$
 11889.95
-44.66
 13717.44
-70.61
 143.93
-0.71
weather
+26
Кечаси   +14°

“Vagonlarda na sovitish tizimi ishlaydi va na sharoit bor”: Surxondaryo hokimi transportdagi muammolarni keskin tanqid qildi

hokim

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov hududlardagi investitsiya loyihalari va qurilish ishlarini o‘rganish davomida viloyat transport tizimidagi muammolarni keskin tanqid qildi. Hokim M39 yo‘lining Boysun hududidan keyingi qismi yomon ahvolda ekanini, ayrim poyezdlarda sovitish tizimi ishlamasligini, vokzallarda sharoit yetarli emasligini va chipta topish qiyinlashganini aytdi.

“Vagonga mingan odam Toshkentga borguncha kasal bo‘lib qolyapti”

Ulug‘bek Qosimov Surxondaryoni Toshkent bilan bog‘laydigan M39 avtomobil yo‘lining holatidan ham noroziligini bildirdi. Uning aytishicha, ayniqsa Boysun hududidan o‘tgandan keyin yo‘lda yurish qiyinlashgan. Bu holat taksi va avtobus haydovchilarining ham e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

“Surxondaryo aholisini Toshkent bilan bog‘lovchi yo‘l, M39 yo‘lini hamma yaxshi bilib turibdi. Boysundan o‘tgandan keyin yurib bo‘lmaydi. Taksilarimiz dodlab yuboryapti. Avtobuschilar dodlab yuboryapti. Yuziga qarashga ko‘zimiz qolmadi”, dedi hokim.

Viloyat rahbari temiryo‘ldagi sharoitni ham qattiq tanqid qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim vagonlarda sovitish tizimi ishlamaydi, yo‘lovchilar uchun zarur sharoit yaratilmagan, vokzallarda ham muammolar bor. Bundan tashqari, chipta topishning o‘zi qiyinlashgan.

Ayniqsa, Termizdan Sariosiyoga qatnaydigan shahar atrofi poyezdlaridagi holat alohida tilga olindi. Hokim mavjud sharoitda bu poyezdlarda odam tashish qiyinligini aytdi.

“Temiryo‘lda umuman sharoit yo‘q. Vagonga mingan odam Toshkentga borguncha kasal bo‘lib qolyapti. Na sovitish tizimi ishlaydi, na sharoit bor. Na bilet bor, na vokzalda sharoit bor. Sariosiyoga qatnaydigan Termizdan shahar atrofi poyezdlariga odam tashib bo‘lmaydi uning ichida”, dedi Ulug‘bek Qosimov.

Hokim transport prokuraturasi va boshqa mas’ul tashkilotlarni ham tanqid qilib, ular mavjud vaziyatga tomoshabin bo‘lib qolmasligi kerakligini aytdi. Uning fikricha, yo‘lovchilardan xizmat uchun pul olinayotgan ekan, buning evaziga ularga munosib sharoit ham yaratilishi kerak.

Aviachiptalar ikki baravar qimmatlashgani tanqid qilindi

Ulug‘bek Qosimov aviatsiya sohasidagi vaziyatga ham to‘xtaldi. U aviachiptalar narxi ikki baravar oshib ketganini aytib, bunday narxlar oddiy aholi uchun jiddiy muammoga aylanganini ta’kidladi.

Hokimning aytishicha, muammo faqat narxda emas. Chipta topish ham qiyinlashgan va ayrim hollarda tanish-bilishsiz chipta olishning iloji bo‘lmayapti. U bunday vaziyatda Raqobat qo‘mitasi va boshqa mas’ul tashkilotlar nima uchun yetarli choralar ko‘rmayotganini so‘radi.

“Aviabiletlar savdosi umuman sharmanda ahvolda. Narxi ikki baravar bo‘lib ketgan. Monopoliya degan tashkilot tomoshabin. Qanday borsin kambag‘al odam? Bu bilet narxiga qarab bo‘lmaydi. Umuman tanish-bilishsiz bilet topib bo‘lmaydi”, dedi hokim.

Shundan so‘ng mas’ullarga chipta sotish tizimini to‘liq o‘rganish topshirildi. Jarayonni raqamlashtirish, odamlar chipta sotib olayotganda kimningdir yordami yoki tanish-bilishiga muhtoj bo‘lmaydigan shaffof tizim yaratish talab qilindi.

Shuningdek, chipta narxlarining asossiz oshirilishiga va sun’iy to‘siqlar paydo bo‘lishiga chek qo‘yish vazifasi qo‘yildi. Kassirlarning o‘zboshimchaligi yoki chiptalarning tanish-bilish orqali sotilishiga yo‘l qo‘yilmasligi alohida ta’kidlandi. Mas’ul tashkilotlardan chipta savdosi qanday ishlayotganini batafsil o‘rganib, tartibga solish talab qilindi.

Bir hafta muddat: hokim vokzal va poyezdlarni o‘zi tekshiradi

Tanqiddan keyin Ulug‘bek Qosimov mas’ullarga muammolarni bartaraf etish uchun aniq muddat berdi. Uning talabiga ko‘ra, bir hafta ichida poyezd vagonlari zarur jihozlar bilan ta’minlanishi va yo‘lovchilar uchun munosib sharoit yaratilishi kerak.

Hokim kelasi hafta dushanba kuni tongda vokzalga shaxsan borishini ham ma’lum qildi. U Toshkentga qatnaydigan poyezd tarkiblarini birma-bir ko‘zdan kechirib, vagonlarda yo‘lovchilar uchun qanday sharoit yaratilganini tekshirmoqchi.

Теги :
Jamiyat