$
 11997.83
18.19
 13967.87
66.7
 167.31
-0.21
weather
+26
Кечаси   +14°

Bizni qanday “lox qilishadi?” Axborot urushidagi ko‘rinmas manipulyatsiyalar

manipulyatsiya

Axborot — bu shunchaki ma’lumot uzatish emas, balki jamoatchilik ongiga ta’sir o‘tkazish va ommani ma’lum bir maqsad sari safarbar qilish (mobilizatsiya) vositasidir. Bugungi kunda o‘quvchini chalg‘itish uchun ochiqdan-ochiq yolg‘on gapirish shart emas. Mediasavodxonlik fani nuqtai nazaridan, haqiqiy xavf faktlarning yolg‘onligida emas, balki ularning qanday qadoqlanishidayashiringan. Xo‘sh, media maydonida ongimiz qanday qilib nishonga olinadi va bu manipulyatsiyalar ortida qanday manfaatlar to‘qnashuvi yotibdi?

3Sqoidasi va salbiy axborotga moyillik

OAV nazariyasida inson diqqatini o‘ziga qaram qilishning eng ibtidoiy va ishonchli usuli “Sensationalism (Sensatsiya) deb ataladi. Amaliyotda bu yuqorida tilga olingan “3S qoidasi (Sex, Sensation, Suicide/Scandal) orqali ishlaydi. Nima uchun aynan shu uchlik doim ish beradi?

Psixologiya va media fanlarida bu fenomen “Negativity bias(salbiy axborotga moyillik) effekti bilan izohlanadi. Inson miyasi evolyutsion jihatdan xavf-xatar, mojaro va qonli xabarlarni yashab qolish uchun muhim instinkt sifatida birinchi bo‘lib qabul qilishga dasturlashtirilgan.

Kichik topshiriq: O‘zingiz kuzatadigan blogerlarni yuqorida aytgan qoliplar asosida qayta ko‘rib chiqing. Shunda siz ham qay turdagi axborotlarni “iste’mol qilyotganingiz”ni bilib olasiz. Ushbu nazariyaning bizning mediadagi yaqqol namunasi ayrim telegram kanallarida “Dahshatli YTH: Dovonda yuk mashinasi tormozi ishlamay qolib, beshta mashinani pachoqlab ketdi (FOTO/VIDEO)” degan qonli xabarlarni ko’rishlar soni doim yuqori bo’ladi.

Freyming va kontekstdan yulib olish

Mediasavodxonlikda axborot manipulyatsiyasining eng xavfli va yashirin turi bu Freyming nazariyasi (Framing theory) hisoblanadi. Sotsiolog Erving Goffman tomonidan asos solingan bu nazariyaga ko‘ra, xabarning auditoriyaga ta’siri faktning o‘ziga emas, balki uning qaysi “ramkaga(kontekstga) solib taqdim etilishiga bog‘liq. Manipulyatorlar ko‘pincha “Cherry-picking(faktlarni saralab olish) usulidan foydalanadi: voqeaning umumiy manzarasidan faqat muddaoga xizmat qiladigan bir parcha yulib olinadi.

O‘zbek blogosferasida ham xuddi shunday holatlarga juda ko‘p duch kelamiz. Masalan: “Er nimaga kerak” degan gap mashhur bo‘lgandi. Aslida u ham kontekstdan yulingani sabab umuman boshqa ma’noga o‘zgarib ketgan edi. Gapning asl ma’nosi esa “Biz tosh davrida emasmiz! Ov qilib, ovqat keltiradigan erkaklar endi kerakmas. Hozirgi kunda ayollarning ham daromadi ayrim erkaklarnikidan ko‘proq va bu vazifani bajarishda ularga er kerakmas” degan edi. Ko‘rdingizmi, kontekstdan yulib axborot tarqatishsa ham ularning “o‘ljasi” bo‘lib qolishingiz mumkin.

1990-yilda Ko‘rfaz urushi paytida yuz bergan “Nayira guvohligi (Nayirah testimony) voqeasi bunga yorqin misoldir. 15 yoshli qiz AQSh Kongressi oldida ko‘z yosh to‘kib, Iroq askarlari Kuvayt kasalxonalarida chaqaloqlarni inkubatordan uloqtirganini aytib beradi. Bu xabar butun dunyo OAVlarida portlab, AQShning Iroqqa qarshi urushga kirishini oqlash uchun kuchli emotsional zamin yaratdi. Urushdan keyingina, bu “guvohlik yirik PR agentligi (Hill & Knowlton) tomonidan uyushtirilgan freyming ekanligi, Nayira esa Kuvayt elchisining qizi bo‘lib, o‘sha paytda kasalxonada umuman bo‘lmagani ma’lum bo‘ldi. Dushman qiyofasini yaratish uchun sun’iy ramka (chaqaloqlar o‘limi) muvaffaqiyatli ishlatilgan edi. Xuddi shunday, birgina axborot bilan shunaqa hiyla-nayranglar qilsa bo‘ladi

Kun tartibini belgilash va manfaatlar to‘qnashuvi

Axborot urushida manipulyatorlar yana bir kuchli vosita — “Kun tartibini belgilash nazariyasi (Agenda-setting theory) asosida harakat qiladi. Ushbu nazariya mualliflari M. Makkobs va D.Shoularning ta’kidlashicha: OAV odamlarga qanday o‘ylashni uqtira olmaydi, lekin nima haqida o‘ylashlari kerakligini belgilab beradi. Ya’ni, media muharrirlari Gatekeeping (Darvozabonlik) vazifasini o‘tab, qaysi xabar yoritilishi va qaysi biri yashirilishini nazorat qiladi. Bu axborot oqimi ortida doimo aniq guruhlarning manfaatlari to‘qnashadi:

1. Tijoriy guruhlar (Trafik ovchilari): Ular uchun jurnalistika mezonlari begona. Maqsad — vizual jozibador, qisman provokatsion kontent va "Clickbait orqali massani yig‘ish, reklama sotish va monetizatsiya. Ular har qanday arzimagan maishiy janjalni milliy fojia darajasiga olib chiqadilar.

2. Siyosiy va iqtisodiy guruhlar: Bu ishtirokchilar axborotdan jamoatchilik fikrini bo‘lib tashlash (polarizatsiya) yoki yirik korrupsion jinoyatlar va iqtisodiy inqirozlarni xas-cho‘p bilan yopish uchun chalg‘ituvchi vosita sifatida foydalanadi. Ularning materiallari sirtda neytral (xolis) bo‘lib ko‘rinsa-da, hech qachon obyektiv bo‘lmaydi. Neytrallik shunchaki his-tuyg‘usiz matn yozishdir, obyektivlik esa qat’iy dalillar, data-tahlil (ma’lumotlar bilan ishlash) va barcha tomonlarning pozitsiyasini ochiqlashni talab qiladi.

Xulosa qilib aytganda, bizni qanday “lox qilishadi?” degan savolning yagona davosi obyektiv tahlil va tanqidiy tafakkurdir. Bugungi axborot bozorida iste’molchi yoki axborot tarqatuvchisi o‘zlashtirishi kerak bo‘lgan eng asosiy qoida — his-tuyg‘ularni qo‘zg‘atuvchi har qanday matnni o‘qiganda darhol Bu axborotning tarqalishi orqali kim moddiy yoki siyosiy manfaat ko‘ryapti?" degan savolni qo‘ya bilishdir. Qayerdaki faktlar o‘rnini hissiyotlar egallasa, o‘sha yerda manipulyatsiya boshlangan bo‘ladi.

Теги :
Jamiyat