$
 11778.52
-39.55
 13733.75
-54.39
 138.96
-2.73
weather
+26
Кечаси   +14°

Bir oʻquvchiga yarimta kitob: Maktab kutubxonalarida ahvol chatoq

kutubxona

Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi hamda “Yuksalish” harakati hamkorligida umumta’lim maktablari kutubxonalarining joriy holati, badiiy kitob fondi va o‘quvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar yuzasidan o‘tkazilgan jamoatchilik monitoringi natijalari taqdim etildi.

Kutubxonadagi jami kitoblar 500 ta ham emas

Monitoring 250 ta umumta’lim maktabini qamrab olgan bo‘lib, o‘rganishlar shahar va tuman markazlari bilan birga olis qishloq hududlarida ham olib borilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, ayrim hududlarda maktab kutubxonalarini rivojlantirishga qaratilgan samarali tajribalar bor. Masalan, o‘rganilgan 29 ta maktabda har bir o‘quvchiga to‘g‘ri keladigan badiiy adabiyotlar soni xalqaro tavsiyalarda qayd etilgan ko‘rsatkichdan yuqori. Biroq qolgan 221 tasida, ya’ni o‘rganilgan maktablarning 88,4 foizida har bir o‘quvchiga to‘g‘ri keladigan kitoblar soni xalqaro tavsiyalarda belgilangan ko‘rsatkichdan past. Ba’zi maktablarda badiiy adabiyotlar soni bir o‘quvchiga atigi 0,5–1 nusxadan to‘g‘ri kelayotgan bo‘lsa, ba’zi maktab kutubxonalarining jami kitob fondi 500 nusxaga ham yetmaydi.

Hududlar kesimida

Hududlar kesimida ham sezilarli farqlar mavjud. Misol uchun, Qashqadaryo viloyatining ayrim maktablarida bir o‘quvchiga 0,5 ta, Samarqand viloyatidagi ayrim maktablarda 0,6 ta, Toshkent shahrining ayrim maktablarida bo‘lsa 0,7–0,8 ta badiiy adabiyot to‘g‘ri kelmoqda.

Shuningdek, ayrim maktablarda lotin yozuvidagi zamonaviy badiiy adabiyotlar yetishmaydi. Bu esa bugungi kunda lotin grafikasi asosida ta’lim olayotgan o‘quvchilar uchun mavjud kitob fondidan samarali foydalanishni qiyinlashtirmoqda.

Kitob fondlarini yangilash muammosi

Monitoring kitob fondlarini yangilash masalasida ham tizimli muammolar mavjudligini ko‘rsatdi.

O‘rganilgan 62 ta maktabda, ya’ni 25 foizida kitob fondining 30 foizdan 75 foizgacha qismi eskirgan. Yana 34 ta maktabda mavjud kitoblarning 5 foizdan 30 foizgacha qismi foydalanishga yaroqsiz holatda saqlanayotgani aniqlangan.

Ayrim hududlardagi maktablarda kitob fondining eskirish darajasi 50–75 foizgacha yetgan.

Monitoring davomida davlat dasturlarida ko‘zda tutilgan adabiyotlar bilan ta’minlash masalasi ham o‘rganildi. Natijalarga ko‘ra, 207 ta maktabda o‘zbek adabiyotining rus, qozoq, qirg‘iz, tojik, turkman va qoraqalpoq tillariga tarjima qilingan asarlari mavjud emasligi qayd etilgan.

Shuningdek, 2025-yilda nashr etilgan “O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari” 50 jildlik to‘plami 64 ta maktab kutubxonasida mavjud emasligi aniqlangan.

Oʻquv zali mavjud emas

Bundan tashqari, 250 ta maktabning 90 tasida, ya’ni 36 foizida alohida o‘quv zali mavjud emas. Shundan 30 ta maktabda o‘quv zali umuman tashkil etilmagan, 60 ta maktabda esa sinfxona, kitob ombori yoki kutubxonaning bir qismi o‘quv zali sifatida moslashtirilgan.

