$
 11997.83
18.19
 13967.87
66.7
 167.31
-0.21
weather
+26
Кечаси   +14°

Qurbonlikka olinadigan jonliqni bozorda savdolashib bo‘lmaydimi? Eng ko‘p beriladigan savollarga javoblar

Qurbon hayiti Foto: SI

Ertaga 27-may O‘zbekiston va ko‘plab davlatlarda Islom dinining muqaddas bayramlaridan biri — “Qurbon hayiti” deb e’lon qilingan. Mamlakatimizning 95-96 foizi musulmon hisoblanganligi uchun, yurtimizda ham mazkur bayram keng nishonlanadi. Qurbon hayiti o‘z nomi bilan islom dinida belgilangan biror bir hayvonni qurbonlik qilish bilan mashhurdir.

Bu masalada haligacha odamlarda ko‘plab savollar yuzaga keladi. UZ24.uz tahririyati Musulmonlar idorasi Fatvo markaziga tayanib, odamlardan keladigan eng ko‘p savollarga javoblarni bir joyga jamladi.

Qassob tasmiyani aytmasa?

Islom dinida biror jonliq so‘yishda “Bismillah”ni ya’ni, Alloh taoloning ismini aytib so‘yilishi shart. Bunda “Bismillah” yoki “Bismillahi, Allohu akbar” lafzlari mashhurdir. Ammo Hanafiy mazhabimizda aynan yuqoridagi lafzlarni aytish shart qilinmagan, balki, ushbu lafzlarni ma’nosini ifoda qiladigan lafzlarni ishlatilsa ham so‘yilgan hayvonning go‘shti halol hisoblanadi.

Aqiqa va qurbonlikka olinadigan jonliqni bozorda savdolashib bo‘lmaydimi?

Fatvo markaziga ko‘ra, bunday gap yo‘q. Aqiqa va qurbonlikka olinadigan qo‘ylarni ham boshqa qo‘ylardek savdolashib olsa bo‘ladi.

Allohdan o‘zgaga atab jonliq so‘yish mumkinmi?

Musulmonlar idorasi Fatvo Markazi mazkur savolga javob tariqasida misol keltiradi. Ya’ni biror bir yangi ochilgan joy uchun qurbonlik qilish. Bunda qurbonlik qilgan shaxs ikkita qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ygan.

Birinchisi: jonliqni biror bir joyga atab so‘yish. Chunki har qanday jonliq so‘yilganda Alloh uchun, Alloh taoloning nomi bilan so‘yilishi lozim.

Ikkinchisi: uning qonini irim-sirim sababli biror joyga surtish. Ulamolarga ko‘ra, bua mal shirk amaliga o‘xshab ketadi. Jonliqning qoni najosat bo‘lib, uni ko‘mib qo‘yish maqsadga muvofiqdir. Uning qonini u yer bu yerga surtish jinkash, sehr-jodu bilan shug‘ullanuvchilarning ishidir. Shuning uchun bunday irim-sirimlardan saqlanish tavsiya qilingan.

Shaxsiy uyi bo‘lmagan odamning zakoti va qurbonligi qabul bo‘lmaydimi?

Islom dini tamoyillariga ko‘ra, har bir shaxs o‘zi alohida mukallaf hisoblanadi. Shunga ko‘ra garchi turmush o‘rtog‘ida mablag‘ bo‘lmasa-da, shaxsning o‘zida shaxsiy mablag‘ mavjud bo‘lib, nisob miqdorida bo‘lsa, albatta qurbonlik qilish vojib bo‘ladi. Uy yoki shunga o‘xshash zaruriy ehtiyoj uchun yig‘ilgan bo‘lsa ham, modomiki uy olinmagan bo‘lsa, mazkur mablag‘dan qurbonlik qilish lozim. Kimlarnidir “zakoting ham qurbonliging ham qabul bo‘lmaydi” degan so‘zlari nodonlik bilan aytilgan so‘zdir, deydi idora vakillari.

Qur’onni o‘qib tugatgandan so‘ng jonliq so‘yish kerakmi?

Bu gap noto‘g‘ri. Qur’oni karimni o‘qib tugatish savobli amal. Har bir savobli amalni bajarilganida jonliq so‘yish shart bo‘lmaydi.

