 38.8 darajadan yuqori isitma 4 kundan ko‘p davom etsa, ham shifokor ko‘rigiga muhtoj bo‘ladi.

Nafas qisishi, ko‘krakda og‘riq, xirillash, juda kuchli holsizlik yoki bosh aylanishi ham e’tiborsiz qoldirilmasligi kerak. Suvsizlanish belgilari — quyuq rangli siydik, bosh aylanishi yoki chaqaloqda boshidagi yumshoq joyning ichkariga cho‘kishi ayniqsa xavfli hisoblanadi. Emlanib yurish, qo‘lni ko‘p yuvish va kasal bo‘lib turib boshqalarga yaqinlashmaslik orqali qish mavsumidagi kasalliklarning oldini olish mumkin.

Теги :
Salomatlik