$
 11997.83
18.19
 13967.87
66.7
 167.31
-0.21
weather
+26
Кечаси   +14°

Eron urani AQShga ham, Rossiyaga ham emas, Markaziy Osiyoga nasib qilishi mumkin

Uran

Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) rahbari Rafael Grossi Eronning yadroviy zaxiralari atrofidagi keskinlikni yumshatishning kutilmagan variantini ilgari surdi. Grossining Financial Times nashriga bergan intervyusiga ko‘ra, Eronning boyitilgan uran zaxiralari xavfsiz saqlash uchun Qozog‘istonga o‘tkazilishi mumkin. Agentlik rahbari o‘tgan haftada Qozog‘iston rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda rasmiy Ostona ushbu masalani ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirganini ta’kidladi.

MAGATE pozitsiyasi

Ushbu tashabbusning texnik asosi sifatida Qozog‘istonning Ust-Kamenogorsk shahrida faoliyat yuritayotgan past boyitilgan uran banki ko‘rilmoqda. MAGATE nazorati ostidagi ushbu obyekt agentlikka a’zo davlatlarning favqulodda ehtiyojlari uchun tashkil etilgan bo‘lib, Grossining fikricha, u Eron uranini joylashtirish uchun eng munosib va xavfsiz infratuzilmadir. Bunday yechim Vashington va Tehron o‘rtasidagi uzoq yillik ziddiyatni hal qilishda har ikki tomon uchun ham maqbul murosaga aylanishi ehtimoli mavjud.

Eronda qancha uran bor?

Hozirgi vaqtda Eron yadroviy dasturi bo‘yicha yangi kelishuvga erishish yo‘lidagi eng asosiy to‘siq aynan mavjud uran zaxiralarining taqdiridir. Ma’lumotlarga ko‘ra, Natanz, Fordo va Isfahondagi yadroviy poligonlar 2025-yil iyun oyidagi harbiy zarbalar natijasida vayron bo‘lganiga qaramay, u yerda 60 foizgacha boyitilgan 440 kg atrofida uran saqlanmoqda. AQSh prezidenti Donald Tramp ushbu yuqori darajada boyitilgan moddalarni zudlik bilan yer ostidan chiqarib olish va batamom yo‘q qilish shartini qo‘ymoqda.

Tehronning diplomatik manevrlari

Garchi Tehron bungacha o‘z yadroviy resurslarini xorijga chiqarishga keskin qarshilik ko‘rsatib kelgan bo‘lsa-da, diplomatik muzokaralar jarayonida uranni suyultirish yoki uchinchi davlat hududiga ko‘chirish variantlari qayta ko‘rib chiqilmoqda. Qozog‘iston hukumati — jumladan, Prezident administratsiyasi, Tashqi ishlar va Energetika vazirliklari — hozircha ushbu loyiha bo‘yicha rasmiy munosabat bildirmagan va sukunat saqlashni afzal ko‘rmoqda.

Shunga qaramay, MAGATE rahbarining bayonoti xalqaro hamjamiyatda Qozog‘istonning global yadroviy xavfsizlik borasidagi vositachilik roli yana bir bor oshishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Agar kelishuv amalga oshsa, Ust-Kamenogorskdagi obyekt jahon siyosatidagi eng murakkab tugunlardan birini yechishda asosiy nuqtaga aylanadi.

Uran banki

Ma’lumot uchun, O‘skemen (Ust-Kamenagorsk) shahrida joylashgan mazkur MAGATE uran banki 2019-yil 17-oktabrda rasman ishga tushirilgan. Ushbu inshootning o‘ziga xosligi shundaki, unga biror muayyan davlat yoki kompaniya egalik qilmayd, u to‘liq xalqaro tashkilot tasarrufidadir.

Hozirgi vaqtda bankda 90 metrik tonna past boyitilgan uran (LEU) maxsus po‘lat silindrlarda, geksaftorid shaklida saqlanmoqda. Ushbu zaxira quvvati ming megavattlik yadro reaktorini uch yil davomida uzluksiz yonilg‘i bilan ta’minlashga yetadi. Bu miqdor yirik bir megapolisning uch yillik elektr energiyasi ehtiyojini qoplash bilan barobardir. Garchi zaxira Qozog‘iston hududida bo‘lsa-da, rasmiy Ostona faqat texnik xizmat ko‘rsatish va xavfsizlikni ta’minlashga mas’ul, uning egasi esa betaraf xalqaro tuzilma hisoblanadi.

“So‘nggi chora”

Ushbu bank yadro energetikasidan foydalanuvchi davlatlar uchun “so‘nggi chora” sifatida tashkil etilgan. Agar biror mamlakat siyosiy ziddiyatlar yoki bozor inqirozlari sababli tijorat manbalaridan yadro yoqilg‘isi sotib olish imkoniyatidan mahrum bo‘lsa, ushbu zaxiraga murojaat qilishi mumkin. Biroq yoqilg‘ini olish uchun qat’iy talablar mavjud: murojaat qiluvchi davlat MAGATE bilan kafolatlar shartnomasiga ega bo‘lishi va yadro qurolini tarqatmaslik majburiyatlarini to‘liq bajarishi shart.

