$
 11778.52
-39.55
 13733.75
-54.39
 138.96
-2.73
weather
+26
Кечаси   +14°

Iqlim oʻzgarishi odamlarning uyqusini yiliga 80 soatdan koʻproqqa qisqartiryapti

Uyqu

Yozning dim tunlari ko‘pchilik uchun tanish manzara. Xonada havo yetishmaydi, yostiq ham, ko‘rpa ham isib ketgan. U yoqdan bu yoqqa ag‘darilasiz, soatga qaraysiz, ammo uyqu kelmaydi. Ertalab esa xuddi umuman uxlamagandek lohas, charchagan holda uyg‘onasiz.

Bu shunchaki noqulaylik emas. Olimlar fikricha, iqlim o‘zgarishi allaqachon insonning eng asosiy ehtiyojlaridan biri — sifatli uyquga ham ta’sir qila boshladi. Tez sur’atlarda oshib borayotgan tungi harorat organizmning tabiiy dam olish jarayonini buzib, millionlab odamlarni uyqusizlik bilan yuzlashtirmoqda.

Amerikaning Climate Central notijorat kommunikatsiya tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan yangi tadqiqotda dunyodagi qariyb 1500 ta yirik shahar tahlil qilindi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, tungi jazirama sabab millionlab odamlar har yili o‘nlab soatlik uyqudan mahrum bo‘lmoqda.

Bu muammo, ayniqsa, Saudiya Arabistoni, Ummon va Birlashgan Arab Amirliklarida keskin namoyon bo‘lgan. Ushbu mamlakatlarda yashovchi odamlar 2020–2025-yillar davomida tungi issiqlik tufayli yiliga 55 soatdan 87 soatgacha uyqusini yo‘qotgan. Eng muhimi, boy berilgan ushbu vaqtning qariyb 16 soati inson faoliyati tufayli yuzaga kelgan global isish bilan bevosita bog‘liq.

Muammo faqat Fors ko‘rfazi davlatlari bilan cheklanmaydi. G‘arbiy Afrikada yashovchilar tungi yuqori harorat sabab yiliga 10–11 soatgacha, Janubi-Sharqiy Osiyo aholisi esa 8–9 soatgacha kamroq uxlashga majbur bo‘lmoqda.

O‘zbekiston uchun ham bu masala begona emas. Keyingi yillarda yoz oylarida tungi haroratning yuqori saqlanishi odatiy holga aylanib bormoqda. Ayniqsa, konditsionersiz xonadonlarda uxlash qiyinlashadi. Bu esa nafaqat noqulaylik, balki inson salomatligiga ta’sir qiluvchi omilga aylanmoqda.

Nega issiqda uxlash qiyin?

Inson organizmi sirkad ritm deb ataluvchi biologik soat asosida ishlaydi. Kech kirib, uxlash vaqti yaqinlashganda, miya organizmga tana haroratini taxminan bir darajaga pasaytirish buyrug‘ini beradi. Ana shu jarayon organizm uchun «dam olish vaqti keldi» degan asosiy signal hisoblanadi.

Ammo xona yoki tashqi muhit harorati yuqori bo‘lsa, organizm o‘zini sovita olmaydi. Natijada uyqu uchun zarur bo‘lgan bir qator jarayonlar izdan chiqadi.

Avvalo, uyqu gormoni hisoblangan melatonin yetarli darajada ishlab chiqarilmaydi. Organizm kimyoviy jihatdan uyquga tayyor bo‘lmaydi va inson uzoq vaqt uxlay olmay yotadi.

Bundan tashqari, issiqlik ta’sirida qon tomirlari kengayadi, tana ortiqcha issiqlikni chiqarishga harakat qiladi. Bu jarayonda yurak tezroq ura boshlaydi. Faol qon aylanishi esa organizmni tinchlantirish o‘rniga, aksincha, sergak holatda ushlab turadi.

Eng katta muammolardan biri — chuqur uyqu fazasining qisqarishidir. Organizm aynan shu bosqichda eng ko‘p tiklanadi. Issiq havoda esa odam tez-tez uyg‘onib ketadi, uyqu yuzaki bo‘lib qoladi. Shuning uchun inson yetarli vaqt uxlagan bo‘lsa ham, ertalab o‘zini horg‘in va lanj his qiladi.

Uyqusizlikning narxi juda qimmat

Tungi uyqusizlik faqat ertalabgi charchoq bilan cheklanmaydi. U inson salomatligi, ish qobiliyati va hatto iqtisodiyotga ham ta’sir ko‘rsatadi.

Iqlim va salomatlik bo‘yicha global alyans raisi Kortni Xovard ta’kidlashicha, sutkasiga 7 soatdan kam uxlash immunitet tizimini zaiflashtiradi, diqqatni jamlash qobiliyatini pasaytiradi va turli baxtsiz hodisalar xavfini oshiradi.

Haydovchining rulda mudrab qolishi, ishlab chiqarishdagi xatolar yoki kundalik qarorlardagi e’tiborsizlik ortida ham ko‘pincha sifatsiz uyqu yotadi.

Muammoning iqtisodiy oqibatlari ham jiddiy. Xalqaro mehnat tashkiloti hisob-kitoblariga ko‘ra, 2030-yilga kelib issiqlik va charchoq tufayli mehnat unumdorligining pasayishi butun dunyo bo‘ylab 80 millionta to‘liq ish o‘rni yo‘qotilishiga teng iqtisodiy zarar keltirishi mumkin.

Global isish endi faqat muzliklar yoki dengiz sathi haqida emas. U har kecha insonning uyqusiga, har ertalabgi kayfiyatiga, kun davomidagi ish unumdorligiga va sog‘lig‘iga ta’sir ko‘rsatayotgan haqiqiy muammoga aylandi.

Agar iqlim o‘zgarishiga qarshi ta’sirchan choralar ko‘rilmasa, kelajakda insoniyat nafaqat salqin iqlimni, balki eng tabiiy ehtiyojlaridan biri — tinch va sifatli uyquni ham yo‘qotib borishi mumkin.

Теги :
Jamiyat