$
 12928.27
18.47
 13462.21
46.35
 129.66
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekiston uy-joy bozorida faollik darajasi pasaydi. Bu nimani anglatadi?

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari tomonidan iqtisodiy faollik darajasini baholash va prognoz qilish uchun respublikada uy-joy va ipoteka bozoridagi faollik darajasi tahlil qilindi.

Ko‘p qavatli uylar oldi-sotdisi 7,4 foizga qisqardi

2024-yilning III choragida O‘zbekiston uy-joy bozorida faollik darajasi pasaydi. Xususan, joriy yilning iyul-sentyabr oylarida ko‘p qavatli uylardagi kvartiralar oldi-sotdisi uchun 41861 ta shartnoma rasmiylashtirilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2023-yilning mos davriga nisbatan 3362 taga (7,4 foizga) kam.

Oldi-sotdi jarayoniga eng ko‘p ta’sir qiladigan omil nima?

Tahlillar tijorat banklari tomonidan ajratilgan ipoteka kreditlari va aholi tasarrufidagi daromadlar uy-joy bozoriga ta’sir etuvchi muhim omillar ekanligini ko‘rsatdi.

Xususan, 2021-yil yanvar oyidan 2024-yil sentyabr oyigacha bo‘lgan davrda uy-joy oldi-sotdisi va aholiga ajratilgan ipoteka kreditlari hajmi o‘rtasida (korrelyatsiya koeffitsiyenti = 0,81), shuningdek, uy-joy oldi-sotdisi va aholining tasarrufdagi daromadlari o‘rtasida (korrelyatsiya koeffitsiyenti = 0,48) sezilarli bog‘liqlik mavjudligi aniqlandi.

Yil oxirigacha uy-joy savdosi o‘rtacha darajada saqlanishi kutilmoqda

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilning III choragida aholiga ajratilgan ipoteka kreditlari hajmi 4,84 trln. so‘mni tashkil etgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2023-yilning mos davriga nisbatan 7,3 foizga kam. Tahlillarga ko‘ra, ajratilgan kreditlarning o‘sish sur’ati so‘nggi 3 yildagi o‘rtacha darajada saqlanib qolsa, yil oxiriga qadar har oyda o‘rtacha 13,0-14,0 mingta uy-joy oldi-sotdi shartnomalari tuzilishini kutish mumkin.

Ma’lumot uchun, 2023-yilning IV choragida har oyda o‘rtacha 12,9 mingta shartnoma imzolangan.

Prognoz MIDAS modeli orqali ishlab chiqildi

Tahlil jarayonida notarius idoralari tomonidan rasmiylashtirilgan uy-joy oldi-sotdi shartnomalari soni hamda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining ipoteka kreditlari ma’lumotlaridan foydalanildi. Prognoz MIDAS (Mixed-data sampling) usulidan foydalangan holda EViews statistik dasturi orqali amalga oshirildi. MIDAS choraklik va oylik statistik ma’lumotlarni birlashtirish asosida baholash hamda prognoz qilish imkonini beradi.

Prognoz ko‘rib chiqilayotgan modelning bir nechta regressiyalarini o‘rtacha baholash asosida amalga oshirildi.