Loyihaning amalga oshirilishi xalqaro hamkorlikning noyob namunasi bo‘lgan. Umumiy qiymati 150 million dollarni tashkil etgan loyihaga ilk sarmoyani 2006-yilda amerikalik milliarder Uorren Baffett (NTI tashkiloti orqali 50 million dollar) kiritgan edi. Qolgan 100 million dollar miqdoridagi mablag‘ AQSh, Yevropa Ittifoqi, BAA, Quvayt va Norvegiya tomonidan qoplab berilgan. Aynan mana shu moliyaviy va huquqiy mustahkamlik Öskemendagi obektni Eron yadroviy inqirozini hal qilishda asosiy xalqaro xabga aylantirishi mumkin.

Nega aynan Qozog‘iston?

Qozog‘iston bu loyiha uchun tasodifiy tanlanmagan. Mamlakat sobiq Sovet Ittifoqi davrida yadro qurollariga ega bo‘lgan, ammo mustaqillikdan so‘ng ulardan ixtiyoriy ravishda voz kechgan — bu qadam xalqaro hamjamiyat tomonidan katta hurmat bilan qabul qilingan. Bundan tashqari, O‘skemendagi Ulba metallurgiya zavodi oltmish yildan ortiq yadro materiallari bilan xavfsiz ishlash tajribasiga ega. Uchinchidan, Qozog‘iston yadro qurolini tarqatmaslik shartnomasini imzolab, o‘zining ishonchli hamkor ekanini isbotlagan. Aynan shu uch omul — siyosiy iroda, texnik tajriba va xalqaro ishonch — Qozog‘istonni bu noyob inshoot uchun eng mos joy qildi.

Rossiyaga nasib qilayotgan uran

Qozog‘iston varianti atrofidagi muhokamalar bejizga jonlanib qolgani yo‘q. Buning ortida yaqinda Eron hukumati tomonidan ilgari surilgan, AQSh bilan ziddiyatlarga chek qo‘yishni nazarda tutuvchi 14 banddan iborat yangilangan tinchlik rejasi yotibdi. Vositachi Pokiston orqali Vashingtonga yetkazilgan ushbu hujjatda Tehron o‘zining yadroviy zaxiralari borasida kutilmagan shartni ilgari surgan edi – boyitilgan uran materiallari AQShga emas, balki Moskvaga topshirilishi kerak.

Tehronning ushbu diplomatik takliflar paketida yadroviy dasturni butunlay yo‘q qilish emas, balki uni uzoq muddatli muzlatish rejimiga o‘tkazish g‘oyasi markaziy o‘rin egallagan. Shu bilan birga, Eron iqtisodiy talablar borasida ham taktik o‘zgarishlar qilib, urush oqibatida ko‘rilgan zararni to‘g‘ridan-to‘g‘ri kompensatsiya shaklida emas, balki xalqaro maydonda keng ko‘lamli iqtisodiy imtiyozlar berilishi evaziga qoplashni so‘ragan edi.

Sanksiyalar masalasi

Ushbu 14 bandlik hujjat ikki davlat o‘rtasidagi uzoq davom etgan diplomatik xatlar almashinuvining navbatdagi bosqichi bo‘lib xizmat qildi. Eslatib o‘tamiz, aprel oyi boshidagi otashkesindan so‘ng, 11–12-aprel kunlari Pokiston poytaxti Islomobodda tomonlar yuzma-yuz muzokaralar o‘tkazgan edi. O‘sha uchrashuvlarda AQSh pozitsiyasida ham muayyan yumshashlar kuzatilgan, xususan, muloqot davom etayotgan bir paytda Eron neft eksportiga qo‘yilgan sanksiyalarni vaqtincha bekor qilish imkoniyati muhokama qilingan edi.

Garchi Islomoboddagi uchrashuvlar yakuniy kelishuv bilan tugamagan bo‘lsa-da, so‘nggi haftalarda Islomobod vositachiligida davom etayotgan intensiv takliflar almashinuvi diplomatik yechim hali ham kun tartibida ekanini ko‘rsatmoqda. “Tasnim” agentligi manbalarining tasdiqlashicha, Eronning ushbu so‘nggi tashabbuslari urushni rasman yakunlash va ikki mamlakat o‘rtasida ishonchni qayta tiklashga qaratilgan edi. Bugungi kunda MAGATE rahbari tomonidan ilgari surilayotgan “Qozog‘iston variant” aynan o‘sha muzokaralarda boshlangan jarayonning mantiqiy davomi bo‘lishi mumkin.

Теги :
Jamiyat