$
 11997.83
18.19
 13967.87
66.7
 167.31
-0.21
weather
+26
Кечаси   +14°

Rossiyada muftiylar “ovi” boshlandimi? Ekspertlar siyosiy kampaniya haqida gapirmoqda

Rossiyada musulmon diniy arboblarini hibsga olish silsilasi avj olmoqda. Muftiylar, imomlar va jamoat faollari korrupsiyadan tortib, terrorchi tashkilotlar bilan aloqadorlikkacha bo‘lgan turli jinoyatlarda ayblanmoqda. Ekspertlarning fikricha, bu ishlar ortida Rossiya musulmonlari diniy boshqarmasi raisi Ravil Gʻaynutdinga qarshi qaratilgan keng ko‘lamli kampaniya yashiringan bo‘lishi mumkin.

Hibslar bir vaqtning o‘zida bir necha hududni qamrab oldi

May oyidan boshlab Rossiyaning turli subyektlaridan diniy ulamolarning qo‘lga olinayotgani haqida xabarlar kela boshladi.

  • Saranskda Mordoviya muftiysi Rail Asainov qo‘lga olindi. Tergov talqiniga ko‘ra, u go‘yoki Mordoviya davlat universiteti dasturlaridan birining rahbariga talabalarning imtihon topshirishiga ko'maklashish evaziga pora bermoqchi bo‘lgan. Keyinchalik Asainov qo‘yib yuborildi, biroq u bilan birga mahalliy musulmon jamoasining yana bir necha vakili hibsga olingan.
  • Moskvada Janubiy Butovo masjidi imomi va Kareliyaning sobiq muftiysi Visam Ali Bardvil 15 sutkaga qamaldi. U Sheremetyevo aeroportida politsiya xodimlariga bo‘ysunmaganlikda ayblangan.
  • Bundan tashqari, Rossiyada taqiqlangan “Al-Ixon al-Muslimun” (Musulmon birodarlar) tashkiloti faoliyatiga aloqadorlikda gumonlanib, “Shimoli-g'arbiy musulmonlar jamoasi” sobiq rahbari Muhammad Xenni, uning qarindoshi Regina Xenni, Saratov viloyati muftiysi o'rinbosari Nidal al-Xix, islomshunos olim Ahmad Tangiyev va yana bir qancha shaxslar hibsga olindi.

Qo‘lga olinganlar orasida taniqli diniy arboblar bor

Siyosatshunos va islomshunoslarning ta’kidlashicha, mazkur ish bo‘yicha gumonlanayotganlarning aksariyati dindorlar orasida katta obro‘ga ega.

Masalan, Visam Ali Bardvil yoshlar bilan zamonaviy tilda muloqot qila oladigan mashhur voiz sifatida tanilgan. Ahmad Tangiyev Ingushetiyada ta’sirli ulamolardan sanalib, terrorizmga qarshi profilaktika dasturlarida faol ishtirok etib kelgan. Muhammad Xenni ham musulmon jamoatchilik muhitida ko‘zga ko'ringan shaxslardan biri bo‘lgan.

Ekspertlar siyosiy maqsadlarni ko‘rmoqda

Bir qator tahlilchilar, jurnalistlar va hatto hukumatga yaqin Telegram-kanallar hibsga olinganlarning ko‘pchiligi Rossiya musulmonlari diniy boshqarmasi va shaxsan uning rahbari Ravil Gʻaynutdin bilan aloqadorligiga e'tibor qaratmoqda.

Siyosatshunoslar Ruslan Aysin va Rinat Muxametovning fikricha, bu mamlakatdagi eng yirik musulmon tashkilotiga bog‘liq tuzilmalarga nisbatan tizimli bosim bo'lishi mumkin. Ularning taxminicha, ushbu kampaniyada huquq-tartibot idoralari, xususan, FSB (Federal xavfsizlik xizmati) asosiy rolni o‘ynamoqda.

Nima uchun Gʻaynutdin shaxsi bahslarga sabab bo‘lmoqda?

Ravil Gʻaynutdin Rossiya hukumatiga sodiqligini namoyish etib kelsa-da, bir qator nozik masalalarda bir necha bor mustaqil pozitsiyani egallagan.

U davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlagan, Ukrainadagi urush ishtirokchilariga yordam berishga chaqirgan va o‘z chiqishlarida muntazam ravishda Vladimir Putinni tilga olgan. Biroq, shu bilan birga, u masjidlarning buzilishini tanqid qilgan, musulmon tashkilotlari huquqlarini kengaytirishni yoqlagan va mehnat muhojirlarini qayta-qayta himoya qilib chiqqan.

“Krokus Siti Xoll”dagi teraktdan so‘ng muftiy migrantlar va musulmon jamoalariga tazyiq o‘tkazmaslikka chaqirdi. Yaqinda esa u Rossiya prezidentiga murojaat qilib, masjidlardan tashqarida diniy marosimlar o‘tkazishni cheklovchi qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlamaslikni so‘radi.

“Musulmon birodarlar haqidagi versiya shubha ostida

Ekspertlar qo‘lga olinganlarning “Musulmon birodarlar” tashkilotiga aloqadorligi haqidagi ayblovlarga shubha bilan qarashmoqda.

Ruslan Aysinning fikricha, bunday ayblovlar ayniqsa arabiy kelib chiqishga ega bo‘lgan yoki xalqaro aloqalari bor diniy ulamolarga bosim o‘tkazish vositasi sifatida qollanilayotgan bolishi mumkin. Rinat Muxametov ham bu holatni diniy yetakchilarning tashqi aloqalarini cheklashga urinish deb baholaydi.

Oqibatlar butun musulmon jamoasiga tasir qilishi mumkin

Tahlilchilarning taxminicha, ushbu hibslar to‘lqini Rossiya musulmon tashkilotlari ichidagi kuchlar muvozanatini o‘zgartirishi mumkin. Hududiy muftiyliklar qattiq nazorat ostiga olinib, hukumatga sodiqligini yanada faolroq korsatishga majbur bo‘lishi ehtimoli bor.

Shu bilan birga, raqobatchi islomiy tuzilmalar, jumladan, Tal’at Tojuddin boshchiligidagi Musulmonlar markaziy diniy boshqarmasi, Rossiya musulmonlari diniy boshqarmasining zaiflashganidan foydalanib, o‘z ta’sirini kuchaytirishga urinishi mumkin.

Теги :
Jamiyat