Ayrim holatlarda kutubxona va o‘quv zallaridan kitob saqlash ombori sifatida foydalanilayotgani, mebel va kitob javonlari eskirgani, xonalarning yoritilishi talab darajasida emasligi ham kuzatilgan.

Yana bir muammo – 82 ta maktabda, ya’ni 32,8 foizida kutubxonalarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish uchun yetarli sharoit yaratilmagan. Ayrim kutubxonalarda kompyuter yoki internet mavjud emas, ayrimlarida mavjud texnika eskirgan, kitoblar hisobi va kataloglar esa hanuz qog‘oz shaklida yuritilmoqda.

Ba’zi maktab kutubxonalarida kompyuter mavjud bo‘lsa-da, u internet tarmog‘iga ulanmagan yoki kutubxona ehtiyojidan boshqa maqsadlarda foydalanilmoqda. Ayrim hududlarda esa kutubxonachilar ish jarayonida shaxsiy noutbuklaridan foydalanishga majbur bo‘layotgani qayd etilgan.

Kutubxonachilar aslida kim?

Shu qatorda, 112 ta maktabda, ya’ni 44,8 foizida kutubxonachilik faoliyatini boshqa mutaxassislik egalari olib borayotgani ma’lum bo‘lgan. Ular orasida boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari, texnologiya va fan o‘qituvchilari, iqtisodchilar, buxgalterlar, psixologlar va boshqa soha vakillari bor.

Ayrim maktablarda esa kutubxonachilar ish vaqtining katta qismini ijara darsliklarini qabul qilish, saralash, tarqatish va hisobini yuritish kabi ularning asosiy vazifalaridan tashqari ishlarga sarflayotgani oydinlashgan.

Qanday tavsiyalar bor?

Jamoatchilik monitoringi natijalaridan kelib chiqib, endilikda maktab kutubxonalarini rivojlantirish bo‘yicha qator amaliy taklif va tavsiyalar ilgari surilmoqda. Xususan, bular:

▪️ barcha maktab kutubxonalarining kitob fondini to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazish;

▪️ fondlarni bolalarning yoshi va psixologik xususiyatlarini hisobga olgan zamonaviy badiiy va bolalar adabiyotlari bilan muntazam boyitish;

▪️ lotin yozuvidagi yangi nashrlar ulushini oshirish kabilar.

Yangi badiiy adabiyotlar xarid qilish va zamonaviy kutubxona infratuzilmasini yaratishga mahalliy byudjet hamda byudjetdan tashqari mablag‘larni yo‘naltirish mexanizmini takomillashtirish, “Tashabbusli byudjet” dasturida maktab kutubxonalarini modernizatsiya qilish va yangi kitoblar xarid qilish uchun alohida loyiha yo‘nalishini joriy etish ham taklif qilindi.

Eskirgan va foydalanishga yaroqsiz kitoblarni hisobdan chiqarish tartibini soddalashtirish, maktab kutubxonalari va o‘quv zallari uchun zamonaviy talablarni ishlab chiqish ham muhim vazifalar sifatida belgilandi.

Kutubxonalarni bosqichma-bosqich to‘liq raqamlashtirish, “Aqlli kutubxona” ekotizimiga o‘tish, yagona elektron katalog, ID-kartalar, elektron kitoblar va raqamli o‘quv resurslaridan foydalanishni kengaytirish kerakligi aytildi.

Kutubxona sohasi bo‘yicha maxsus ma’lumotga ega bo‘lmagan xodimlar uchun qisqa muddatli qayta tayyorlash kurslarini tashkil etish hamda kutubxonachilarni ularning lavozim vazifalariga kirmaydigan ortiqcha texnik va ma’muriy ishlarga jalb qilishni cheklash zarurligi bildirildi.

Muhokama yakunida monitoring natijalari asosida ishlab chiqilgan tavsiyalar tegishli tashkilotlarga taqdim etilishi belgilandi.

Теги :
Jamiyat