$
 11970.68
36.04
 13902.75
6.06
 163.18
-0.96
weather
+26
Кечаси   +14°

Farzandingiz onlayn oʻyin o‘ynayaptimi yoki kimningdir pulini “yuvyaptimi”?

virtual

Bir necha yil oldin pul yuvish deyilganda ko‘z oldimizga offshor kompaniyalar, yashirin bank hisoblari yoki qimmatbaho ko‘chmas mulklar kelardi. Bugun esa bu jarayon ancha boshqacha ko‘rinish olgan.

Endi milliardlab dollarlar banklar emas, balki o‘yin platformalari, virtual valyutalar va geymerlar akkauntlari orqali ham aylanishi mumkin. PUBG, Roblox, Counter-Strike yoki boshqa mashhur o‘yinlar nafaqat millionlab yoshlarning sevimli mashg‘uloti, balki kiberjinoyatchilar nazaridagi yangi moliyaviy maydonga ham aylanib bormoqda.

Ko‘pchilik uchun bu shunchaki o‘yin. Ammo ayrimlar uchun — noqonuniy pullarni yashirishning zamonaviy usuli.

O‘yinlar ortidagi katta dunyo

Onlayn o‘yinlar industriyasi bugun dunyodagi eng tez rivojlanayotgan va eng daromadli sohalardan biriga aylangan. Turli tadqiqotlarga ko‘ra, dunyo bo‘ylab faol geymerlar soni 3 milliarddan oshgan, global o‘yin bozori hajmi esa 200 milliard dollarga yetdi. Bu ko‘rsatkich hattoki kino, musiqa va boshqa ko‘ngilochar media tarmoqlari daromadlaridan ham yuqori. Biroq bugungi o‘yinlar iqtisodiyoti faqat o‘yin sotishdan iborat emas. Daromadning katta qismi o‘yinlar ichida shakllangan noqonuniy pullar hisobiga yaratilmoqda. Masalan, Roblox platformasida million foydalanuvchilar Robux nomli ichki valyuta orqali har kuni millionlab tranzaksiyalarni amalga oshiradi. PUBG Mobileda o‘yinchilar turli kiyimlar, qurol bezaklari va premium imkoniyatlar uchun mablag‘larni sarflaydi. Natijada bugun o‘yinlar atrofida millionlab pul aylanadigan ulkan virtual bozor shakllandi.

Pul yuvish sxemasi qanday ishlaydi?

Noqonuniy mablag‘larni yashirish va ularning manbasini aniqlashni qiyinlashtirish amaliyoti moliya olamida pul yuvish deb ataladi. Avvallari bunday sxemalarda asosan banklar, offshor kompaniyalar, ko‘chmas mulk yoki qimmatbaho aktivlardan foydalanilgan bo‘lsa, raqamli texnologiyalar rivojlanishi bilan bu jarayon yangi maydonlarga ko‘cha boshladi. Shulardan biri — onlayn o‘yinlar olamidir. Buning sababi oddiy, onlayn o‘yinlar bugun millionlab foydalanuvchilar va milliardlab dollarlik tranzaksiyalarni birlashtirgan yirik raqamli ekotizimga aylangan. Har kuni minglab o‘yinchilar virtual valyuta sotib oladi, o‘yin ichidagi buyumlarni xarid qiladi yoki ularni boshqa foydalanuvchilarga sotadi. Shu sababli katta hajmdagi tranzaksiyalar oqimi orasida shubhali operatsiyalarni aniqlash har doim ham oson emas. Masalan, jinoyatchilar o‘g‘irlangan bank kartalari yoki firibgarlik orqali qo‘lga kiritilgan mablag‘larni katta summalarda emas, balki ko‘plab mayda xaridlar ko‘rinishida sarflaydi. Yuzlab akkauntlar orqali o‘yin valyutasi yoki boshqa virtual aktivlar sotib xarid qilinadi. Tashqaridan qaralganda esa bu operatsiyalar oddiy o‘yinchilarning kundalik xaridlaridan deyarli farq qilmaydi. Ko‘pincha bu jarayonda jinoyatchilarning o‘zlari nazorat qiladigan o‘nlab, ba’zan yuzlab akkauntlardan foydalaniladi. Natijada mablag‘ harakatining dastlabki manbasini aniqlash tobora murakkablashadi. Shu tariqa pulning noqonuniy kelib chiqish manbai yashiriladi.

