$
 11912.38
31.45
 13873.16
78.21
 153.39
0.11
weather
+26
Кечаси   +14°

“Oramizdagi qahramonlar”: 1,5 mingga yaqin odamni topishga yordam bergan UzAlert haqida nimalarni bilamiz?

UzAlert

2020-yil 10-dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda yo‘qolgan qizni topishga yordam so‘ralgan murojaat ortidan tashkil topgan UzAlert qidiruv-qutqaruv otryadi bugunga qadar 1,5 mingga yaqin insonning topilishiga hissa qo‘shdi. Aksariyat voqealar baxtli yakun topgan bo‘lsa-da, otryad faoliyati davomida 122 nafar fuqaro halok bo‘lgan holda topilgan, yana 16 kishi hanuz bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida qolmoqda.

Shunga qaramay, jamoa faqat ko‘ngillilar va befarq bo‘lmagan fuqarolar yordamiga tayanib, kun-u tun izlanishni to‘xtatmay davom ettirmoqda. Ma’lumot o‘rnida shuni alohida qayd etish kerakki, otryad davlat tomonidan moliyalashtirilmaydi.

UzAlert qanday paydo bo‘lgandi?

Otryad tarixi 2020-yil 10-dekabrda boshlanadi. O‘sha kuni Tatyana Voloshina ijtimoiy tarmoqlardagi murojaatni ko‘rib, Telegram-guruh ochadi. Oradan ko‘p o‘tmay, unga minglab ko‘ngillilar qo‘shila boshlaydi va harakat keng ko‘lamli qidiruv tizimiga aylanadi.

Bugun UzAlert safida 30 mingdan ortiq faol ko‘ngilli bor.

Qidiruv jarayonida vaqt — hal qiluvchi omil

Ko‘ngillilar tajribasiga ko‘ra, qarindoshlar ko‘p holatda vaqtni boy berib qo‘yadi. UzAlert shuni alohida ta’kidlaydi:

“Odam yo‘qolgani haqida darhol 102 ga qo‘ng‘iroq qilish mumkin. Uch kun kutish talab qilinmaydi, ayniqsa gap bolalar yoki keksalar haqida bo‘lsa.”

Ko‘ngillilarning aytishicha, qidiruvlar ba’zan filmlardagi kabi — tungi parklar, suv havzalari bo‘yida fonarlar bilan izlanadi. Ammo bugungi kunda asosiy kuch — internet.

“Birgina repost ham odam taqdirini o‘zgartirishi mumkin,” — deydi administrator Yelena Maxmudova.

UzAlert platformasi

Oktyabrda VEON AdTech va O‘zbekiston Ko‘ngillilar Assotsiatsiyasi UzAlert uchun yangi veb-platformani ishga tushirdi. Mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgan sayt qidiruv jarayonlarini sezilarli ravishda optimallashtirdi.

Endilikda foydalanuvchilar yo‘qolganlar bo‘yicha ariza yuborishi, UzAlert harakatiga oson qo‘shilishi, ko‘ngillilar haqida ma’lumotlarni tizimli ko‘rishi mumkin.

Platforma qidiruv-qutqaruv amaliyotlarida kim, qaysi hududda va qanday ko‘mak bera olishini aniq belgilab, jarayonni ancha soddalashtiradi.

“Yuksalish” UzAlert jamoasini taqdirladi

“Yuksalish” umummilliy harakati UzAlert faoliyatini e’tirof etib, ularga “Oramizdagi qahramonlar” mukofotini topshirdi. Tadbir doirasida birovning hayotini saqlab qolgan, og‘ir pallada yordam ko‘rsatgan yoki jamiyat hayotini yaxshilashga hissa qo‘shgan 29 nafar fuqaro taqdirlandi.

“Oramizdagi qahramonlar” mukofoti

“Oramizdagi qahramonlar” — “Yuksalish” harakati doirasidagi ijtimoiy loyiha bo‘lib, jamiyatga foydali faoliyat qilgan, boshqalarga yordam bergan, fidoyilik ko‘rsatgan oddiy fuqarolarni e’tirof etish va taqdirlashni maqsad qiladi.

“Oramizdagi qahramonlar” loyihasi orqali jamiyatda yaxshilik qilayotgan — hayotini boshqalarga xaydab o‘tkazayotgan, og‘ir pallarda boshqalarga yordam qilgan, mahalladoshlar hayotini yaxshilashga hissa qo‘shgan shaxslar aniqlanadi va taqdirlanadi.  Bu shaxslar — faol fuqarolar, ko‘ngillilar yoki oddiy insonlar bo‘lishi mumkin.

Теги :
Jamiyat