$
 11886.72
-55.49
 13717.27
-25.83
 146.37
-1.05
weather
+26
Кечаси   +14°

Biometrik ma’lumotlar endi faqat O‘zbekistondagi serverlarda saqlanadi

server

Markaziy bank mijozlarni identifikatsiya qilish jarayonida foydalaniladigan biometrik ma’lumotlarni saqlash tartibiga o‘zgartirish kiritdi. Regulyator matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, yangi talabga muvofiq ayrim moliyaviy tashkilotlar bunday ma’lumotlarni faqat O‘zbekiston hududidagi serverlarda saqlashi shart bo‘ladi.

Yangi tartib rasman kuchga kirdi

Markaziy bankning mazkur qarori 1-avgust kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Hujjat rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kirgan.

Yangi talablar to‘lov tizimi operatorlari, to‘lov xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar, faktoring elektron platformalari hamda kredit byurolari faoliyatiga tatbiq etiladi.

Qaysi ma’lumotlarni xorijda saqlash mumkin?

Yangilangan tartibga ko‘ra, jismoniy shaxslarni identifikatsiya va autentifikatsiya qilishda foydalaniladigan biometrik ma’lumotlar faqat O‘zbekiston hududida joylashgan serverlarda saqlanishi lozim.

Shu bilan birga, biometrik hisoblanmaydigan boshqa shaxsga doir ma’lumotlarni amaldagi qonunchilik talablariga rioya qilgan holda mamlakat tashqarisida saqlash va qayta ishlashga ruxsat beriladi.

Maqsad nima?

Markaziy bank qayd etishicha, yangi tartib moliya bozorida biometrik ma’lumotlarni saqlash bo‘yicha yagona huquqiy yondashuvni shakllantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, u fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini yanada ishonchli himoya qilish, axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik darajasini kuchaytirishga qaratilgan.

Теги :
Jamiyat