$
 12158.13
-33.12
 14166.65
55.28
 153.98
-0.22
weather
+26
Кечаси   +14°

Ukrainadan Afrikagacha: 2026-yilda qaysi davlatlarda urush davom etmoqda?

Urush

Ko‘pchiligimiz tinch hayot kechirayotgan bir paytda, dunyoning ayrim joylarida odamlar har kuni portlashlar, raketalar va harbiy to‘qnashuvlar ichida yashamoqda. Bu urushlarning ba’zilari yillar mobaynida davom etayotgan bo‘lsa, ayrimlari esa yaqinda boshlansada, tezda butun dunyo e’tiborini tortdi. 2026-yilda ham dunyo xaritasida urush o‘chog‘i bo‘lib turgan bir nechta hududlar bor. 

Shvetsiyadagi Uppsala universitetining UCDP loyihasi dunyodagi qurolli mojarolarni kuzatib boradi. Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilda dunyo bo‘yicha 50 dan ortiq faol qurolli mojaro mavjud bo‘lib, ularga 90 dan ortiq davlat turli darajada aloqador.

Rossiya va Ukraina urushi

Rossiya bilan Ukraina o‘rtasidagi mojaro aslida 2014-yilda boshlangan. Ammo 2022-yil 24-fevralda Rossiya Ukrainaga keng ko‘lamli hujum boshlaganidan keyin urush yanada kuchayib ketdi va katta miqyosga chiqdi. Shundan beri bu mojaro Yevropadagi eng katta harbiy qarama-qarshilik bo‘lib qolmoqda.

2026-yilda ham janglar davom etmoqda. Urush natijasida ko‘plab shaharlar vayron bo‘ldi, infratuzilma jiddiy zarar ko‘rdi va juda ko‘p odamlar halok bo‘ldi. Bundan tashqari millionlab odamlar o‘z uylarini tark etib, mamlakat ichida yoki boshqa davlatlarga ko‘chib ketishga majbur bo‘lishdi.

Isroil va AQShning Eronga hujumi

2026-yilda Yaqin Sharqdagi vaziyat ham keskinlashdi. 28-fevral kuni Isroil AQSh bilan hamkorlikda Eron hududidagi harbiy va yadroviy obyektlarga qarshi keng ko‘lamli havo zarbalarini amalga oshirdi. Natijada Eronning oliy rahnamosi Ali Xomanaiy va ko‘plab yuqori martabali davlat xodimlari halok bo‘ldi. Bu hujumlar mintaqada avvaldan to‘planib kelayotgan keskinlikning davomiga aylandi.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Eronni “terroristik rejim” deb atab, bu davlat yadroviy qurolga ega bo‘lmasligi kerakligini ta’kidladi. AQSh prezidenti Donald Tramp esa operatsiyaning asosiy maqsadi Eronning raketa infratuzilmasini yo‘q qilish ekanini aytdi.

Bunga javoban Eron Isroil hududlariga raketa va dronlar bilan zarba berdi. Shuningdek, Fors ko‘rfazidagi AQSh va uning ittifoqchilari harbiy obyektlari ham nishonga olindi. Mojaroga Livandagi Hizbulloh guruhi ham qo‘shildi. Ular Isroilning shimoliy hududlarini o‘qqa tutdi, Isroil armiyasi esa ularning pozitsiyalariga qarshi zarbalar berdi. Hozirda AQSh, Isroil va Eron o‘rtasidagi urush yanada keskin tus olmoqda. 

Pokiston va Afg‘oniston

2026-yilda yana bir keskin mojaro Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasida yuzaga keldi. Fevral oyining oxirida ikki davlat chegarasida vaziyat keskinlashib, harbiy to‘qnashuvlar boshlandi. Pokiston harbiylari Afg‘oniston hududidagi ayrim qurolli guruhlar lagerlariga havo zarbalari berganini ma’lum qildi. Islomobod bu zarbalar Tehrik-i-Tolibon Pokiston (TTP) deb ataladigan jangari guruhga qarshi qaratilganini aytdi.  

Afg‘onistonning Tolibon hukumati esa bu hujumlarni mamlakat suverenitetiga qarshi tajovuz deb atab, javoban Pokiston chegarasidagi harbiy postlarga zarba berganini bildirdi. Natijada ikki davlat chegarasi bo‘ylab artilleriya o‘qlari va otishmalar bo‘lib, har ikki tomonda ham qurbonlar haqida xabarlar tarqaldi.

Mutaxassislarning aytishicha, mojaroning asosiy sababi Pokistonning Afg‘onistonni TTP jangarilariga boshpana berishda ayblashi hisoblanadi. Afg‘oniston esa bu ayblovlarni rad etib keladi. Mojaro asosan Durand chizig‘i deb ataladigan, uzunligi taxminan 2600 km bo‘lgan bahsli chegara hududida sodir bo‘lmoqda. Bu chegara tarixan ham ikki davlat o‘rtasida tortishuvlarga sabab bo‘lib kelgan.  2026-yilda bo‘lib o‘tgan keskin janglar natijasida minglab odamlar o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘ldi.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, chegaradagi to‘qnashuvlar sabab o‘n minglab odamlar xavfsiz joylarga ko‘chirilgan.  

Yamandagi fuqarolar urushi

Yamandagi urush 2014-yildan beri davom etmoqda. Dastlab hukumat kuchlari bilan husiylar harakati o‘rtasida boshlangan to‘qnashuvlar keyinchalik fuqarolar urushiga aylanib ketdi. 2026-yilda ham bu janglar davom etmoqda. Ayniqsa Janubiy o‘tish kengashi kuchlari hukumat pozitsiyalariga faol hujum qilmoqda. Bu mojaro mamlakatda katta gumanitar inqirozga sabab bo‘lgan. Oziq-ovqat va tibbiy yordam yetishmovchiligi kuchaygan, mamlakat hududlari esa turli qurolli guruhlar o‘rtasida bo‘linib ketgan.

Efiopiya

Hozir urush davom etayotgan davlatlardan yana biri — Efiopiya. Bu yerda mojaro mamlakatning strategik jihatdan muhim hududlariga ta’sir qilmoqda. Janglar infratuzilmaning vayron bo‘lishiga, gumanitar muammolarning kuchayishiga va ko‘plab odamlarning uyini tark etishiga olib kelmoqda. Tomonlar o‘rtasida tinchlik kelishuvi imzolangan bo‘lsa ham, vaqti-vaqti bilan yana yangi to‘qnashuvlar yuz berib turadi.

Afrikadagi mojarolar: Mali va boshqa davlatlar

2026-yilda Afrikaning bir nechta davlatlarida ham mojarolar davom etmoqda. Jumladan Mali, Burkina-Faso va Niger davlatlarida hukumat kuchlari islomiy jangari guruhlar hamda mahalliy qo‘zg‘olonchilar bilan kurash olib bormoqda. Bu mojarolar ba’zan past darajada bo‘lsa ham, baribir ko‘plab qurbonlarga sabab bo‘lmoqda va butun mintaqada beqarorlikni kuchaytirmoqda. 2023-yilda Sahel hududidagi davlatlar qo‘zg‘olonchilarga qarshi kurashish uchun qo‘shma harbiy kuch tuzgan edi. 2025-yil dekabr oyida Mali poytaxtida o‘tgan ikkinchi yirik sammitda ishtirokchi davlatlar rahbarlari hamkorlikni yanada kuchaytirish masalasini muhokama qilishdi. Shunga qaramay, 2026-yilda ham janglar to‘xtamadi.

Теги :
Jamiyat