Qurbonlik qilish o‘rniga qo‘y yoki sigirning pulini sadaqa qilib yuborsa bo‘ladimi?

Hanafiy mazhabiga ko‘ra boy (ya’ni, nisob miqdoriga ega) kishilarning qurbonlik qilishi vojibdir. Buning ustiga qurbonlik ibodati qon oqizishga bog‘liq bo‘lib, qiymatni sadaqa qilish bilan ado bo‘lmaydi. Bu haqda alloma Alouddin Kosoniy rahimahulloh shunday deydi:

“Bir kishi qurbonlik kunlarida qo‘yning o‘zini yoki qiymatini sadaqa qilsa, qurbonlik o‘rniga o‘tmaydi. Chunki qurbonlikning vojibligi qon oqizishga bog‘liqdir. Asl qoida shuki, agar vojiblik ayni bir ishga bog‘liq bo‘lsa, uning o‘rniga boshqasi o‘tmaydi” (“Badoye’us sanoye’” kitobi).

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qurbonlik kuni Odam bolasi qurbonlik qilishidan ko‘ra biror bir amal Alloh taologa ziyoda mahbub emas. Qurbonlikka so‘yilgan jonivor qiyomat kuni o‘z shoxi, tuyog‘i va yunglari bilan keladi. Qurbonlik qoni yerga tushishidan avval Alloh taoloning huzurida xos maqomga ega bo‘ladi. Shuning uchun mamnuniyat ila qurbonlik qilinglar”, dedilar”.

Shuning uchun zimmasiga qurbonlik vojib bo‘lgan inson jonliqning pulini sadaqa qilib qo‘yish bilan zimmasidagi qurbonlikni soqit qila olmaydi.

Otni qurbonlik qilish mumkinmi?

Yo‘q, otni qurbonlik qilish joiz emas. Chunki ulamolar qurbonlikka so‘yiladigan hayvonlar faqat qo‘y, echki, qoramol va tuya ekanini bir ovozdan aytishgan. Undan boshqa hayvon yoki parrandalar qurbonlikka yaramaydi. Qolaversa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va sahobai kiromlardan birortasi qurbonlik uchun ot so‘ygani ma’lum va mashhur emas. “Fatovoi Olamgiriya” kitobida ham faqatgina uch turdagi hayvonlarni qurbonlik uchun so‘yish mumkin ekani aytilgan:

“Qurbonlik qilinadigan hayvonning jinsiga kelsak, uch turli hayvon qurbonlikka yaraydi: qo‘y, tuya va qoramol. Bularning barcha turi, erkagi ham, urg‘ochisi ham yaraydi. Echki qo‘yning bir turi, qo‘tos esa qoramolning bir turi hisoblanadi”.

Qo‘y so‘yishdan oldin qaysi sura o‘qiladi?

Jonliq so‘yishda muhimi — pichoq tortish asnosida “Bismillahi Allohu akbar”, deyishdir. Undan oldin biror sura o‘qish talab qilinmagan.

Nazr qilingan go‘shtdan yeyish

Nazr qiluvchi kishi qilgan nazridan o‘zi, ayoli, farzandlari va ota-onasi yeyishlari mumkin emas. Nazr qilingan narsa faqirlarning haqi hisoblanib, uni boylar va yuqorida sanalgan shaxslar yeyishi mumkin emas.

 

Rajab oyi uchun jonliq so‘yish majburiymi?

Manbalarga ko‘ra, ayrim hududlarda “Mohi Rajab” degan marosim bor, qo‘y so‘yib ehson qilinadi. Shariatda bu nomdagi ehson majburiy emas. Islom dinida jonliq so‘yish faqat Allohning yo‘lida, Alloh uchun bo‘ladi. Jonliq Rajab oyini ulug‘lash uchun so‘yilmasligi kerak. Islom dini paydo bo‘lishidan oldin va islomning dastlabki davrida Rajab oyini ulug‘lash uchun “Atiyra” jonlig‘i so‘yilgan. Keyinchalik Qurbon hayiti kunlari so‘yiladigan qurbonlik vojib bo‘lgach, Atiyra jonlig‘ini so‘yish bekor qilingan.

Теги :
Jamiyat