$
 11886.72
-55.49
 13717.27
-25.83
 146.37
-1.05
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekiston turizmdan eng ko‘p daromad olayotgan davlat bo‘ldi

turizm

Butunjahon Sayohat va Turizm Kengashi (WTTC) ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston turizm sohasida muhim natijaga erishdi. Mamlakat sayyohlar eng ko‘p tashrif buyurayotgan yo‘nalishlardan biriga aylanish bilan birga, turizmdan olingan daromad bo‘yicha ham Markaziy Osiyoda yetakchilik qilmoqda.

Markaziy Osiyo turizm o‘sishi bo‘yicha dunyoda yetakchi bo‘ldi

WTTC ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda turizmning Markaziy Osiyo yalpi ichki mahsulotiga qo‘shgan hissasi 20,1 milliard dollarga yetib, mintaqa YAIMining 4,3 foizini tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich pandemiyadan oldingi 2019-yilga nisbatan 27,1 foizga oshgan. 2026-yilda esa turizmning iqtisodiyotga qo‘shgan hissasi 21,7 milliard dollarga, YAIMdagi ulushi 4,7 foizga yetishi prognoz qilinmoqda.

Eng e’tiborli jihati, 2025-yilda Markaziy Osiyoda turizmning iqtisodiyotdagi o‘sishi 17,7 foizni tashkil etib, dunyodagi eng yuqori natija bo‘ldi. Taqqoslash uchun, Shimoliy-Sharqiy Osiyoda bu ko‘rsatkich 8,7 foiz, Janubi-Sharqiy Osiyoda esa 7,6 foiz bo‘lgan. Xorijiy sayyohlar xarajatlari 26,4 foizga oshdi, turizm sohasida band bo‘lganlar soni 9,5 foizga ko‘payib, 1,7 million kishiga yetdi. Turizm infratuzilmasiga yo‘naltirilgan investitsiyalar esa 12,4 foizga oshib, Markaziy Osiyoni bu yo‘nalishda dunyoning eng faol hududlaridan biriga aylantirdi.

O‘zbekiston turizm orqali qo‘shnilaridan ko‘ra ko‘proq daromad oldi

2024-yilda Qozog‘istonga 10,4 milliondan ortiq xorijlik sayyoh tashrif buyurgan bo‘lsa, O‘zbekistonga qariyb 8 million nafar turist kelgan. Shunga qaramay, turizm daromadlari bo‘yicha O‘zbekiston ancha yuqori natija qayd etdi. Mamlakat turizm hisobidan qariyb 3,5 milliard dollar daromad olgan, Qozog‘iston esa 2,6 milliard dollar ishlab topgan. Bu O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlar soni kamroq bo‘lsa ham, ular mamlakatda ko‘proq mablag‘ sarflayotgani va turizm xizmatlari yuqori qiymat yaratayotganini ko‘rsatadi.

Hisobotga ko‘ra, Markaziy Osiyo aholisi xorijga sayohat qilganda ham eng ko‘p O‘zbekistonni tanlagan. Mintaqadagi barcha chiqish turizmining 25 foizi aynan O‘zbekistonga to‘g‘ri kelgan. Bu natijada Samarqand, Buxoro, Xiva kabi tarixiy shaharlar, rivojlanayotgan infratuzilma, yangi mehmonxonalar va qulay sayohat sharoitlari muhim rol o‘ynagan.

Mintaqaga kelayotgan sayyohlarning asosiy qismi qo‘shni davlatlardan

2025-yilda Markaziy Osiyoga tashrif buyurgan xorijiy sayyohlarning asosiy qismini qo‘shni davlatlar fuqarolari tashkil etdi. Eng katta ulush Qozog‘istonga to‘g‘ri kelib, u 29 foizni egalladi. O‘zbekiston 22 foiz bilan ikkinchi, Rossiya 20 foiz, Qirg‘iziston 19 foiz va Xitoy 2 foiz ulushga ega bo‘ldi. Qolgan davlatlar hissasi 8 foizni tashkil etdi.

Hisobotda mintaqadagi sayyohlik xarajatlarining 64,3 foizi yoki 9,9 milliard dollari xorijlik sayyohlar hissasiga to‘g‘ri kelgani qayd etilgan. Ichki turizm xarajatlari esa 5,5 milliard dollarni tashkil etgan. Sayyohlarning aksariyati dam olish va hordiq chiqarish uchun sayohat qilgani, mutaxassislar esa ekologik, tog‘, madaniy va sarguzasht turizmini rivojlantirish mintaqaga yanada ko‘proq daromad olib kelishini ta’kidlamoqda.

Теги :
Jamiyat