$
 12198.28
-30.3
 14241.49
-41.49
 156.57
0.61
weather
+26
Кечаси   +14°

AQSh butun dunyo bilan iqtisodiy urushni boshlamoqda

Iqtisodiy urush

Avvalroq “Reuters” axborot agentligi Tramp tariflarni joriy etishni 1-martgacha kechiktirishi mumkinligi haqida xabar bergandi. Biroq Livitt bunday xabarlarni “haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi” deb aytgan edi. Biroq AQSh prezidenti Donald Tramp 1-fevraldan boshlab Meksika va Kanada tovarlariga 25 foizlik, shuningdek, Xitoy mahsulotlariga 10 foizlik bojlar joriy etish haqida buyruq berdi, degan prezident matbuot kotibi Karolin Levit.

Noyabr oyida Tramp  Meksika va Kanada tovarlariga 25 foizlik, Xitoydan kelgan tovarlarga esa 10 foizlik bojlar joriy etishga va`da bergan edi. U buni noqonuniy migratsiya va giyohvand moddalar kontrabandasiga qarshi kurash bilan izohlagan.

Xitoy ehtimoliy savdo urushidan ogohlantirgan

AQSH Xitoydan import bojlarini yana bir bor oshirgach, Pekin Vashingtonni savdo urushi xavfi haqida ogohlantirdi. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi bayonotida “savdo yoki bojxona urushida” g‘oliblar bo‘lmasligi ta’kidlangan.

“Qo‘shimcha 10 foiz miqdoridagi bojlar mamlakatlar o‘rtasidagi narkotrafikka qarshi kurashda ikki tomonlama hamkorlikka ta’sir qilishi va unga zarar yetkazishi muqarrar”, – deyiladi vazirlik xabarida.

Xitoy “yangi bojlarni qat’iyan rad etishi” va “o‘z huquq va manfaatlarini qat’iy himoya qilishi uchun “tegishli javob choralarini ko‘rishi”ni ta‘kidladi.

Xitoy JSTda AQShga qarshi daʼvo qoʻzgʻatishga vaʼda berdi

Bundan tashqari, Xitoy Jahon savdo tashkilotiga (JST) AQSHga qarshi shikoyat qilish niyatida. Pekinning fikricha, AQSH tomonidan bojlarning bir tomonlama kiritilishi JST qoidalarini qo‘pol ravishda buzish hisoblanadi.

Xitoy bayonotida bunday choralar “AQSHga nafaqat ichki muammolarini hal qilishga yordam bermasligi, balki normal iqtisodiy va savdo hamkorligiga putur yetkazishi” ta’kidlangan. Xitoy hukumati Vashingtonni “o‘z siyosatini qayta ko‘rib chiqishga“ chaqirgan.

Saylov kampaniyasi vaqtida Tramp Xitoydan kelayotgan tovarlarga 60 foizgacha bojxona bojlari joriy etish bilan tahdid qilgan, biroq Oq uyga qaytib kelgach, maʼmuriyatga bu masalani oʻrganishni buyurgan.

Meksikadan javob bojlari

Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum AQSHga javoban tarif va notarif choralarini joriy qilishini va’da berdi, ammo hozircha tafsilotlarni oshkor qilmadi. Kutilishicha, bu choralar Qo‘shma Shtatlar mahsulotlariga 25 foiz miqdoridagi bojlarni o‘z ichiga oladi.

Shuningdek, Sheynbaum Trampning “Meksika hukumati narkokartellar bilan noqonuniy tarzda hamkorlik qilmoqda” degan bayonotini “Meksikaga nisbatan bo‘hton” deb atadi.

Bloomberg ehtimollari

Shuningdek, Bloomberg nashri Kanada AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp Kanadadan import qilinadigan mahsulotlarga 25 foizlik boj soliqlarini joriy etishga qaror qilgan taqdirda, 105 milliard dollar qiymatidagi Amerika tovarlariga boj solish ro‘yxatini tayyorlab qo‘yganligi haqida yozgan edi.

Boj joriy qilinishi munosabat bilan Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo qarshi choralar ko‘rilishi haqida matbuot anjumani o‘tkazdi.

