$
 11997.83
18.19
 13967.87
66.7
 167.31
-0.21
weather
+26
Кечаси   +14°

“Buni endi g‘alaba deb bo‘lmaydi”: AQShning Eronga qarshi urushi Tramp uchun nima sababdan boshog‘riqqa aylanmoqda?

Eronga qarshi harbiy kampaniya boshlanganidan uch oy o‘tib, AQSh Prezidenti Donald Tramp o‘z tashqi siyosatining eng asosiy savoliga duch keldi: Vashington ayrim janglarda g‘alaba qozonib, yakunda butun urushda yutqazib qo‘ymaydimi?

Keng ko‘lamli aviazarbalar, Eron harbiy rahbariyatining bir qismi yo‘q qilingani va infratuzilmasiga jiddiy ziyon yetkazilganiga qaramay, Tehron Hormuz bo‘g‘ozini nazorat qilishda davom etmoqda. Shuningdek, u o‘zining yadroviy ambitsiyalaridan voz kechgani yo‘q va bosimlarga javob qaytarishga qodirligini ko‘rsatib kelmoqda. Bunday vaziyatda ekspertlar doirasida Oq uy harbiy muvaffaqiyatlarni siyosiy g‘alabaga aylantira olishiga bo‘lgan shubhalar tobora kuchaymoqda.

Reuters agentligi xabariga ko‘ra, Tramp ma'muriyati “vaziyat to‘liq nazorat ostida” ekanini ta’kidlashdan charchamayapti. Biroq mojaroning cho‘zilib ketayotgani va aniq strategiyaning yo‘qligi nafaqat AQSh ichida, balki Vashingtonning ittifoqchilari orasida ham norozilik va taranglikni keltirib chiqarmoqda.

Urush Tramp belgilagan muddatdan chiqib ketdi

Harbiy operatsiya 28-fevralda boshlanganida, Tramp voqealar rivoji tezkor ssenariy bo‘yicha kechishini — faol harakatlar ko‘pi bilan olti hafta davom etishini kutgan edi. Ammo janglar mana uchinchi oydirki to‘xtamayapti.

Dastlabki bosqichlarda AQSh Eronning raketa obyektlari va harbiy-dengiz kuchlariga jiddiy zarba berdi. Ammo Tehronning javobi ham ancha og‘riqli bo‘ldi: Eron amalda Hormuz bo‘g‘ozini to‘sib qo‘ydi, bu esa jahon bozorida neft narxining keskin ko‘tarilishiga olib keldi. Shuningdek, u AQShning mintaqadagi ittifoqchilariga qarshi hujumlarni faollashtirdi. Shundan so‘ng Vashington dengiz blokadasi va yangi zarbalar bilan bosimni oshirishga urindi, biroq Eronni taslim bo‘lishga majbur qila olmadi. Tehron esa, o‘z navbatida, butunlay boshqacha bayonotlar bilan chiqib, Trampning ushbu yurishini "AQShning strategik mag‘lubiyati" deb atamoqda.

Respublikachilar xavotirga tushmoqda

MAGA (Make America Great Again) harakati tarafdorlari Trampni omma oldida qo‘llab-quvvatlashda davom etayotgan bo‘lsa-da, Respublikachilar partiyasining ichida uzoqqa cho‘zilgan ushbu mojaro sababli norozilik kayfiyati o‘sib bormoqda.

Vaziyatni AQShda benzin narxi oshayotgani va oraliq saylovlar arafasida prezident reytingining pasayayotgani yanada murakkablashtiryapti. Bu respublikachilar uchun shunchaki tashqi siyosiy muammo emas, balki ichki siyosiy boshog‘riqqa aylanib ulgurdi.

Bir qator tahlilchilarning fikricha, Tramp hozir boshi berk ko‘chaga kirib qolgan va og‘ir tanlov qarshisida turibdi: u yo Eron bilan murosaga kelishga majbur bo‘ladi (bu uni zaif qilib ko‘rsatadi) yoki Yaqin Sharqda yanada kattaroq inqirozni keltirib chiqarish xavfi bilan harbiy operatsiyani yanada kengaytiradi.

