$
 11772.95
-35.81
€
 13224.55
-179.57
₽
 141.14
-1.02
weather
+26
Кечаси   +14°

Vabo qaytdimi? Sibirda laboratoriya xodimi vafot etgach, karantin joriy qilindi

Rossiyaning Irkutsk viloyatida vaboga qarshi kurashish institutining 28 yoshli xodimi vafot etgach, epidemiyaga qarshi choralar kuchaytirildi. Irkutskdagi bir nechta kasalxona karantinga olindi, 200 ga yaqin kishi esa tibbiy nazoratga olindi. Shunga qaramay, Rossiya rasmiylari ayolning oʻlimiga aynan vabo sabab boʻlganini rasman tasdiqlagani yoʻq.

Nima yuz berdi?

Irkutsk ilmiy-tadqiqot vabolikka qarshi instituti xodimi Darya Shipilova 2-oktyabrga oʻtar kechasi Shelexov shahridagi kasalxonaning reanimatsiya boʻlimida vafot etdi.

Mahalliy OAV ma'lumotlariga koʻra, marhuma oʻlimidan biroz avval vabo qozgʻatuvchisi boʻlgan biomaterial bilan ishlagan boʻlishi mumkin. U 25-sentyabr kuni laboratoriyada ishlash jarayonida probirkani sindirib qoʻygani aytilmoqda. Biroq bu ma'lumot rasman oʻz tasdigʻini topmagan.

Ahvoli keskin yomonlashgach, ayol shifoxonaga yotqizilgan. Dastlab shifokorlar unda koronavirus infeksiyasini gumon qilishgan, ammo keyinchalik bemor oʻta xavfli infeksiyalarga tekshirila boshlangan.

Irkutskda karantin joriy etildi

Yuz bergan hodisadan soʻng hududdagi bir nechta tibbiyot muassasalarida karantin e'lon qilindi. Ular orasida 1, 3 va 10-sonli shahar klinik kasalxonalari, tugʻruqxona hamda Ivano-Matryonin nomidagi bolalar klinik kasalxonasi bor.

Marhuma bilan muloqotda boʻlgan boʻlishi mumkin boʻlgan barcha shaxslar tibbiy nazoratga olindi.

Muassasalardan tashqari, Shelexovdagi Irkutsk alyuminiy zavodida ham niqob rejimi joriy etildi. Mahalliy aholining xabar berishicha, shaharda maxsus himoya kiyimi, niqob va qoʻlqop kiyib yurgan kishilar paydo boʻlgan.

Rasmiylar pnevmoniya haqida gapirmoqda

Rossiyaning “Rospotrebnadzor” tashkiloti Irkutsk viloyatidagi sanitariya-epidemik vaziyat barqaror ekanini ma’lum qildi.

Mahkama bergan ma'lumotga koʻra, marhumaga kelib chiqishi aniqlanmagan pnevmoniya tashxisi qoʻyilgan. Oʻtkazilgan tahlillar unda kasbiy faoliyati bilan bogʻliq mikroorganizmlarni aniqlamagan.

Shuningdek, “Rospotrebnadzor” vabolikka qarshi institutda patogen mikroorganizmlar bilan ishlash jarayonida hech qanday favqulodda hodisa qayd etilmaganini ta'kidladi. Oxirgi 10 kun ichida muassasa xodimlari orasida yuqumli kasalliklar boʻyicha murojaatlar boʻlmagan.

Vabo haqidagi xabarlar qayerdan paydo boʻldi?

Institut xodimining oʻlimi ortidan Rossiya va mahalliy OAVlarda vaboga chalinish ehtimoli haqida xabarlar tarqala boshladi. Buriya rahbari Aleksey Tsydenov avvalroq ayolning oʻlimi vabo bilan bogʻliq ekanini aytgan edi, biroq soʻng rasmiy bayonotlardagi iboralar ehtiyotkorroq koʻrinish oldi.

Irkutsk viloyati gubernatori Igor Kobzev "Rospotrebnadzor" rahbari Anna Popova ishtirokida sanitariya-epidemiyaga qarshi komissiyaning shoshilinch yigʻilishi oʻtkazilganini ma'lum qildi. Bunga hudud yashovchisida oʻta xavfli infeksiya aniqlangan boʻlishi mumkinligi sabab boʻlgan.

Shunga qaramay, qoʻzgʻatuvchining nomi rasman ochiqlanmagan.

Rasmiylar vahimaga tushmaslikka chaqirmoqda

Rossiya sanitariya xizmatlari zaruriy epidemiyaga qarshi choralar koʻrilgani va bemor bilan muloqotda boʻlganlar tibbiy nazoratda ekanini bildirmoqda.

Shunday qilib, ayni damda Irkutsk viloyatida vabo avj olgani haqida rasmiy tasdiq yoʻq. Karantin va niqob rejimi institut xodimining oʻlimi holatlarini tekshirish doirasida faqat ehtiyot chorasi sifatida joriy etilgan.

Теги :
Jamiyat