Fosh etilgan shov-shuvli voqealar

Dunyoga mashhur Valve kompaniyasi 2019-yilgi oʻzining rasmiy bayonotida CS:GO oʻyinidagi qurol qutilarini ochuvchi “kalitlar” savdosining deyarli 90 foizi xalqaro kiberjinoyatchilar jamoasi tomonidan pullarni legallashtirish uchun ishlatilganini tan olgan. Shundan soʻng, kompaniya kalitlarni geymerlar oʻrtasida qayta sotish imkoniyatini butunlay bloklab qoʻydi. Yana bir voqea 2023-yilda sodir bo‘lgan. San-Fransisko federal sudida Roblox platformasidagi 300 dan ortiq foydalanuvchi ishtirokidagi pul yuvish tarmogʻi fosh etdi. Jinoyatchilar oʻyin ichida soxta, hech qanday qiymatga ega boʻlmagan virtual buyumlar yaratib, ularni bir-birlariga millionlab Robuxda (virtual pul) sotish orqali qora pullarni qonuniylashtirgan. 2021-2022 yillarda Turkiyada va bir qator Yevropa davlatlarida oʻgʻirlangan kredit kartalardagi pullarni geymerlar va strimerlar orqali yuvish sxemasi fosh etildi.Jinoyatchilar Twitch platformasida strimerlarga “Bits” (virtual pul) koʻrinishida yirik donatlar joʻnatishgan va keyinchalik strimerlardan bu pulning maʼlum qismini naqd koʻrinishda qaytarib olishgan. Ushbu voqea doirasida 40 dan ortiq shaxslar hibsga olingan.

O‘zbekiston raqamli o‘yinlar maydoni

Bu mavzu bir qarashda O‘zbekistonga aloqasi yo‘qdek ko‘rinishi mumkin. Ammo raqamli iqtisodiyot chegaralarni tan olmaydi. O‘zbekiston ham internet foydalanuvchilari, onlayn to‘lovlar va elektron xizmatlar soni ortib borayotgan mamlakatlardan biri sifatida ushbu jarayonlardan chetda qolmaydi. Bugungi kunda ko‘plab o‘zbekistonlik yoshlar xalqaro o‘yin platformalarida faol qatnashmoqda. Ayrimlari professional darajada o‘yinni o‘ynasa, boshqalari virtual buyumlar savdosi yoki akkauntlarni rivojlantirish orqali daromad qilmoqda. Masalan, o‘yinlar bilan bog‘liq xizmatlar ko‘rsatish, virtual buyumlar savdosi yoki raqamli kontent yaratish orqali pul ishlab topayotgan yoshlar soni ortib bormoqda. Bunday faoliyat ma’lum ma’noda raqamli xizmatlar eksportining yangi shakli sifatida qaralishi mumkin. Raqamli iqtisodiyot rivojlanayotgan bir davrda bu ijobiy tendensiya hisoblanadi. Biroq imkoniyatlar bilan bir qatorda xavflar ham mavjud. Virtual aktivlar va xalqaro tranzaksiyalar hajmi oshgani sayin noqonuniy operatsiyalar xavfi ham ortishiga sabab bo‘ladi. Agar monitoring tizimlari yetarli darajada takomillashtirilmasa, ayrim shaxslar yoki guruhlar mahalliy moliyaviy infratuzilmadan tranzit vosita sifatida foydalanishga urinishlari mumkin.

Onlayn o‘yinlar bugun global raqamli iqtisodiyotning muhim qismiga aylangan. Ammo virtual aktivlar va pullar oqimi kesishgan nuqtada yangi xavflar ham paydo bo‘lmoqda. Shuning uchun bu sohada shaffoflik va nazoratni kuchaytirish tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Теги :
Jamiyat