Bosh vazir AQShga tarixni eslatdi

Anjumanda bosh vazir AQSHning eng yaqin do‘sti ekani, AQSH ketidan Afg‘oniston va Iroq urushlarida ishtirok etgani, 2001-yil 11-sentyabr kuni AQSH osmonida samolyotlar parvozi taqiqlanishi bilan yuzlab samolyotlar Kanada aeroportlariga qo‘ngani va kanadaliklar minlab yo‘lovchilar bir necha kun mehmon qilgani, AQSHda qanday tabiiy ofat bo‘lmasin, kanadaliklar yordamga birinchi bo‘lib borishini, yaqinda bo‘lgan Los Anjeles yong‘inlarida Kanada yong‘in o‘chiruvchi samolyotlari xizmatda bo‘lganini eslatdi. Jastin Tryudo mamlakatning eng yaqin ittifoqchisi nimaga bunday ish qilayotganini tushunmayotganini ta’kidladi.

Kanadadan javob paketlari

Kiritilgan bojlar nafaqat kanadaliklarni, balki amerikaliklarga ham salbiy ta’sir qilishini aytib, Kanada ham javoban AQSH tovarlariga bojlar joriy qilinishini e’lon qildi. Tryudoga ko‘ra, bu bojlarni kiritishni xohlamaydi, ammo AQSH hukumatining bunday qilig‘iga qarab turmasligini ta’kidladi.

Kanada seshanba kunidan boshlab AQSHda ishlab chiqarilgan qariyb 100 milliard dollarilik maxsulotlarga 25 foizlik boj joriy qiladi. Bundan tashqari, Ontario va yana bir necha provinsiya o‘z xududlarida AQSHda ishlab chiqarilgan spirtli ichimliklar sotuvini batamom to‘xtatadi. Ekspertlar hisob-kitobiga ko‘ra, natijada AQSH spirtli ichimliklarining eksporti 45 foizga qisqaradi.

Tryudo AQShga neft va gaz eksporti pilan tahdid qildi

Bosh vazir Tryudo agar bu harakatlar natija bermasa, boshqa tarif va notarif cheklovlar joriy etilishini ta’kidladi. O‘z nutqida u AQSH uchun juda zarur bo‘lgan qazilma boyliklar, shu jumladan neft va gaz eksportiga cheklovlar kiritilishiga shama qildi. Misol uchun, AQSH foydalanadigan neftning 60 foizi Kanadadan sotib olinadi.

Trampning tarif urushi oltinni yangi maksimumlarga ko‘tarmoqda

Iqtisodchi bloger Otabek Bakirovga ko‘ra, Kanada va Meksika tovarlariga kiritilgan boj oltin kotirovkalarini yangi maksimumga ko‘targan. Juma tunda oltinning unsiyasi 2 820 dollargacha qiymatda sotilgan. Hozirda bitimlar 2 790 dollar atrofida o‘tmoqda.

Tramp jamoasi tariflarni oshirish bilan bog‘liq dag‘dag‘alarini AQSHning yana bir eng yaqin ittifoqchisi Yevropa ittifoqiga qarata ham yo‘naltirmoqda. Agar bu bayonotlar amaliy harakatlarga ko‘chsa, oltinning qimmatlashishi yana davom etadi.

Mamlakatlar milliardlab dollar yutqazadi

“Zambarakning o‘qi” Telegram kanalining yozishicha, ikki tomonlama bojlar sababli har uchala mamlakat: Kanada, Meksika va AQSH milliardlab dollar yutqazadi, maxsulotlar narxi ortadi. Bundan hech kim yutmaydi.

“Meni xursand qilgan narsa ham bo‘ldi: bu kanadaliklarning AQSHga nisbatan taajjub va nafratida birgalikda bo‘lishidir. Ijtimoiy tarmoqlar Amerika tovarlarini sotib olmaslik, u yerga dam olishga bormaslik, AQSH bilan aloqalarni minimallashtirish haqidagi postlarga to‘lib-toshib yotibdi”, – deb yoziladi xabarda.

“Ahmoqona urush”

Shuningdek, mazkur holatga iqtisodchi Botir Qobilov ham o‘z munosabatini bildirdi.