Oq uyning hali ham aniq maqsadi yo‘q

Oq uyning Yaqin Sharq bo‘yicha sobiq muzokarachisi Aaron Devid Millerning hisoblashicha, ushbu mojaro Tramp uchun sekin-asta strategik muvaffaqiyatsizlikka aylanib bormoqda.

Ekspertlarga ko‘ra, AQShning asosiy xatosi — yakuniy natijaning aniq belgilab olinmaganidadir. Vashington bir vaqtning o‘zida Eronni zaiflashtirishga, uning yadro dasturini to‘xtatishga, Tehronning mintaqadagi ta'sirini kamaytirishga va islom respublikasi ichida inqiroz keltirib chiqarishga urinmoqda. Biroq bu vazifalarning birortasi hozircha uddalangani yo‘q.

Bundan tashqari, Tramp ma'muriyati o‘z bayonotlarining qurboniga aylandi. Zero, 2015-yilgi yadroviy kelishuvga o‘xshash bitimga qaytish — vaqtida uni keskin tanqid qilgan va bekor qilgan prezident uchun ortga chekinish va yon berishdek ko‘rinishi mumkin.

Bosim nafaqat tashqaridan, balki AQSh ichidan ham kuchaymoqda

Tramp saylovoldi kampaniyasi davrida xorijdagi yangi va katta xarajat talab qiladigan harbiy mojarolarga aralashmaslikka va'da bergan edi. Biroq ayni paytda AQSh uzoq muddatli qarama-qarshilikka botib qoldi va bu vaziyat Vashington iqtisodiyoti hamda xalqaro obro‘siga putur yetkaza boshladi.

Tahlilchilarning fikricha, agar diplomatiya butunlay barbod bo‘lsa, Oq uy cheklangan miqdorda yangi zarbalar berib, buni xalqqa "yakuniy g‘alaba" sifatida ko‘rsatishga urinishi mumkin. Shu bilan birga, boshqa bir ssenariy ham muhokama qilinmoqda — Amerika jamiyati e'tiborini chalg‘itish uchun butunlay yangi bir tashqi inqirozni kun tartibiga olib chiqish.

Eron taslim bo‘lgani yo‘q, AQSh ittifoqchilari esa tarqoq

Jiddiy talafotlarga qaramay, Eron rahbariyati uzoq davom etadigan qarama-qarshilikka tayyorligini namoyish etmoqda. Boz ustiga, ayrim ekspertlar ushbu urush Tehronni o‘z xavfsizligining kafolati sifatida yadro dasturini yanada tezlashtirishga undadi, deb hisoblamoqda.

Parallel ravishda, AQShning yevropalik hamkorlari bilan munosabatlari ham sovub bormoqda. Yevropada Vashington o‘z sheriklari bilan to‘laqonli maslahatlashmasdan ularni ushbu mojaroga tortganidan norozilik kayfiyati tobora baland ovozda yangramoqda.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, Xitoy va Rossiya ham urush gedişatini diqqat bilan o‘rganmoqda. Ular Amerika armiyasining zaif tomonlari va AQSh harbiy resurslarining qay darajada tügabayotgani haqida o‘zlari uchun tegishli xulosalar chiqarishmoqda.

“Bu Afg‘onistondan ham battar bo‘lishi mumkin”

Brukings instituti (Brookings Institution) katta ilmiy xodimi Robert Kagan ayni paytdagi mojaroning oqibatlari AQSh uchun qo‘shinlarning Afg‘oniston yoki Vetnamdan olib chiqilishidan ham jiddiyroq bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, farq shundaki, Eron endi chekka bir hududdagi inqiroz o‘chog‘i emas, balki dunyo yetakchi davlatlarining global miqyosdagi qarama-qarshiligi to‘qnashgan asosiy nuqtadir.

Aynan shu sababli ham, Tramp uchun o‘z qudratini ko‘rsatish vositasi bo‘lishi kerak bo‘lgan bu urush, sekin-asta uning prezidentlik davridagi eng qaltis va xavfli inqirozlardan biriga aylanib bormoqda.

Теги :
Jamiyat