$
 11778.52
-39.55
 13733.75
-54.39
 138.96
-2.73
weather
+26
Кечаси   +14°

Bankka borishga hojat yo‘q: Homiladorlik va kasallik nafaqasi endi ”Baraka” kartasiga tushadi

baraka

O‘zbekistonda homiladorlik va tug‘ish hamda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalarini to‘lashning yangi tartibi joriy etildi. Endi tayinlangan pullar “Baraka” ijtimoiy kartasiga o‘tkaziladi. Hatto fuqaroning bunday kartasi bo‘lmasa ham, nafaqa olish uchun alohida bankka borishi shart emas.

Nafaqa avtomatik ravishda kartaga tushadi

Agar fuqaroning “Baraka” ijtimoiy kartasi bo‘lsa, homiladorlik va tug‘ish yoki kasallik nafaqasi tayinlangach, pul avtomatik ravishda shu kartaga o‘tkaziladi. Buning uchun yana ariza yozish, bankka borish, alohida hisob raqami ochish yoki qo‘shimcha hujjatlar topshirish talab qilinmaydi.

Bu nafaqa olish jarayonini ancha soddalashtiradi. Avval pulni qayerdan va qanday olish masalasi bilan alohida shug‘ullanish kerak bo‘lgan bo‘lsa, yangi tartibda tayinlangan mablag‘ to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijtimoiy kartaga tushadi. Fuqaro esa kartadagi mablag‘ va to‘lovlarga oid ma’lumotlarni elektron tarzda kuzatib boradi.

“Baraka” kartasi bo‘lmasa ham nafaqa olish mumkin

Fuqaroning “Baraka” ijtimoiy kartasi yo‘q bo‘lsa, buning uchun bankka borib yangi karta ochish shart emas. Nafaqa tayinlangach, “Baraka” mobil ilovasi orqali uning nomiga virtual ijtimoiy karta avtomatik ochiladi. Nafaqa puli ham shu virtual kartaga o‘tkaziladi.

Ilovaga kirib, virtual kartani, unga tushgan pulni va to‘lovlarga oid boshqa ma’lumotlarni ko‘rish mumkin. Agar virtual karta emas, plastik karta kerak bo‘lsa, uni “Baraka” ilovasining o‘zidan buyurtma qilish imkoniyati bor. Kasallik nafaqasi tayinlangan fuqarolarga esa “Baraka” ijtimoiy kartasi bepul rasmiylashtirib beriladi.

Pul qachon tushadi va miqdorini qayerdan bilish mumkin?

Nafaqa tayinlangan yoki tayinlanmaganini, pul qachon tushishini va kasallik nafaqasi qancha ekanini bilish uchun 1070 ishonch raqamiga qo‘ng‘iroq qilish mumkin. Bundan tashqari, fuqaro o‘z mahallasiga biriktirilgan “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining To‘lovlar sho‘basiga murojaat qilishi mumkin.

“Baraka” mobil ilovasi orqali ham kartaga kelib tushgan mablag‘larni kuzatib borish mumkin. Shu sabab nafaqa oladigan fuqarolarga ilovani o‘rnatib, undagi ma’lumotlarni tekshirib turish tavsiya etiladi.

Теги :
Jamiyat