“Bu tariflar va do'stona mamlakatlar bilan savdo urushi ahmoqona ekanligining yana bir xususiyati shundaki, Trampning tariflar bo‘yicha psixologiyasida zarracha iqtisodiyotning o‘rni yo‘q. Tilida “defitsit”, “savdo balansi” kabi so‘zlarni ishlatsa ham u tariflarni iqtisodiy o‘ylar bilan amalga oshirmayapti desak bo’ladi. Avvalambor, tariflar qanday ishlashi va umuman tarif va iqtisodiyot bog‘liqligi haqida hech qanday tushunchaga ega emas ekanligi har safar og‘zini ochganda bilinib bormoqda.

Aslida, Kanadadan va Meksikadan nima hohlayotganini ham bilmaydi. Tramp uchun tariflar bu qasos olishning, qo‘rqitishning bir instrumenti. Do‘stona mamlakatlar, siyosiy raqiblari demokratlar, o‘z aholisi (shu jumladan o‘z elektorati)dan ham jazolagisi, ularga kuch kimda ekanligini ko‘rsatmoqchi xolos. O‘zini chuqur haqoratlangan, chuqur xo‘rlangan, kamsitilgandek deb o‘ylaydi”, – deb yozadi u o‘z blogida.

“Bunday misollarni men 2018-yilda topa olmas edim”

Bekzod Hoshimovning yozishicha esa, Tramp adminstratsiyasi juda ahmoqona qaror qilgan. Albatta, bu katta boj va katta salbiy oqibatlarga olib keluvchi qaror. Butun OAVlar va mulohazada hozir faqat shu bojlar eslanyapti.

“Endi esa nima boʻlyapti? Barcha savdo iqtisodchilari, hatto savdoga aloqador tadqiqot qilmaydigan iqtisodchilar, makroiqtisodchilar yoki mehnat iqtisodchilari ham, dunyodagi barcha siyosat (policy) ekspertlari bu mavzu haqida jim tura olishmayapti va bu narsa siyosiy diskursda ham, ijtimoiy diskursda ham va hatto fandagi diskursda ham birinchi mavzulardan. Buning natijasida hozirni oʻzida oʻnlab maqola bor. Yanvarni boshida Amerika Iqtisodchilar Assotsiyatsiyasi yigʻinida edim, hatto u yerda ham “Tramp kelsa va savdoga boj qoʻysa nima boʻladi” degan mavzu koʻtarilmoqda. Bunday narsalar kamdan kam boʻlgani uchun — mulohaza qilishga va misol keltirishga juda juda koʻp dalil va mulohaza ishlatilmoqda. Eng qizigʻi bozorlar ham reaksiya qilmoqda, bu bojlar qanchalik zararligini hozirni oʻzida koʻrib tursa boʻladi. Masalan kecha butun AQShdagi quruvchilar prezidentga xat yozishibdi — bojlar kiritilsa — uylarni narxi oshadi deb. Bunday misollarni men 2018-yilda topa olmas edim”, deb yozgan u.

Tramp Yevropa tovarlariga ham bojlar joriy qilmoqchi

Bundan tashqari, Donald Tramp mamlakat Yevropa tovarlariga “albatta” qo‘shimcha bojlar joriy etishini aytdi, chunki uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi Amerika iqtisodiyotidan “foydalanyapti”. Bu haqda u Endryus havo kuchlari bazasida jurnalistlar bilan suhbat chog‘ida aytib o‘tdi.

AQShning Yevropa Ittifoqi bilan savdo taqchilligi 300–350 milliard dollardan oshgan

Tramp AQShning Yevropa Ittifoqi bilan savdo taqchilligi 300–350 milliard dollardan oshganini, Yevropa davlatlari esa Amerika avtomobillari va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotib olmasligini taʼkidladi. Shuningdek, u yangi majburiyatlardan qisqa muddatli iqtisodiy qiyinchiliklar muqarrarligini, biroq uning fikricha, bu jiddiy oqibatlarga olib kelmasligini taʼkidladi.

Yevropa Ittifoqi Trampning soʻzlariga javoban, agar yangi cheklovlar joriy etilsa, “hal qiluvchi javob”ga vaʼda berdi. Germaniya vitse-kansleri Robert Xabekning ta’kidlashicha, Trampning savdo choralari birinchi navbatda nemis kompaniyalariga ta’sir qiladi.

Теги :
Jamiyat